O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag'ishlangan yig'ilishdagi nutqi

248

Hurmatli yig'ilish ishtirokchilari!

Barchangizga yaxshi ma`lum, mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda hayotning o'zi barcha sohalar kabi tashqi siyosat yo'nalishidagi faoliyatimizni ham tanqidiy qayta ko'rib chiqishni, Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalarimiz, butun diplomatik korpusimiz ishini yangicha tashkil qilishni talab etmoqda.

Sizlarning ko'pchiligingiz O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi bilan videokonferensiya orqali  bevosita tanishdingiz. Ayrim elchilarning hisobotlarini butun mamlakatimiz eshitdi.

Murojaatnomada O'zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyatini kuchaytirish va samarasini oshirish g'oyat muhim vazifa qilib qo'yilganidan barchangiz xabardorsiz.

Davlatimiz va xalqimiz nomidan xorijiy mamlakatlarda ish olib borayotgan vakillarimiz, ya`ni, sizlar bilan yuzma-yuz uchrashib, har biringiz bilan atroflicha gaplashib olishni anchadan buyon rejalashtirib kelayotgan edim.

Bunday uchrashuv birinchi marta o'tkazilmoqda va juda muhim ahamiyatga ega.

Yig'ilishimiz yil boshida tashkil etilayotgani sizlarning faoliyatingizga har tomonlama xolis baho berish va kelgusidagi rejalarni belgilab olish imkonini beradi.

Davlatimizning tashqi siyosati haqida so'z yuritar ekanmiz, 2017 yil bu borada ko'p jihatdan muvaffaqiyatli bo'lganini mamnuniyat bilan qayd etish o'rinlidir.

Biz xorijiy sheriklarimiz, avvalo, yaqin qo'shnilarimiz bilan do'stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash bo'yicha aniq natijalarga erishdik.

Ko'p yillardan buyon yechilmay kelayotgan masalalarni birgalikda amalda hal qilishni boshladik. Bo'lib o'tgan ko'plab oliy darajadagi tashrif va uchrashuvlar barcha murakkab masalalarni hal etish uchun ochiq va amaliy muloqot, o'zaro manfaatlarni hisobga olish va oqilona murosa yo'lini izlash muhimligini ko'rsatdi.

2017 yilda biz qo'shnilarimiz bilan suv resurslaridan birgalikda foydalanish, chegaralarni belgilash, o'tish punktlarini ochish, transport qatnovini qayta tiklash va kengaytirish kabi ko'plab nozik masalalarning yechimini topdik.

Qo'shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash bo'yicha yuqori ko'rsatkichlarga erishildi. Ilk bor mintaqalararo va chegaraoldi hududlar o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yildi, barcha darajalarda o'zaro aloqalarimiz faollashdi.

Yaqinda Qozog'iston bilan muntazam avtobus qatnovi yo'lga qo'yildi. Kecha uzoq yillardan buyon birinchi marotaba O'zbekiston Bosh vazirining Tojikistonga tashrifi bo'lib o'tdi.

Rossiya va Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligining boshqa mamlakatlari, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, shuningdek, Yevropa va Osiyo qit`alaridagi bir qator davlatlar bilan hamkorligimizni sezilarli darajada mustahkamladik.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar va moliyaviy institutlar bilan sherikligimiz sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarildi.

Toshkent shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining vakolatxonasi qayta ish boshladi.

Biz Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktura investisiyalari banki bilan hamkorlikni yangicha asosda yo'lga qo'ydik.

O'tgan yili xorijiy sheriklarimiz bilan 200 dan ortiq xalqaro shartnomalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investisiya sohalarida qiymati qariyb 60 milliard dollarlik kelishuv va bitimlar imzolandi.

Chet el mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha 40 dan ortiq “yo'l xaritalari” tasdiqlandi.

Ko'rib turganingizdek, qisqa vaqt ichida juda ko'p ishlar qilindi. Bunda Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi qator elchixonalarimizning ham munosib hissasi bor.

 

 

 

Hurmatli yig'ilish ishtirokchilari!

2018 yilda oldimizda yanada ko'lamli, o'ta muhim yangi vazifalar turibdi. Bu yil, hech shubhasiz, mamlakatimiz rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega yil bo'ladi.

Shu munosabat bilan o'tgan yili oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlar to'liq amalga oshirilishi shart ekanini alohida ta`kidlamoqchiman.

