O'zbekiston qachon yetakchi bo'ladi? yoxud korrupsiya ildiziga bolta urish payti keldi

1,007

Mazkur xalqaro jamoat tashkiloti 2016 yil ­bo'yicha e`lon qilgan hisobotida biz jondan ortiq sevganimiz, har qanday sohada yetakchilar safida ko'rishga oshiqqanimiz — ona O'zbekiston 19 ball bilan 158-o'rinda qayd etildi.

2017 yilda esa 21 ball bilan Kamboja, Kongo Demokratik Respublikasi bilan birgalikda 156-o'rinni band etdi. Yoqimsiz holat. Jamoat tashkiloti bu natijani uzoq o'rganish, tahlil va kuzatuvdan so'ng dalillarga tayangan holda e`lon qilganini inobatga olsak, bu og'riqli jarayonda har birimizning hissamiz borligini bo'ynimizga olmay ilojimiz yo'q. Kim «Men doimo pulsiz ish bitiraman», deya dadil e`tirof eta oladi. Chunki atrofimizda korrupsiyaning katta-kichik ko'rinishlari to'lib yotganini bilib ham indamay yuraveramiz. Go'yoki, har bir jinoyat, avvalo, mayda ishlardan boshlanishini bilmaydigandek. Bu beparvolik bilan ko'zlagan manzilimizga tezda yetish ilojsiz. Arastu orzu etganidek: «Har qanday davlat tizimida qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerakki, unda mansabdor shaxslarning noqonuniy yo'l bilan boyishiga yo'l qo'ymaslik lozim».

Suyangan «tog'»im o'zingiz!

Tong saharda telefonim jiringladi. Ko'tardim. Qadrdonlarimizdan biri: «Viloyat markazidagi shifoxonaga borib davolanmoqchi edim, mabodo tanishingiz yo'qmi, degan iltimos bilan sim qoqyapman», deydi. «Shunday boravering-da! Shifokor kasalingizni tanishga qarab davolamaydi-ku!» dedim. «Qaysi zamonda yashayapsiz? Hozir ariqdagi suv ham tanish-bilishingizning kuchiga qarab oqadi-ku!» deydi kulib.
Ming afsuski, uning gapi rostligini ­keyingi kunlarda o'zim ishtirokchisi bo'lgan bir necha ­voq­ealar, OAV orqali tanishib borayotgan tafsilotlarimiz tasdiqlamoqda.
Bir-ikki hafta oldin yoshgina bolani devorga irg'itib yuborib jarohatlagan bog'cha tarbiyachisining video­­si internet olamini «portlatdi». Muhokamalarda, tabiiyki, uni hamma qoraladi. Bu haqdagi rasmiy izohga e`tibor bering. Nazardan qochirmangki, ushbu ma`lumotni maktabgacha ta`lim muassasalari Toshkent shahar bosh boshqarmasi berayotir:
«N.Isaeva 2016 yilning may oyida ushbu bog'chaga mudiralik lavozimiga tayinlangan. Qisqa muddat bo'lishiga qaramasdan bog'chadagi shart-sharoitlar yaxshilanishida bosh-qosh bo'lgan. Mazkur noxush holatning oldini olish maqsadida, mudira N.Isaeva bir necha bor tarbiyachi S.Rahmatullaevani ogohlantirgan va ishdan bo'shash to'g'risidagi arizani yozishni talab qilgan. Ammo tarbiyachining «yuqori» organlarda faoliyat ko'rsatayotgan qarindoshlari mudira N.Isaevaga bosim o'tkazishgan. Bu borada huquqni muhofaza etuvchi idoralar o'z xulosalarini beradi degan umiddamiz».
Hayotimizga tanish-bilishchilik qanchalar singib ketganligini shu xabarning o'ziyoq tasdiqlab turibdi. Birinchidan, bog'cha tarbiyachisini himoya qilishga shay «yuqori»dagi «tog'»lar nimaga aralashayotganini nahot fahmlashmagan bo'lsa?! O'sha jabrdiyda ota-onalarning o'rnida o'zlari bo'lishganida qanday yo'l tutgan bo'lishardi? Bolani bunday berahmlarcha kaltaklashidan, qolaversa, holat muhokamasi haqidagi xabardan anglashilmoqdaki, tarbiyachi bu ishga qo'l urganiga ancha bo'lgan. Suyanch «tog'» sharofati bilan u bemalol bolalarga jismoniy kuch ishlatishda davom eta olgan. «Begonaning bolasi-ku! Menga nima?» degan tushuncha toki aybi fosh bo'lgunga qadar uning ongiga hukmronlik qilgan. Bu orada qancha go'dak «tasodifan» yiqilib, muvozanatini saqlay olmay devor (stol, karavot, shkaf)ga urilib ketdi ekan? Ishidan ajralib qolishidan cho'chiydigan odam bu qilg'iliqqa qo'l urmasligi aniq, ammo ortidagi «suyanch»larga qattiq ishonishning oqibati nimalarga olib kelishini barchamiz ko'rdik. Vaholanki, uning o'rnida kasbiga sadoqatli, bolalarni chin dildan sevuvchi boshqa xodim ham ishlashi mumkin edi. Ammo ishga joylashishda malaka va bilimning o'zi yetarli emasga o'xshaydi.
Holatning ikkinchi tarafi bilan ham hisoblashib ko'raylik: xo'sh, «yuqori»ning talabini bajarmaslik oqibatidan qachongacha xavotirda yashaymiz. Huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bu borada, albatta, surishtiruv ishlari olib borishini inobatga olib, suvni boshidan loyqalatgan «yuqori»chilarni topish va ularga ko'rilgan chorani jamoatchilikka ma`lum qilish zarur deb hisoblaymiz, shunda ko'plab mayda korrupsiyalar ildiziga bolta urilgan bo'ladi, degan umiddamiz.

