Xmeymim hujumga uchradi. Ruslarning 7 samolyoti yo'q qilindi

706

31 dekabr kuni jangarilar Suriyaning Xmeymim aviabazasiga hujum uyushtirib, rossiyaliklarning samolyotlarini yo'q qilgan. Bu haqda «Kommersant`» nashri harbiy-diplomatik manbasiga asoslangan holda xabar tarqatmoqda.

Manbaning so'zlariga ko'ra, minomyot zarbalari berilishi oqibatida 4ta Su-24 bombardimonchisi, 2ta ko'p maqsadli Su-35S qiruvchisi va 1ta An-72 rusumli harbiy-transport samolyoti yo'q qilingan. Shuningdek, jangarilar o'q-dorilar omborini yo'q qilishgan.

Hujum oqibatida 10dan ortiq harbiy xizmatchilar jarohatlangani aytilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha hodisa yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

Terrorchilar faoliyatini yoritib boradigan Directorate 4 telegram-kanali esa 31 dekabrdan 3 yanvarga qadar bo'lgan muddatda hech bir jangarilar guruhi bu hujum uchun mas`uliyatni zimmasiga olmaganini bildirmoqda. Kanal mualliflari Rossiya Mudofaa vazirligi shu vaqtga qadar Xmeymim bazasidagi hodisa haqida lom-mim demaganiga e`tibor qaratmoqda. Shuningdek, dekabr oyi oxirida jangarilar yo'llagan raketa to'xtatib qolingani eslatib o'tilmoqda.

3 yanvar kuni Mudofaa vazirligi 31 dekabr kuni Xmeymim yaqinida Mi-24 harbiy vertolyoti halokatga uchragani va ikki uchuvchi halok bo'lgani haqida ma`lum qilgandi. Vazirlik bu hodisa texnik nosozlik tufayli ro'y berganini bildirgandi. Suriyadagi jangarilar esa bu vertolyot urib tushirilganini aytishgan.

«Hujum haqida sun`iy yo'ldoshdan olingan tasvirlar orqali aniq tasavvurga ega bo'lish mumkin bo'ladi», — deyiladi Directorate 4 xabarida.

Boshqa xabarlar