Bundan tashqari, joriy yilda 20 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar va uchrashuvlarni, mamlakatimizda bir qator yirik xalqaro anjumanlarni o'tkazish rejalashtirilgan. Bu ishlarning barchasi o'z-o'zidan bo'lmaydi, albatta. Islohotlar va o'zgarishlar jarayonida sizlar ham faol ishtirok etishingiz zarur.

Boshqacha qilib aytganda, har biringiz faoliyatingizni tanqidiy qayta ko'rib chiqib, uni kuchaytirishingiz shart.

Orangizda kimdir ana shu o'ta muhim jarayonlarni chetdan tomoshabin bo'lib kuzatib turishiga va loqaydlikka berilishiga biz yo'l qo'ymaymiz.

Ming afsuski, bugungi kunda barcha elchi
va diplomatlarimiz birdek samarali faoliyat ko'rsatmoqda, deb aytolmaymiz.

Qayd etish kerakki, o'z faoliyatini tubdan o'zgartirib, yangicha ruhda ishlayotgan elchilarimiz ham yo'q emas. Ular aniq amaliy natijalarga erishmoqda.

Ammo faoliyati bizni qoniqtirmaydigan, o'z lavozimida uzoq o'tirib qolgan, “mudrab yotgan” diplomatlar ko'pchilikni tashkil etadi. Ularni uyqudan uyg'otishning o'zi amrimahol. Bu meni qattiq tashvishga solmoqda.

Faqat 2017 yilning o'zida tashabbusi va natijadorligi yo'qligi, sustkashligi hamda yo'l qo'ygan xatolari uchun 10 nafar elchi, jumladan, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Malayziya va boshqa davlatlardagi elchilar vazifasidan ozod etildi.

Bugungi majlisimiz natijalari bo'yicha ham o'zgarishlar bo'ladi.

Alohida ta`kidlash lozimki, elchi Prezidentning xorijdagi rasmiy vakilidir. U davlatimizning tashqi siyosatini samarali amalga oshirish uchun to'liq mas`ul va javobgar.

Shuning uchun elchi barcha xodimlaridan ko'proq ishlashi, o'zining aql-zakovati, tashabbuskorligi va talabchanligi, bilim va salohiyati bilan  boshqalarga namuna bo'lishi lozim. U har kuni chuqur asoslangan yangi-yangi takliflar ishlab chiqib, taqdim etishi shart.

O'zi ishlayotgan mamlakat hududlariga bevosita borib, ularning bozor siyosatini chuqur o'rganishi, biznesmenlar bilan uchrashib, o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini tashkil etishi darkor.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining vakili sifatida chet davlatlarda va elchixona xodimlari orasida obro'-e`tibor va hurmatga sazovor bo'lishi kerak. Barcha diplomatlar, o'zining idoraviy mansubligidan qat`i nazar, elchining xizmat topshiriqlarini so'zsiz bajarishga majbur.

Elchining xalq, Vatan oldidagi burchi va vazifasi, uning kasb malakasi, ma`naviy dunyosi haqida gapirganda, avvalo, bugungi o'zbek diplomati, elchisi qanday xususiyat va fazilatlarga ega bo'lishi kerak, degan savol tug'iladi.

 

Buning uchun avvalo “elchi” degan so'zning ma`nosiga e`tibor qaratish o'rinli bo'ladi. Bu so'z elning, xalqning vakili, mamlakatlarni bir-biriga bog'laydigan inson, degan ma`noni anglatishi o'z-o'zidan ko'rinib turibdi.

Ma`lumki, bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Binobarin, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi.

Bu haqiqat nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng e`tirof etilgan.

Bizning ajdodlarimiz orasidan mashhur va mohir diplomatlar, elchilar yetishib chiqqani haqida ko'plab tarixiy ma`lumotlar mavjud.

Dunyodagi diplomatiyaga oid eng zo'r kitoblar ham aslida Sharqda, jumladan, bizning zaminimizda yaratilgan desak, adashmagan bo'lamiz.

Shu o'rinda bir misolga e`tiboringizni qaratmoqchiman. Samarqand shahridagi qadimiy Afrosiyob davlati joylashgan makondan topilgan noyob devoriy rasmlarni hammangiz yaxshi bilasiz. Ana shu rasmlarda Samarqand hukmdorining Xitoy, Koreya, Hind, Chag'aniyon kabi davlatlardan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi aks ettirilgan.

Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borganimda muhtaram Prezident Mun Chje In janoblari Seuldagi muzeyda shu rasmning nusxasini menga katta iftixor bilan ko'rsatdi.

 

Bundan necha ming yil avval yaratilgan bu surat qadim zamonlardayoq yurtimiz zaminida diplomatik an`analar shakllanganidan, ota-bobolarimiz uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do'st va hamkor bo'lib yashashga intilib kelganidan dalolat beradi.

Yoki Amir Temur bobomiz va temuriylar saltanatini oladigan bo'lsak, ushbu sulola hukmronlik qilgan yillarda o'lkamizda diplomatik munosabatlar naqadar yuksak darajaga ko'tarilganiga guvoh bo'lamiz.

Sohibqiron bobomizning Fransiya, Angliya, Ispaniya, Vizantiya, Misr, Xitoy, Hindiston, Usmoniylar imperiyasi kabi ko'plab davlatlarning hukmdorlari bilan olib borgan diplomatik aloqalari va yozishmalari buni yaqqol tasdiqlaydi.

Amir Temur saroyiga dunyoning turli mamlakatlaridan, jumladan, Yevropa davlatlaridan o'nlab elchilar kelgani tarixdan yaxshi ma`lum.

O'sha davr manbalarida 1389-1398 yillar oralig'ida, ya`ni, salkam o'n yil ichida Amir Temur nomidan Xitoyga 9 marta elchilar borgani qayd etiladi.

Ayni vaqtda Amir Temur va temuriylar saltanati nomidan Yevropa va Osiyo mamlakatlariga vakil bo'lib borgan, asli shahrisabzlik Muhammad Keshiy, shuningdek, Mavlono Hofiz, G'iyosiddin Naqqosh, Abdurazzoq Samarqandiy kabi elchilarning nomlari tarix sahifalarida saqlanib qolgan. Ularning hayoti va faoliyati, afsuski, hozirgacha chuqur o'rganilmagan va o'z tadqiqotchilarini kutib turibdi.

 

Tashqi ishlar vazirligi bunga e`tibor qaratib, ushbu masalaning tarixiy ildizlari, mustaqillik davrida o'zbek diplomatiyasining shakllanish jarayonlari haqida alohida bir kitob tayyorlab chiqarsa, bu soha xodimlari, avvalo, yosh  diplomatlar uchun muhim qo'llanma bo'lardi.

Bu vazirlikka qancha odam rahbarlik qildi. Lekin ulardan birontasi ham bunga ahamiyat bermagani ularning faqat vaqtinchalik kayfiyat bilan ishlaganidan dalolat beradi.

Vaholanki, diplomatiya, diplomatlik – oddiy kasb emas, balki insondan juda ko'p fazilatlarni talab etadigan noyob san`atdir.

Haqiqiy diplomat bo'lish uchun faqat bilim va tajriba, chet tillarni bilish yetarli emas, buning uchun avvalo tug'ma talant kerak. Eng muhimi, diplomat haqiqiy vatanparvar bo'lishi, o'z xalqi, o'z yurtining chinakam fidoyisi bo'lishi zarur.

Shu ma`noda XVII asrda yashab o'tgan ulug' vatandoshimiz Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” ya`ni, “Mamlakat dasturi” degan kitobida elchilik san`ati haqida shunday fikrlar bayon etilgan:

“Elchi ikki masalada nihoyatda hushyor bo'lishi zarur. U o'z davlatiga sadoqatini namoyon etish uchun mamlakatning obro'si va sha`nini, shon-shuhratini, saltanatning ulug'vorligini har jihatdan ehtiyot qilishi lozim.

Shuning bilan birga, u chet mamlakatlar bilan bo'ladigan munosabatlarda u yerdagi do'stlarning xayrixohligi va g'animlarning makr-hiylasidan doimo ogoh va hushyor bo'lib turishi darkor”.

 

Bu dono gaplarga hech qanday qo'shimcha qilishning zarurati yo'q, deb o'ylayman.

Lekin, o'zingiz ayting, elchi degan odam o'zbek xalqining boy tarixini, madaniyatini, milliy qadriyatlarini, vatandoshlarining dardu tashvishlarini yaqindan bilmasa,  ularni yuragidan o'tkazmasa, qanday qilib O'zbekistonni dunyoga tanitishi mumkin? Deylik, Alisher Navoiydan, Boburdan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovdan ikki qator she`r ayta olmasa, eng yomoni, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi bo'lishi mumkin?

Men shu ma`noda Janubiy Koreyadagi elchimiz Vitaliy Vasilevich Fenga alohida rahmat aytishni o'zimning burchim, deb bilaman.

