Jinoyat haqida xabar bergan fuqarolarga pul to'lanadi

410

Vazirlar Mahkamasining qarori 2018 yil 8 yanvardagi 15-son qarori bilan Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag'batlantirish tartibi to'g'risidagi nizom qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi «Huquqiy axborot» kanalida xabar berilgan.

Fuqarolarni pul mablag'lari bilan rag'batlantirish huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalari tomonidan quyidagi to'lovlarni to'lash yo'li bilan amalga oshiriladi:

tuman (shahar) idoralararo komissiyalari — eng kam oylik ish haqining o'n baravarigacha;

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo komissiyalari — eng kam oylik ish haqining o'n besh baravarigacha;

Respublika idoralararo komissiyasi — eng kam oylik ish haqining yigirma baravarigachamiqdorda.

Fuqarolar har bir tasdiqlangan xabar uchun yuqorida belgilangan rag'batlantirish miqdorining:

ma`muriy huquqbuzarliklar va ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan jinoyatlar uchun — 50 foizigacha;

uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlar uchun –75 foizigacha;

og'ir jinoyatlar uchun — 100 foizigacha;

o'ta og'ir jinoyatlar uchun — 150 foizigacha pul mablag'lari bilan rag'batlantiriladi.

Rag'batlantirish tashakkurnoma va boshqa esdalik sovg'alarini berish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Hujjat matni bilan www.lex.uz orqali tanishish mumkin.

Boshqa xabarlar