Toshkent viloyatida nechta mas`ul shaxs ishdan olindi?

219

Prezident Shavkat Mirziyoev 5-6 yanvar kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi chog'ida 2017 yilning IV – choragi uchun mahalliy byudjet daromadlari rejasi ijrosini ta`minlamagan tuman (shahar) moliya, soliq organlari va bank boshqaruvchilari faoliyatiga tanqidiy baho berish bo'yicha topshiriq bergan edi.

O'zA’ning yozishicha, davlat rahbarining topshirig'iga muvofiq, mahalliy byudjet daromadlari rejasi ijrosini ta`minlamagan viloyatning 10 ta tuman (shahar) moliya, soliq va bank rahbarlari faoliyati tanqidiy o'rganib chiqildi.

O'zi rahbarlik qilayotgan tashkilot faoliyatini samarali tashkil eta olmagan, yuklatilgan vazifa va topshiriqlarni bajarishda mas`uliyatsizlik va sovuqqonlik qilgan 3 nafar moliya bo'limi mudir, 3 nafar bank boshqaruvchisi hamda 5 nafar soliq xizmati organi rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga tushumlarni to'liq ta`minlamagan 7 nafar moliya bo'limi mudiri hamda 5 nafar soliq xizmati rahbarlariga ish haqidan jarima qo'llanildi hamda ular 2018 yil I – choragi yakuniga ko'ra faoliyatida jiddiy o'zgarish qilmagan taqdirda egallab turgan lavozimidan ozod etilishi to'g'risida jiddiy ogohlantirildi.

Vakant ish o'rinlari zaxiradagi hamda O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashining tavsiyasiga asosan yosh mutaxassislar bilan to'ldirildi.

Davlat va mahalliy byudjet daromadlar rejasi ijrosini tizimli ta`minlash maqsadida Moliya vaziri o'rinbosarlari va Davlat soliq qo'mitasi raisi o'rinbosarlari hamda markaziy apparatning boshqarma boshliqlari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga mas`ul etib biriktirildi.

Boshqa xabarlar