«Jazosi hamisha pulmi?!»

Xabaringiz bor, joriy yil uchun Davlat dasturi tasdiqlandi. Doimgi dogmalardan farqli ravishda amalga oshirilajak har bir tadbirning natijadorligi ko'zda tutilgan ushbu hujjatda O'zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o'rni va nufuzini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni ishlab chiqishga ham alohida urg'u berilgan. Jumladan, «Transparency International» (korrupsiya indeksi) mezonida ko'rsatkichlarni yaxshilash yuzasidan ­mas`ul idoralarga majburiyat yuklatildi. Ammo bu bir necha tashkilotlarning emas, butun millatning zimmasidagi burchdir. Og'riqli bo'lsa-da tan olish kerak, deyarli har qadamimizda korrupsiyaga duch kelamiz, ba`zan ishtirokchiga ham aylanamiz. «Odamning yuzi issiq» deymiz, «tanish-bilishchilik» deymiz, «odamgarchilik» deymiz, xullas, turli nomlarda korrupsiyaga yo'l ochib beraveramiz. Korrupsiya quchog'idagi iqtisod, madaniyat, ta`lim, tibbiyot kabi sohalar qurib borayotganligini esa endi his qilayotirmiz.
E`tibor qilsangiz-qilmasangiz-da ko'zingiz tushgan: qoidabuzar haydovchilarning ko'pchiligi uni to'xtatgan YHX xodimiga hujjatini berishdan oldin: «Telefonga «ha» deb yuboring!» usulini qo'llashadi. O'n-o'n besh soniyalik suhbatdan so'ng xodim ham, haydovchi ham hech narsa bo'lmagandek xayrlashishadi. Agar telefon «uslub»i ish bermasa, ko'p hollarda «cho'ntak» effekti natija ko'rsatishi tabiiy. Har kunim yo'lda o'tadi va bu holatlarga tez-tez duch kelaman.
Ko'pchilik haydovchilarning «Jazosi pul-da!» degan ishonchi sabab qanchalab YTH sodir bo'layotir, piyodalar jabr chekayotir, eng achinarlisi, bir umrga nogiron bo'lib qolayotganlari ham oz emas. Agarki, haydovchi har qanday holatda ham jazo muqarrarligiga ishonchi komil bo'lsa, hech qachon yo'l qoidasini buzishga o'zida «jasorat» topmaydi. Birgina misol: serqatnov ko'chalarimizga kameralar joylashtirilishi bilan ko'pchilik «uchar»lar svetoforda uchta rang borligiga ahamiyat qiladigan bo'lishdi yoxud piyodalar yo'lagi, to'xtash chizig'i kabi belgilar amaliy kuchga ega ekanligini tushunishmoqda. Avval-chi?! Kimningdir cho'ntagiga kiruvchi uch-to'rt so'm pul «kechirim» vazifasini o'tar, bunda haydovchining xulosa qilishiga olib keluvchi hech qanday tizim yo'q edi. 2017 yil 3 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida»gi Qonunda ta`kidlanganidek, javobgarlikning muqarrarligi jarayonda asosiy prinsiplarimizdan biriga aylanmas ekan, korrupsiya qon-qonimizga singib ketgan illatligicha qolaveradi.