Bu odam shuncha yildan buyon elchilik lavozimida samarali ishlayotgani, Janubiy Koreya bilan iqtisodiy, investisiyaviy aloqalarni jadal rivojlantirayotgani albatta e`tiborga loyiq, lekin uning xalqimizga juda katta hurmat bildirib, o'zbek tilida ravon gapirishi barcha elchilarimizga o'rnak bo'lishi kerak.

O'zingiz ayting, O'zbekistonning chet eldagi elchisi bo'lsa-yu, o'zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz bu borada hali juda ko'p ish qilishimiz lozim. Birinchi navbatda milliy diplomatiyamizni buyuk ajdodlarimizning bizga qoldirgan boy merosiga asoslangan holda, dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasi, diplomatiya fani va san`atining eng ilg'or yutuqlari bilan boyitishimiz zarur.

Ayni paytda bugun zamon oldimizga qanday keskin talablar qo'yayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik, turli manfaatlar to'qnashuvi, geopolitik ziddiyatlar tobora kuchayib bormoqda.

Bunday g'oyat murakkab va tahlikali sharoitda biz kuchli tashqi siyosat olib bormasdan turib, ko'zlagan maqsadlarimizga erisholmaymiz.

Kuchli, samarali tashqi siyosat olib borish uchun esa avvalo kuchli diplomatlar korpusiga ega bo'lishimiz kerak.

Biz xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatishda muhim bir masalaga e`tibor qaratishimiz kerak. Ming afsuski, ushbu masalaga biz ko'pincha ikkinchi darajali ish, deb qarashga o'rganib qolganmiz.

Misol uchun, agar Italiyadagi elchimiz shu mamlakat ishbilarmonlarining vakillarini yig'ib, buyuk italyan shoiri va mutafakkiri Aligeri Dantening “Ilohiy komediya” asarini bizning ulug' shoirimiz Abdulla Oripov tarjima qilganini aytib, o'zbekcha dantexonlik uyushtirsa, bilasizlarmi, nima bo'ladi? Ularda O'zbekistonga hurmat, qiziqish, hamkorlik qilishga intilish paydo bo'ladimi-yo'qmi? Men, o'ylaymanki, albatta paydo bo'ladi.

Men Abdulla akaning bir kitobida shunday gaplarni o'qiganman. U kishi Italiyaga borganida “O'zbekistondan Dantening tarjimoni kelibdi”, deb turli partiyalarning vakillari bir joyga to'planib, shoirimiz bilan suhbatlashgan ekan.

O'shanda bir siyosatchi Abdulla akaga:

“Hurmatli mehmon, biz aslida bir-birimizga ashaddiy raqibmiz. Partiyalarimiz, mafkuralarimiz har xil. Bir-birimiz bilan doim keskin raqobatdamiz. Lekin mana bugun buyuk Dantening hurmati, Sizning sharofatingiz bilan bir dasturxon atrofida ahil-inoq to'planib turibmiz. Sizga katta rahmat”, degan ekan.

Mana, odamning yuragiga qanday yo'l topish mumkin! Inson qalbini, xalq qalbini avvalo uning madaniyati, adabiyoti va san`atiga, milliy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ko'rsatish orqali zabt etish mumkin.

 

Muhtaram do'stlar!

Mamlakatimizda faol tadbirkorlik, innovasion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili, deb e`lon qilingan 2018 yilda biz o'z oldimizga nihoyatda katta maqsadlarni qo'ydik. Bu o'z navbatida sizlardan barcha yo'nalishlar bo'yicha ish samaradorligini tubdan oshirishni talab etmoqda. Shundan kelib chiqib, bizning diplomatik muassasalarimiz faoliyati avvalo quyidagi eng muhim vazifalarni hal etishga qaratilishi lozimligini alohida ta`kidlamoqchiman.

Birinchidan, eksport, eksport va yana bir bor eksport!

Gap O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijiy davlatlar bozorlariga eksport qilishga har jihatdan amaliy ko'maklashish haqida bormoqda. Bugungi kunda dunyodagi ko'plab davlatlar, xususan, rivojlangan mamlakatlarning tashqi siyosat faoliyatida aynan shu masalaga eng ustuvor ahamiyat berilishini sizlar yaxshi bilasizlar.

Ikkinchidan, mamlakatimiz sanoati va infratuzilmalarini modernizasiya qilish va rivojlantirish uchun xorijiy investisiyalar, ilg'or zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish zarur.

