13 yanvar kuni Toshkent shahridagi «Taraqqiyot strategiyasi» markazida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha press-brifing muhokamasi bo'lib o'tdi, deya xabar bermoqda kun.uz

Markaziy bank raisi o'rinbosari Shuhrat Atabaevning ma`lum qilishicha, «Xalqaro valyuta jamg'armasi vakillari joriy yilning fevral oyida O'zbekistonga kelishi kutilmoqda».

«Banklarning to'lov qobiliyatini ta`minlash maqsadida ulardagi kapital miqdorini 20 foizga oshirish nazarda tutilmoqda. Hanuzgacha, MB tomonidan amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati instrumentlari zamon talablariga to'liq javob bermaydi. Shuni inobatga olgan holda, 2018 yilda pul-kredit siyosatida qo'llanuvchi instrumentlarni qayta ko'rib chiqamiz», deb fikr bildirdi u.

Shuningdek, pul bozorining yagona elektron bozori shakllantiriladi. Bundan ko'zlangan maqsad shundaki, aholi ixtiyorida bo'lgan naqd pul mablag'larini tijorat banklarga qo'yish imkoniyati takomillashtiriladi.

«Bundan tashqari, to'lov tizimida ham sezilarli o'zgarishlar kutilmoqda: xorijiy bank plastik kartalari yoki to'lov kartalari, masalan MasterKard, UnionPay kabi tizimlar O'zbekistonda to'liq joriy etiladi. Bankomatlar orqali xorijiy to'lov kartalaridagi mablag'larni avtomatik tarzda so'm valyutasiga konvertasiya qilinishi belgilanmoqda», deb ma`lumot berdi Sh.Atabaev.