* * *

«Transparency International» haqida yana to'xtalsak: mazkur xalqaro jamoat tashkiloti 2016 yil bo'yicha e`lon qilgan hisobotida biz jondan ortiq sevganimiz, har qanday sohada yetakchilar safida ko'rishga oshiqqanimiz — ona O'zbekiston 19 ball bilan 158-o'rinda qayd etildi. 2017 yilda esa 21 ball bilan Kamboja, Kongo Demokratik Respublikasi bilan birgalikda 156-o'rinni band etdi. Naqadar yoqimsiz holat. Jamoat tashkiloti bu natijani uzoq o'rganish, tahlil va kuzatuvdan so'ng dalillarga tayangan holda e`lon qilganini inobatga olsak, bu og'riqli jarayonda har birimizning hissamiz borligini bo'ynimizga olmay ilojimiz yo'q. Kim «Men doimo pulsiz ish bitiraman», deya dadil e`tirof eta oladi. Atrofimizda korrupsiyaning katta-kichik ko'rinishlari to'lib yotganini bilib ham indamay yuraveramiz. Go'yoki, har bir jinoyat, avvalo, mayda ishlardan boshlanishini bilmaydigandek. Bu beparvolik bilan ko'zlagan manzilimizga tezda yetish ilojsiz. Arastu orzu etganidek: «Har qanday davlat tizimida qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerakki, unda mansabdor shaxslarning noqonuniy yo'l bilan boyishiga yo'l qo'ymaslik lozim».
Faylasufning ushbu mantig'iga «Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida»gi Qonunning 19-moddasidan javob topamiz:
«davlat organlari xodimlarining huquqiy maqomini belgilash, xizmatni o'tashning shaffof tartibini o'rnatish, shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, beg'arazlik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo'yicha saralash hamda xizmatda ko'tarilish tizimini joriy etish;
davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishini, moddiy ta`minot olishini va rag'batlantirilishini ta`minlash».
Bu nima degani? Endilikda har bir kasbiy muvaffaqiyat ishda ko'tarilishning asosi bo'ladi, endilikda muayyan idoralar xodimlariga maoshdan tashqari, qo'shimcha ijtimoiy ko'mak, rag'batlantirishlar tizimi yaratiladi, demakdir. Amerika polisiyasida sadoqat va halollik, fidoyilik sifatlarini namoyon etib ishlagan xodimlarga maoshga qo'shimcha ijtimoiy bonuslar (kvartira, mashina, turli sug'urta xizmatlari kabi) borligini eshitganmiz. Yevropa davlatlarining ko'pchiligida o'qituvchilarga shunday rag'bat tizimi yaratilganidan xabardormiz. Endi bu kabi imtiyozlar respublikamizda ham amalga oshirilishiga qonunning tegishli moddalari zamin yaratayotir.