 

Mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi ko'p jihatdan faol investisiya siyosatiga bog'liq. Shu asosda davlatimizning raqobatbardoshligi va eng asosiysi, aholi farovonligi tubdan oshishi, yangi korxona va tarmoqlar, yangi ish o'rinlari yaratilishini, o'ylaymanki, tushuntirib o'tirishning hojati yo'q.

Uchinchidan, O'zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimini kengaytirish bo'yicha elchixonalarimiz ham faol va tizimli ish olib borishi lozim. Men bu haqda ilgari ham bir necha bor aytganman.

Bu borada Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) zarur turistik infratuzilmani yaratish bo'yicha faol ish olib bormoqda.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, xorijiy turistlarni mamlakatimizga jalb etish yuzasidan elchilarimizning Turizmni rivojlantirish bo'yicha davlat  qo'mitasi raisi A.Abduhakimov va Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov bilan birgalikda tizimli ravishda qattiq ishlashi talab qilinadi.

Yana bir muhim masala. Sizlar O'zbekiston ochiq, amaliy va o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini xorijiy mamlakatlarning keng jamoatchiligiga yetkazish bo'yicha muntazam ish olib borishingiz zarur.

Ana shu muhim vazifalarning barchasi sizlarning kundalik faoliyatingizning ustuvor yo'nalishlari bo'lishi darkor.

Biz mamlakatimizga chet el investisiyalarini jalb qilishda elchilarimiz, diplomatlarimizning ishtirokini kuchaytirish haqida so'z yuritdik.

Tarixga murojaat qiladigan bo'lsak, bu masala Amir Temur zamonida ham kun tartibiga dolzarb vazifa sifatida qo'yilganini ko'rishimiz mumkin. Masalan, Sohibqiron bobomizning 1402 yilda Fransiya qiroli Karl VI ga yo'llagan maktubida, jumladan, shunday deyiladi:

“Siz, a`lo hazratlari, o'z savdogarlaringizni bizning mamlakatimizga yuborsangiz. Biz o'z tomonimizdan ularning izzat-hurmatini saqlash, ularga hech kim zo'rlik ko'rsatib, ziyon-zahmat yetkazmasligini ta`minlaymiz. Chunki dunyo savdo ahli bilan obod va farovondir.”

Qarang, bu hikmatli so'zlar bugungi xalqaro munosabatlarda ham o'zining ahamiyati va qimmatini yo'qotmagan. Ular xuddi shu bugun aytilgandek jaranglamoqda.

Bugungi majlisga tayyorgarlik ko'rish jarayonida men vaqtimni ayamasdan, har bir elchixona yuborgan hisobotlarni diqqat bilan o'rganib chiqdim.

Bu hisobotlar juda chiroyli, silliq qilib yozilgan. Ammo amalda vaziyat butunlay boshqacha.

Mana, Tashqi savdo vazirligi, Investisiyalar va Turizmni rivojlantirish bo'yicha davlat qo'mitalarining 2017 yil yakunlari bo'yicha ma`lumotlari qo'limda turibdi. Ularda sizlar faoliyat ko'rsatayotgan mamlakatlarga oid amaldagi eksport
va xorijiy investisiyalar hajmi, yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni aniq aks ettirilgan.

Bu ma`lumotlar sizlarning hisobotingizdagi raqamlardan butunlay farq qiladi. Haqiqiy vaziyat faoliyatingiz bo'yicha real natijalarni yaqqol ko'rsatib turibdi.

Ko'pchilik elchi va diplomatlar bugun amaliy ish o'rniga internetdan olingan, dolzarb bo'lmagan ma`lumotlar, “tahlillar”
va hisobotlar tayyorlash bilan shug'ullanib o'tiribdi.

Bunday nomaqbul ish uslubining turlicha sabab va omillari bor, albatta.

Ayrim elchilar yengil-elpi ish yuritishga, xalqimiz ta`biri bilan aytganda, og'irning – ustidan, yengilning – ostidan yurishga o'rganib qolgan. Ular davrning qat`iy talablarini hisobga olishni, o'zini, ish uslubini o'zgartirishni istamayapti. Biz bunday elchilar bilan xayrlashamiz.

Tashqi ishlar vazirligi tizimida byurokratiya va ortiqcha qog'ozbozlik bilan bog'liq holatlar borligini ham yaxshi bilaman. Bugungi kunda hayotning o'zi ushbu tizimni chuqur qayta ko'rib chiqish va optimallashtirishni talab etmoqda. Bu birinchi navbatda xorijdagi elchixonalarimiz tomonidan hisobot taqdim etish, ularni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta`minlash masalalariga taalluqlidir.

