Fidoyilik bilan jonfidolik:bu tushunchalar o'rtasidagi farqni unutmadikmi?

593

Bugun nimagadir balandparvozlikka odatlanib qoldik. Ba`zan esa kim o'zarga o'ynagandek shu qadar ta`rifu-tavsiflarga berilib ketamizki…

Kamchilikni barataraf qilgandan uning oldini olgan afzal, deyishadi. Tegishli ishchi guruhlar tomonidan mahallalar hayotini o'rganish davomida qanchadan-qancha aholi qatlamining muammolari ayon bo'ldi. Hatto tug'ilganlik guvohnomasi yo'q, shu sabab na maktab, na bog'chaga bormayotgan bolalar, hech kim borligini ham bilmagan, ammo sizu biz yashayotgan mahallada istiqomat qilayotgan nogironlarni «sezish»ga muvaffaq bo'ldik. Bu, aslida, yutuq yoki hisobot to'ldirish shakli emas, balki o'tgan yillarda amalda qilinmagan, qog'ozbozlik bilan yashirilgan kamchiliklarimizdir. Achinarlisi, unda hammamizning hissamiz bor. Ularning amalga oshishida bevosita ishtirokchi bo'lmagandirmiz, ammo bemavrid SUKUTimiz bilan hissa qo'shganimiz bor gap.
Keling, kundalik hayotimizdagi ayrim muammolarni tahlil elagidan bir o'tkazaylik: o'z ishingiz (o'qish yoki hunaringiz)ni bajarishda doimo halollik mezoniga tayanayapsizmi? Atrofingizdagi odamlarga e`tiborli va davradoshlaringizga nisbatan mas`uliyatni his qilasizmi? Zero, ijtimoiy hayotimiz muntazam qandaydir davralar (ishda hamkasblar, oilada qarindoshlar, ko'cha-ko'yda tanishlar, bog'chada yoki maktabda farzandingizga o'rtoq bo'lganlarning ota-onalari va hokazo davralar) qurshovida kechadi. Ayni shu guruhlarda o'z mas`uliyatingizni bilish va uni his qilish fidoyilik tomon ilk qadamdir desam, mubolag'aga yo'ymang. Mulohaza qamrovini kengroq olsak, muddao oydinlashadi. Bir tanishim viloyat markaziga tumandan qatnab ishlaydi, kunlik uzoq yo'l, taassurotlar ham shunga yarasha. Bir kuni kechki payt odaticha bekatga boribdi. Yo'l chetida kayfi oshib qolgan o'rta yoshlardagi erkak uzala tushib yotganmish, yonida 7-8 yoshlardagi o'g'ilchasi dada degan zotni nima qilishni bilolmay ko'zlari mo'ltirab turganmish. «Bir bekat odam, birortasi bolaga qaray demaydi, — hikoya qiladi tanishim. — «O'g'lim, uying qaerda?» deb so'rasam, yelka qisadi. Kirakashlar: «Opa, bu kishi falon qishloqdan», deyishdi. O'sha qishloqqa boradigan bittasiga: «Uka, shu bolamni olib borib, uyiga tashlab qo'ying, yo'l haqini men beraman», dedim. Atrofdagilar hayron bo'lib, «bu bola sizga biror kimmi?» deb so'rashadi. «Menga-ku hech kimmas, ammo kunning sovug'ida go'dakni ko'chada qoldirib bo'ladimi? Dadasi kayfi tarqalsa, yo'lini topib olar, ammo bolani bunday xor qilish yaxshimas», dedim. Bolani jo'natgach, ko'nglim xotirjam tortdi-yu, biroq shuncha paytdan beri odamlarimizning unga e`tiborsizlik qilganidan ranjidim. Xudo ko'rsatmasin, biror ko'ngli qora kimsa shikast yetkazsa, nima bo'lardi? Yordam so'rab, davlat idoralari eshigini taqillatamiz. Vaqtida hushyorlikni qo'ldan bermasak, qancha-qancha jinoyatlar sodir bo'lmaydi, bu degani byudjetning (ya`niki men va sizning) mablag'imiz boshqa xayrliroq ishlarga yo'naltiriladi-ku!» O'rinli mulohaza. Kerakli ishni o'z vaqtida qilish bilan o'lchanmaydimi, axir, fidoyilik!