* * *

Hayotiy tajribasi anchagina, ijtimoiy-siyosiy faol bir-ikki tanishlarimdan so'rayman: «Transparency International»ning birinchi o'ntaligida O'zbekistonimizni ko'rish mumkinmi? Javoblar deyarli bir xil: «Ha, faqat buning uchun har bir o'zbekistonlik ongini yangilash kerak!» Darhaqiqat, poraning u yoki bu ko'rinishi bilan ish bitirar ekanmiz, bu «in`om»imizga ko'z tikkanlar, aslida, o'z vazifasini bajarishayotganini anglamog'imiz, har bir tutumimiz shunga munosib bo'lishi kerak.
Ishga pora bilan kirgan xodimning o'z faoliyati davomida «sarflagani o'rnini to'ldirish» maqsadi bo'lmasligiga ishonmayman. Yoki oliy o'quv yurtiga kirishi qandaydir nayranglar evaziga amalga oshgan talabaning o'z sohasiga mehr qo'yib ishlashi haqiqatdan ko'ra yolg'onga yaqin. Men bilgan shunday «kadr»larning ko'pchiligi diplomini sandiqqa solib qo'yib, boshqa ishning etagidan tutib ketishdi. Bu jarayon davom etaversa, ta`limga yo'naltirilgan byudjet mablag'lari o'zini oqlamay qolaveradi.
Boshqa sohalarni bilmadim-u, tibbiyot va pedagogika yo'nalishida shu qing'irliklar bo'lishining o'zi millat kelajagiga xiyonatdir. Tibbiyot yo'nalishini tamomlab kelgan yosh shifokordan ishlari qanday ketayotganini so'radim. «Xususiy shifoxonadan bo'shadim, faqat davlat poliklinikasida ishlayapman, bosh shifokor bilan yaqin bo'lib oldim, ishlarim besh», deydi. Keyinroq ma`lum bo'lishicha, uni xususiy shifoxonadan bir necha bemorni noto'g'ri davolaganligi ma`lum bo'lgach, bo'shatib yuborishibdi. Poliklinikada esa rahbarning yugurdagi sifatida o'rin topibdi. Bu faqat kechagina shifokor dip­lomini olgan kadrninggina emas, butun boshli tizimning aybi emasmi?
Yoxud 40 daqiqalik dars vaqtida seriallar haqida gaplashib o'quvchilar ongini «zahar»layotgan o'qituvchilar yo'q deysizmi? Universitetdagi ayrim kursdoshlarimning ona tili va adabiyot fanidagi elementar bilimlarni bilmasligidan ajablanardim. «Ular qanday qilib o'qishga kirishgan?» degan savoldan ko'ra ko'proq meni «Ularga qaysi sho'ring qurmagurlar o'quvchi bo'larkin?» degan jumboq iztirobga solardi. Afsuski, ular ham diplomga ega bo'lishdi va o'qituvchi degan sharafli nom bilan res­publikamizning turli chekkalariga yo'l olishdi. Aruzning barmoqdan farqini ­ajrat­olmaydigan o'qituvchidan saboq olgan o'quvchining hayf bo'layotgan umri, torayib borayotgan dunyoqarashi uchun ta`lim tizimida pul bilan harakatlanuvchi charxpalak — korrupsiya aybdor emasmi?
Maktabda yoxud kollejda tayinli bilim olmagan bolaning kelajagi nima bo'ladi? Bo'yniga olaxurjun ilinganda, qay yo'l bilan oilasiga to'rt tanga pul keltiradi? O'zbekning bolalari qachongacha Rossiyaga borib ishlashni eng yaxshi yechim sifatida qabul qilishlari kerak? 18 yanvar kunidagi fojia bu borada bizni bir silkilab qo'ygandek bo'ldi. Ishoning, shu kunlarda Namanganda yoyilib kulgan odamni ko'rmadim. Xuddiki, odamlarning yuzida g'am qotib qolgandek.
Fojia xabari kelishi bilan viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan guruh tarkibida kasaba uyushma faollari ham halok bo'lganlarning uyi­­ga yo'l olishdi. Ko'ngil so'rash asnosida sabablar oydinlashdi. Kimdir yaqinini davolatish uchun, kimdir jigarini ishga kiritishda olingan qarzning o'rnini to'ldirish uchun… pul topgani yo'lga chiqqandi…
Shunday so'zlar borki, ma`nosini tushunasiz, qalbingizdan his qilmaysiz. O'sha kunlarda «mung'ayish» degan so'zning qalbga qanchalar og'riq berishini dil-dilimdan his etdim. Namanganning onalari, otalari, sag'iralari, bevalari, hattoki daraxtlari mung'ayib qoldi. Butun yurt 52 o'g'loniga ko'zda yoshu dilda sabot bilan aza ochgan paytda ko'hna qabristonlarda yangi qabrlar do'ppayib, indamaslar olamidan o'ziga o'rin ochdi.
Avvallari o'lim haqida so'z ketsa bir seskanguvchi qalbim o'limdan ham o'limning farqi borligini angladi. Sovuq jasadni-da quchib yig'lash ham bir fazilat ekan. So'nggi bor jonsiz esa-da jigargo'shangizning yuziga tikilib olish ham Yaratganning bandasiga inoyati ekan. Allohning bergan taqdiriga noshukrlik qilish darajasida shakkok emasman. Biroq xatoning sabablarini aniqlash uning takroriga to'siq bo'lgusi.
Endi Vatanimizning qaysi burchida bo'lmasin, ish boshlayman, yoshlarni ishli qilaman degan tadbirkorga yelka tutaylik. Maktab ostonasidanoq bolalarimizni kimgadir xizmatkor bo'lishlari uchun emas, dunyo tan olguvchi olimlar bo'lishiga ishontirib o'qitaylik. Qiynalganga xolislik bilan qo'l cho'zaylik. Insonparvar davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtojlarga yo'naltirilayotgan mablag'lar haqqoniy egalariga yetib borishiga sharoit yarataylik.