Vazirlik va unga qarashli muassasalarda tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarur.

Sizlarga ma`lumki, biz Tashqi ishlar vazirligi va O'zbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy o'rganish va tubdan takomillashtirish bo'yicha maxsus komissiya tashkil etdik. Ushbu komissiya ishiga Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov rahbarlik qilmoqda.

Komissiya Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi har bir xodimning ishiga xolis baho berishi, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo'yicha aniq takliflar kiritishi lozim.

Bugun sizlar bilan birga vazirlik
va uning diplomatik muassasalarining samarali faoliyat ko'rsatishiga to'sqinlik qilayotgan sabab va omillarni muhokama qilib olishimiz kerak.

Shu borada e`tiboringizni quyidagi masalalarga qaratmoqchiman.

Birinchidan, biz elchixonalar faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etamiz. Bu nafaqat elchixonalarning tashkiliy tuzilmasi, balki sizlarning kundalik amaliy faoliyatingizga ham daxldordir.

Biz har bir elchixonaga mamlakatimizning muayyan hududlari va iqtisodiyot tarmoqlari hamda yirik korxonalarni biriktirib qo'yishga qaror qildik.

Bu o'z navbatida eksport va turizmni rivojlantirish, investisiya, biznes kooperasiyani kuchaytirish bo'yicha aniq loyihalarni amalga oshirish bilan bog'liq masalalarni tezkor hal qilish imkonini beradi.

Shuningdek, viloyat hokimlari bir yilda kamida ikki marta tegishli mamlakatlarga xizmat safariga yuboriladi. Ular shaharsozlik va obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo'jaligi, ta`lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi ilg'or xorijiy tajribani o'rganib, o'z hududlarida keng joriy qilishi lozim.

Bu ishlarning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir A.Aripovga topshiriladi.

Ikkinchidan, elchixonalar va diplomatlarning faoliyati, ularning real ish hajmi va amaliy natijalarini sinchiklab o'rganib, shu asosda har tomonlama puxta o'ylangan takliflar tayyorlash kerak.

 

 

Bizning asosiy iqtisodiy hamkorlarimiz bo'lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya va Yevropaning yetakchi davlatlariga alohida e`tibor qaratish zarur. Ushbu mamlakatlardagi elchixonalarimizning har birida savdo va investisiya bo'yicha diplomat xodimlar shtatini joriy qilish va kengaytirish lozim.

Xorijiy mamlakatlardagi elchilar va diplomatik vakolatxonalarimiz faoliyatini, avvalo, ularning amaliy ish natijalari va kelgusiga mo'ljallangan aniq rejalarini chuqur va atroflicha o'rganish maqsadida Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining sektor mudiri E.G'aniev hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov rahbarligida komissiya tashkil etishga qaror qilindi.

Men ushbu komissiyadan aniq taklif va natijalar kutaman.

Uchinchidan, qo'yilgan vazifalarni samarali bajarish va elchixonalar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparati tuzilmasini qayta ko'rib chiqish va optimallashtirish zarur.

Shu o'rinda qiyoslash uchun bir misolga e`tiboringizni qaratmoqchiman.

Men Bosh vazir lavozimida ishlagan paytimda butun Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarining soni 180 kishidan iborat edi. Ana shu 180 kishi mamlakatimiz iqtisodiyotining og'ir aravasini, har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan, o'z yelkasida tortar edi. Xususan, sanoat, qishloq xo'jaligi, transport, kommunal soha, qurilish, hududlarni rivojlantirish, eksport va investisiyalardan boshlab ta`lim, sog'liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida keng qamrovli ishlar olib borilar edi.

 

Endi quyidagi raqamlarga e`tibor bering: hozirgi kunda Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparatida 334 xodim, uning quyi muassasalarida 900 dan ortiq, elchixonalarimizda esa 300 kishi ishlamoqda. Jami bir yarim ming kishidan ortiq.

Lekin mana shunday yirik vazirlikning ish faoliyati bugungi kunning keskin va o'tkir talablariga javob beryaptimi, degan tabiiy savol tug'iladi.

Afsuski, bu savolga ijobiy javob berish qiyin.

Shu munosabat bilan Davlat maslahatchisi O.Murodov rahbarligidagi komissiya Tashqi ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmasini tubdan qayta ko'rib chiqish bo'yicha aniq takliflar kiritishi zarur.

Jumladan, vazirlik tarkibida quyidagi masalalar bo'yicha ixtisoslashgan alohida tuzilma va boshqarmalar tashkil etilishi lozim:

– tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportni qo'llab-quvvatlash va investisiyalarni jalb qilish;

– savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyalar faoliyatini mas`ul kotibiyat sifatida muvofiqlashtirish;

– turizmni har tomonlama rivojlantirish;

– xorijdagi fuqarolarimiz va vatandoshlarimiz bilan tizimli ishlash.

Shu bilan birga, diplomatik xizmatni huquqiy jihatdan tartibga solishning samarali va adolatli tizimini shakllantirish lozim. Bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi 20 yil avval qabul qilingan hujjatlar asosida faoliyat ko'rsatmoqda.

Bundan tashqari, vazirlikda kadrlarni rotasiya qilishning samarali tizimini yo'lga qo'yish zarur. Ba`zi elchi va diplomatlarimiz xorijda 8-10 yil davomida o'z vazifasida ishlab kelmoqda. Oqibatda ular mamlakatimizda ro'y berayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan uzoqlashib qolmoqda.

Shu o'rinda men o'zining vakolat muddatini tugatib, yurtimizga qaytgan tajribali elchi va katta diplomatlarimizni vazirlik, idora va viloyat  hokimliklaridagi mas`ul rahbarlik lavozimlariga tayinlash tartibini joriy qilish lozim, deb hisoblayman.

Mening fikrimcha, chet mamlakatda elchi bo'lib  muvaffaqiyatli ishlagan odam xizmat missiyasi tugagandan keyin davlat tizimidan uzoqlashib ketmasligi kerak.

Afsuski, bizda o'z missiyasini bajarib qaytgan yuqori malakali diplomat xodimlarga munosib ish berish, ularga hurmat-e`tibor ko'rsatish masalasi e`tibordan chetda qolgan, desak, buyam adolatdan bo'ladi. Biz bundan buyon bunday noto'g'ri ishlarga yo'l qo'ymaymiz.

Shu tariqa elchi va diplomatlarimizning xorijda orttirgan boy tajriba va bilimlaridan tarmoq va hududlarimizning xalqaro aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, eksport hajmini oshirish va investisiyalarni jalb etishda foydalanish imkoniyati paydo bo'ladi.

Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalarning tegishli vazirlik va idoralar, joylardagi ijro hokimiyati organlari bilan samarali ishlashi bo'yicha aniq va yaxlit tizimni shakllantirishga alohida e`tibor qaratish zarur.

Bu borada mamlakatimizning yagona tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish va muvofiqlashtirish vazifasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklatiladi.

To'rtinchidan, bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalarimiz faoliyatida tizimli va aniq maqsadga qaratilgan informasion-targ'ibot ishlarini kuchaytirish lozim.

Afsuski, xorijiy sheriklarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub o'zgarish va islohotlardan, ichki va tashqi siyosatimizning ustuvor jihatlari, biznes va investisiya uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida yetarlicha ma`lumotga ega emas.

Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligi o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to'liq bajara olmayapti. Shu munosabat bilan “Jahon” axborot agentligi negizida yosh, salohiyatli mutaxassislarni jalb qilgan holda, moliyalashtirish manbalari aniq bo'lgan va eng ilg'or texnika bilan jihozlangan zamonaviy media-markaz tashkil etish zarur, deb hisoblayman.

Bosh vazir o'rinbosari S.Xolmurodov bu masalaga mas`ul etib belgilanadi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo'yicha alohida tuzilma tashkil etish lozim. Ushbu tuzilma rahbari Tashqi ishlar vazirligining to'laqonli rasmiy vakili, davlatimiz tashqi siyosatining “jarchisi” bo'lishi kerak.

Beshinchidan, Tashqi ishlar vazirligining kadrlar siyosatiga ham alohida to'xtalib o'tmoqchiman.

Hozirgi kunda 10 ta elchi lavozimi, jumladan, Avstriya, Polsha, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur davlatlaridagi elchi lavozimlari ko'p yillardan buyon vakant bo'lib turibdi.

Tegishli qaror qabul qilingan bo'lsa-da, O'mon va Belarus mamlakatlarida elchixonalarimiz faoliyati hali tashkil etilmagan.