«MENGA MUMKIN!»

Bolalarimni olish uchun bog'chaga bordim. Kiyim alishtirib tursak, xonaga ikki ona kirib keldi. Qizig'i, kiyim alishtirish xonasiga qadar, uchta xonadan o'tib keladigan masofaga ikkisi ham etigini yechmay kirib kelishgandi. Bu, birinchi navbatda, bolajonlarning salomatligiga beparvolik, qolaversa, farosatsizlikni ko'rsatuvchi belgi ekani hech kimga sir emas. Eshitilgan javobdan nafaqat biz, siz ham ajablanishingiz tabiiy: «SESda ishlaymiz, bizga mumkin! Shu kirishimiz yoqmayotgan bo'lsa, bog'chani yopib qo'yish ham bizning qo'limizda!»
Xalqimizda «Gapni gapir uqqanga» degan chiroyli naql bor. Hazrat Navoiy bu haqda shunday deydi: «Qobilg'a tarbiyat qilmoq zulmdur va noqobilg'a tarbiyat xayf. Ani adami tarbiyat birla zoe` qilma va munga tarbiyatingni zoe` qilma».
Soha faxriylaridan biri bilan bu haqda suhbatlashganimizda: «Bolalar gavjum joylarga boshqa joylarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashishimiz shart. Ayniqsa, soha xodimlari. Chunki ular kasb taqozosi bilan turli xavfli infeksion o'choqlarda bo'lishadi. Qolaversa, bola o'ynaydigan, o'yinchoqlari turadigan joyga qaysi ona shu holatda qadam bosadi. Bu tuzlig'ingga tuflash bilan barobar-ku!»
Qiziqish ustunlik qilib, tuman DSENM bosh vrachiga qo'ng'iroq qildik. Haligi bizga bepisand munosabatda bo'lgan ayollar haqiqatdan ham tuman pokizaligi, sanitariya ­talablariga muvofiqligini nazorat qiluvchi shu dargohda ishlashar, qizig'i, ulardan faqat birisi hamshira, ­boshqasi sanitarka (kichik tibbiyot xodimi) ekan. Jamoat joyida kasbiy etikaga, umuminsoniy axloq normalariga amal qilmagan insondan kim ham vazifasiga sidqidildan yondashishni kutardi. Bu xuddiki bolaligimizda yodlaganimiz «Doktor Bo'ri» balladasini yodga solmayaptimi? Boshi og'riyotgan quyonning oyog'ini kesib davolashdan ne naf! O'zi ibrat bo'lib, pokizalik a`molini namoyon etmagan, muassasasining vazifasi ijtimoiy ob`ektni yopib qo'yish emas, nazorat, amaliy yordam berish ekanligini tushunmagan, qolaversa, bu ishlar uning lavozimiy vakolatiga kirmasligini tushunmagan xodimdan qanday natija kutish mumkin? Bu, shunchaki, bizni qiynagan savollar. Holatning qonuniy bahosini markaz rahbariga havola etdik.
Aslida, kasbiy sadoqatsizlik shunday havolanish­lardan boshlanadi, bizningcha. «Menga mumkin!» deya hamshira yoxud sanitarka shunday noma`qulchilikka yo'l qo'yadi, shunday bemavrid ishonch bilan YHX xodimi svetoforning qizil chirog'ida o'tadi, soliq nazoratchisi hududidagi tadbirkordan pulini to'lamay xarajat qilib ketaveradi… Bu ishlar birinchi bosqich sifatida navbatdagi ko'ngilsizliklarga yo'l ochib beraveradi. Birinchi bosqichning o'zidayoq bu dilxiralik­larga barham berish — HUShYoRlik ham Vatanga fidolikning bir ko'rinishidir!

Dildora RAHMONOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar