Hayotiy saboqlar

1,260
45779081 - young man is looking at the sunrise.

Davr o'zgarishi odamlarning dunyoqarash va hayot tarziga o'z ta`sirini o'tkazmay qolmaydi. Milliy va umuminsoniy ­qadriyatlar qaror topgan xonadonlarda tarbiya topgan kishilargina o'zligini unutib qo'ymaydi.

* * *

Barcha ishlarda va hamma joyda o'zi uchun manfaat izlaydigan odamning yaxshiligi «kosa tagi nima kosa» naqlini eslatadi. Undaylar sigirga bir bog' xashak tashlab, bir paqir sut sog'ib olmaguncha bir qadam nari siljimaydi.

* * *

Laychaning akillashini, ko'pda mushohada qilmay, uy egasiga sadoqat belgisi, deya xulosa chiqarib qo'ya qolamiz. Aslida, chindan ham shunday bo'lishi kerak. Lekin chuqurroq o'ylab ko'rilsa-chi? Balki u o'zidan cho'chib, uy egasini yordamga chaqirayotgandir?..

* * *

Nevara so'radi:
— Dada, qarg'alar maktabga borganda, nuqul «besh» bahoga o'qirdi-a?
— Nega unaqa deyapsan?
— Kecha televizorda do'xtir opa aytdilarki, yong'oq yeb turgan odamlarning xotirasi kuchli bo'ladi, o'qigan va ko'rganlarini eslab qoladi. Qarg'a esa yong'oqxo'r, shunday emasmi?..

* * *

Haftalikda o'qib qoldim: inson tug'ilgani hamon qarimoqqa boshlaydi, degan fikrni ilgari suribdi katta unvonlar egasi bo'lgan olim. Bo'lmagan gap. Mantiqan o'ylab, mushohada qilib ko'raylik-a. Cho'qqiga chiqmay turib, qanaqasiga cho'qqidan tushish mumkin?
Shu o'rinda bir mulohaza: cho'qqiga har kim turlicha vaziyatda ko'tariladi. Lekin cho'qqidan o'zi tushgan odamgina hech kimga tobe bo'lmaydi.

* * *

Bir chekkada mung'ayib o'tirgan bolakaydan so'rashdi:
— Nega xomushsan?
— Anovi o'rtoqlarimning o'zlarida yo'q sevinib, behuda narsalarga qimmatli vaqtlarini sovurishayotganidan.
— Axir yoshlik o'yin-kulgi uchun berilgan-da!
— Unda qarilik-chi? Bosh changallab, pushaymon bo'lib o'tirish uchunmi?..

* * *

Santimetr, metr, kilometr… Lekin aksariyat o'z qarichi bilan o'lchab ko'rishni ma`qul biladi.
Gramm, kilogramm, tonna… Lekin har kim o'z imkoniyatidan kelib chiqib, salmoqlab ko'rish payidan bo'ladi.
Hamma bir-birini eshitadi. Lekin o'zi aytgan gap ayni haqiqat bo'lib tuyulaveradi.

* * *

Yillarning hamma tuzatishi ham xush yoqavermaydi. Og'riq uyg'otishi, azobga qo'yishi mumkin ba`zida. Lekin, nachora, qanday bo'lsa, shunday qabul qilishga majburmiz. Har holda, bu oxirgisi emasligi ko'ngilga taskin beradi, umid uyg'otadi kishida…

* * *

Ming yelib-yugurganing bilan bitmaydigan yumushlar ham ko'p. Bittasi ro'zg'ormi? Goh guruch, mosh… sila tortib, goh yog'ning tagi ko'rinib qolgan bo'ladi. Bozor orala, do'konga chop… Lof bo'lmasa, umrimizning uchdan bir qismi shu ishlar bilan o'tib ketadi. Shunisiga ham shukr. Bularsiz qolgan ikki qismi ham yurakka sig'masmidi…

* * *

Qo'lini qayoqqa uzatsa yetadi. Lekin odamlar bunga e`tibor qilmay qo'yganiga ancha bo'lgan. Chunki u o'zi uchungina qo'l uzatadi.

* * *

Ozoda uy, ozoda ko'cha, ozoda mahalla — bu maskanda sarishta, pok insonlar yashaydi…
Darak gapmi, undov gapmi, so'roq gapmi? Darak gap bo'lsa, nur ustiga a`lo nur. Undov gap bo'lsa ham chidash mumkin — jilla qursa o'ntadan bitta odamga ta`sir qilsa ne ajab! So'roq gap bo'lsa… Unda, biron-bir chora ko'rishga to'g'ri keladi.

* * *

Bu dunyoda qolib ketadigan narsasi bor odamlarning yashashga ishtiyoqi kuchli bo'ladi. Shuning uchun sevib, qizg'anib, rashk olovida kuyib-yonib umrguzaronlik qilishga odatlanaylik. Yo'qotib qo'yishdan qo'rqqan kishi bu dunyoni tark etishni o'ylarmidi?..

* * *

Birovlarning pinjiga kirib kun ko'rishga o'rgangan odamlarga sira oson tutib bo'lmaydi. Chunki istagan paytda mansab va boylik egalarining o'zlari ham bosh changallab qolishlari mumkin. Qo'ltiqdan tushgan tarvuz dasturxondan emas, oxurdan joy olishini esa yosh bola ham biladi.

* * *

Yaqindagina bosar-tusarini bilmagan odamni popugi pasaygan holda ko'rish juda g'alati tuyularkan. Biram yumshoq, biram muloyim… Qo'li kalta kishining qo'li faqat boshini qashishgagina yetadi, deganlari shu bo'lsa kerak-da…

* * *

To'y va marosimlardagi dabdaba-yu as`asa borgan sayin teng­lashib boryapti. Keyin esa… o'rtadagi tafovut avvalgidan-da chuqurlashayotgani ham, afsuski, bor gap… Yo'g'on cho'ziladi, ingichka uziladi, deganlari shu bo'lsa kerak-da…

* * *

Eshakning kuchi halol-u, go'shti harom. Lekin harom-xarishning farqiga bormay, paqqos tushiradiganlar ham borligini unutmaylik. Qolaversa, faqat zarurat bo'lganda yo'qlab, boshqa paytda «itmisan, eshakmisan» demaydiganlarning o'zi kim-u, hurmat-ehtiromi nima bo'lardi? Yaxshisi, ulardan nariroq yurgan ma`qul.

Muhammad Zayniddin

Boshqa xabarlar