Ahvol hamon yomon

370

Bir necha yil muqaddam Chiroqchi tumanining Tarag'ay qishlog'ida yashovchi bir necha jonkuyar insonning sa`y-harakati bilan hududdagi eski maktab binosida qishloq vrachlik punkti ochilgandi. Ammo bu inshootning ta`mirtalabligi va yaxshi sharoitga ega emasligi aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olishga to'sqinlik qilib kelmoqda.

Hokimiyat nega jim?

«Ishonch» gazetasining (2017 yil 1 avgust) 94-sonida chop etilgan «Ishlar qachon oldinga siljiydi?» sarlavhali maqolada Tarag'ay qish­log'ida joylashgan avariya holatidagi qishloq vrachlik punkti va uning aholiga xizmat ko'rsatish darajasi xususida gap borgan edi.
Maqolada qayd etilganidek, tibbiy muassasaning xarob ahvolda ekani va unda malakali tibbiy xizmat uchun zarur sharoit yo'qligi bois, qishloq aholisi qariyb o'n yildan buyon zamonaviy shifo maskani qurilishida amaliy yordam so'rab yuqori tashkilotlarga xat bilan murojaat qilib kelishadi.
Chiroqchi tumani hokimi tomonidan 2010 yil 19 avgustida X-749/8-sonli qaror chiqarilib, eski maktab (57-umumta`lim maktabi) joylashgan hududdan yer maydoni ajratiladi va bino loyihasi ishlab chiqiladi. Biroq 2012 yilda mamlakatimizda dastur asosida QVPlar barpo etish to'xtatilib, Tarag'aydagi qurilish ham moliyalashtirilmasdan qoldi. Oqibatda, fuqarolar kimga murojaat qilmasin, javob bir xil bo'laverdi: dastur asosida QVPlar qurilishi to'xtadi…
Bizga ma`lum bo'lishicha, tibbiy sharoitning yo'qligi bois so'nggi yillarda bemorlar o'limi bilan bog'liq holatlar ko'p uchramoqda. Jumladan, so'nggi ikki yilda besh nafar fuqaro mavjud QVPda sharoit yo'qligi sabab muolajasiz qolib, olamdan o'tgan.
Shular asosida qishloq aholisi «Iltimosnoma» yozib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sattor Rahmatovga murojaat qiladi. Deputat holatni o'rganib chiqib, qish­loqda tibbiyot maskani qurilishi mahalliy hokimiyat tomonidan amalga oshirilishi lozimligini, Sog'liqni saqlash vazirligi esa uni zarur tibbiy jihozlar bilan ta`minlab berishi mumkinligini ta`kidlaydi. Demak, Chiroqchi tuman hokimligi Tarag'ayda tibbiyot maskani qurib bersa, Sog'liqni saqlash vazirligi yoki mahalliy boshqarma jihozlash va boshqa tashkiliy ishlarni zimmasiga olsa, muammo yechim topishi mumkin.
Xullas, yuqoridagi muammolar ko'tarilgan maqola chop etilgach, holatni o'rganish va uning yechimini topish maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligiga jo'natilgan. Ammo oradan besh oyga yaqin vaqt o'tsa-da, ahvol «eski hammom, eski tos»ligicha turibdi. Qishning izillagan kunlarida to'rt mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan hududda tibbiy yordamga ehtiyoj yana ham oshishi tabiiy. Biroq hokimlik na muammoni borib o'rgandi, na tahririyatga javob yo'lladi. Nega hanuzgacha sukut saqlashayotgani esa bizga qorong'u…

Qishloqda yashash aybmi?

Tuman markazidan salkam oltmish kilometr uzoqlikda, tog'lar bag'rida joylashgan qishloqning tibbiyot muassasasi holati, suratda ko'rib turganingizdek, kishini vahimaga soladi. Zilzilada ichkarida qolish yoki qalin qor yoqqan vaqtlarda binoga kirish anchayin xatarli.
— Ochig'i, qishloqda yashashning o'ziga yarasha gashti bor. Ammo betob bo'lganingda sharoit kishini ancha qiynab qo'yadi. Qishning qahratonida esa tuman markaziga borib kelish ancha mashaqqat. Avtomobili bor kishiga iltimos qilsangiz, yo'lning loy yoki muzligini ro'kach qiladi. Kim ham o'zi va ulovini xatarga ­qo'yi­sh­ni istaydi, — deydi shu yerlik fuqaro Abduzohir Murtazoev. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda: «Aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada yaxshilash, xalqimizni tibbiyot tizimi faoliyatidan rozi qilish — barchamizning eng muhim vazifamizdir», degan edi. Shuning­dek, 793 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etilib, ularda tez tibbiy yordam shoxobchasi hamda kunduzgi stasionarlar ochilganligini ta`kidladi. Sohaning rivojlanishini Prezidentimiz qo'llab turgan, yetarlicha mablag' ham ajratilayotgan bo'lsa, nahot bu o'zgarishlar bizning qishloqqacha yetib kelmasa?
— Qishlog'imizda qish oylari muntazam qor yog'ib turishi natijasida texnika harakatlanishi qiyinlashadi, — deydi hamshira Zarifa Quvvatova. — Bu paytda, ayniqsa, homilador ayollarga qiyin. Ba`zilari uyida tug'ruq holatini boshidan kechirishadi. Tibbiy ko'riklar kam bo'lgani uchun ba`zan bolaning tushib qolish holatlari ham uchrayapti…
4000 dan ziyod aholi deganda, qariyalar, homilador ayollar, yosh bolalar, nogironlar, ehtiyojmand oilalar, surunkali bemorlar ham tushuniladi. Zero, inson qay holatda va qaerda yashamasin, avvalo, uning qadr-qimmati ulug'. Shunday ekan, markazdan olisda yashash hayot xavfsizligini ta`minlashda to'siq bo'lib qolmasligi lozim.

Sulaymon HAYDAROV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar