Eng buyuk mo'`jiza

715

«Dunyoda chegaralar ko'p. Qit`alar chegarasi. Davlatlar chegarasi. Siyosiy chegaralar, diniy chegaralar…
Bu dunyoda hech qanday chegarani tan olmaydigan ikkita mo'`jiza bor. Biri — quyosh nuri. Biri — …».
Adabiyot o'qituvchimiz O'tkir Hoshimovning «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobidan ushbu jumlalarni o'qir ekan, eng qiziq joyida taqqa to'xtatdi. Biz esa hayron bo'ldik.
Yugurgancha borib maktab kutubxonasidan kitobni topib, «Oftob chiqar olamga» bitigini oxirgi jumlasigacha o'qidik. Bu kabi holatlar tez-tez takrorlanib turar, ustozimiz asarlarni o'qib turib, eng qiziq joyida to'xtardi. Nega, bunday bo'lar ekan-a, deb hayron edik. O'sha asarni topib o'qimaguncha tinchimasdik. Shu taxlit kitob degan buyuk mo'`jiza bilan yaqinlashdik, uni o'zimizga hamroh qildik.
Bizni shunday ma`rifat quyoshiga yaqinlashtirgani uchun ustozimizdan hamisha minnatdormiz. Biror kunimizni kitobsiz, mutolaasiz tasavvur qila olmaymiz. O'qigan asarlarimizni qayta-qayta varaqlar ekanmiz, olam-olam ma`nolar xazinasi ekanligiga amin bo'lib bormoqdamiz. Keling, aziz tengdoshim, siz ham bu buyuk mo'`jizadan bahramand bo'ling. Kitobning rangin va sehrli olamidan hecham yiroqlashmang. U sizni ko'zlagan manzilingizga, albatta, eltadi.

Shahnoza BEKTURDIEVA,
Qo'shko'pir tumanidagi 4-ixtisoslashgan
maktab o'quvchisi

Boshqa xabarlar