Vazirlikning markaziy apparati faoliyatida ham jiddiy muammolar mavjud. Avvalo, o'rta bo'g'in rahbarlari o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to'liq bajara olmayapti. Keyingi yillarda vazirlikda boshqarma boshlig'i lavozimining nufuzi tushib ketgan. Aksariyat boshqarma boshliqlarining o'zlari ham ishlamayapti, yoshlarni ham tarbiyalamayapti. Ular faqat navbatdagi xorij safarlarini kutib o'tiribdi.

Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparati, shuningdek, xorijdagi muassasalar uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini qaytadan ko'rib chiqish kerak.

Shu paytgacha vazirlikning markaziy apparati va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari faoliyatining samaradorligini baholashning yagona mezonlari ishlab chiqilmagan. Shuning uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda zarur me`yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish va qabul qilish kerak.

Ayni vaqtda diplomat kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishni davrning o'zi taqozo etmoqda.

Afsuski, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (A.Jumanov) chinakam istiqbolli, o'z kasbiga sadoqatli
va professional yosh kadrlar tayyorlash bo'yicha vazifalarni to'laqonli bajarayotgani yo'q. Universitet bitiruvchilarining davlat idoralariga ishga joylashishi o'ta past darajada qolmoqda.

Misol uchun, 2017 yilda universitetni bitirgan 235 yoshlarning atigi 14 nafari Tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilingan. Ular orasida xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini bitirgan bironta ham yigit-qiz yo'q.

Tashqi savdo vazirligi va Investisiyalar bo'yicha davlat qo'mitasiga ham ushbu universitetni o'tgan yil tamomlagan bironta yosh mutaxassis ishga olinmagan.

Shu munosabat bilan Komissiya (O.Murodov) Bosh vazir A.Aripov, Prezidentning Davlat maslahatchilari R.Qosimov, U.Ismoilov bilan birgalikda bir oy muddatda:

Tashqi ishlar vazirligida kadrlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, avvalo, iqtidorli yosh mutaxassislarni jalb qilish bo'yicha aniq takliflar;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tayyorlashi lozim.

Hurmatli yig'ilish ishtirokchilari!

Bugun biz Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalar faoliyati bilan bog'liq kompleks masalalarni ochiqchasiga muhokama qilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha atroflicha fikrlashib oldik.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz manfaatlarini himoya qilayotgan, tashqi siyosatimizni amalga oshirishda muhim o'rin egallaydigan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi yuzi bo'lgan siz, hurmatli diplomatlarning mas`uliyatli mehnatingizni yuksak qadrlashimizni qayd etmoqchiman.

 

Yana bir bor ta`kidlayman, diplomatlar – bu jamiyatning eng yetuk vakillaridir. O'zbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qat`iy himoya qilish va uni ilgari surish borasida sizlarning alohida o'rningiz va ta`siringiz bor.

Lekin, tan olib aytishimiz kerak, biz Tashqi ishlar vazirligi va uning tizimidagi xodimlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning mehnatini rag'batlantirish bo'yicha hali ko'p ish qilishimiz zarur.

Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi O.Murodov, Toshkent shahar hokimi R.Usmonov va tashqi ishlar vaziri A.Komilov ikki oy muddatda Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini takomillashtirish bo'yicha Prezident qarori loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin.

Bunda, jumladan, Toshkent shahrida vazirlik tizimidagi xodimlar, chet ellarda ishlab kelgan diplomatlarimiz uchun imtiyozli ipoteka kreditlari asosida ko'p qavatli uylar qurish masalasi ham ko'zda tutilsin.

 

Hurmatli yig'ilish qatnashchilari!

Barchamizga ayonki, tashqi va ichki siyosat sohalarida oldimizda turgan muhim va ulkan vazifalarni hech kim chetdan kelib hal qilib bermaydi. Faqat o'zimizning kuch va imkoniyatlarimizga ishonishimiz, o'z salohiyatimizga tayanishimiz zarur.

Agar biz o'zimiz o'zimizga xiyonat qilmasak, o'zimiz o'zimizni aldamasak, vijdonan mehnat qilsak, ko'zlagan yuksak marralarimizga – O'zbekistonni izchil rivojlantirish, xalqimiz turmush darajasi va farovonligini tubdan oshirishga albatta erishamiz.

Ishonchim komilki, sizlar bu yuksak vazifalarni sharaf bilan ado etasiz.

Ana shu ezgu maqsad yo'lida barchangizga sihat-salomatlik, yangi muvaffaqiyatlar, baxt va omad tilayman.

Boshqa xabarlar