* * *

Hamkasblarimizdan birining nihoyatda iqtidorli o'g'li bor: IELTSdan 7,5 ballni qo'lga kiritgan, dasturlashga qiziqadi, matematika sohasida ustozlarini ham ortda qoldirarli darajada. OO'Yuga hujjat topshirish jarayonida dadasining istagiga ko'ra, poytaxtimizdagi institutlardan birini tanladi. O'qishga kirdi, butun zehnini bag'ishlab o'qiyotganidan dadasi ham xursand. Sessiyalar boshlanishi bilan o'g'lining kayfiyati tushib ketganidan ranjib gapirib qoldi. «O'g'lim: «Dada, hamma fandan shu paytgacha nazorat ishlarimni a`loga topshirdim. Ammo guruh boshlig'imiz kecha ro'yxat olib kelib, har bir fanning «stavka»sini o'qib berdi. Mutaxassislik fanimiz o'qituvchisining oldiga kirib «Baho pulga qarab qo'yiladigan bo'lsa, biz nimaga o'qidik?» deb so'rasam, «Bilimli bo'lsang, zachyot kuni ko'ramiz», deya javob berdi, deydi. O'qisam ham, o'qimasam ham sessiyani pul bilan yoparkanman, deya ilmdan ixlosi qaytib qolmasin, degan xavotirdaman. O'g'limga tasalli berdim-u, o'zimdan xafa bo'ldim. Imtihonlardan o'tgan paytida xorijda o'qishiga ruxsat bermagan edim. O'zbekistonda o'qisin, shu yerda ishlasin, deb. Shuni esladimi: «Dada, agar xorijdan grant yutsam, endi ruxsat berasizmi?» deyapti».
Shu kabi muammolar sabab sara kadrlarimiz xorijga intilayotgan ekan, bu bizning kamchiligimizdir. Xayriyatki, yurtimizda bu tizim ham yo'lga solinmoqda. Xorijdagi kadrlarimiz Vatanga qaytishayotgani, shu yerda o'z sohalarini yuksaltirishga hissa qo'shishayotgani ko'ngildagi umid uchqunlarini olovlantirgandek bo'lmoqda.

* * *

Rus nashrlaridan birida bundan ikki yil oldin juda ta`sirli maqola o'qigan edim. Unda shunday so'zlar bor edi: «Avvallari urushlar hududlar uchun bo'lar edi. XX asrda urushlar asosan resurslar uchun bo'ldi. Yigirma birinchi asrda esa urush aql uchun bo'lmoqda… Uchinchi jahon urushi — yadro qurollari, robotlar, lazerlar bilan bo'ladigan jang emas. Bu aqllar uchun kechadigan jang. Bu jang allaqachon boshlangan… va biz unda mag'lub bo'lmoqdamiz».
Millat intellekti uchun kurashgan davlatgina bu yo'lda g'olib bo'la oladi. Intellekt ustuvorligiga esa korrupsiya kishanlaridan ozod bo'lganda erishish mumkin.
Mazkur maqoladagi bir misol meni juda ta`sirlantirgan edi: «Singapur degan davlat borligini eshitmagan odam bo'lmasa kerak. Hududi kichkinagina, tabiiy resurslar deyarli yo'q, hatto suvni ham Malayziyadan sotib oladi. Lekin doimo iqtisodiy erkinlik reytinglarida yetakchi o'rinlarda. Narxlar barqaror, YaIM esa jon boshiga dunyodagi eng yuqorilaridan biri. Mahalliy aholining turmush darajasi yuqori. Qolaversa, ­dunyoning turli chekkalaridan odamlar u yerga ishlash uchun borishadi. Nima uchun deysizmi? Chunki mamlakat korrupsiyadan butunlay xoli».
Korrupsiyadan voz kechish, uning ildizlarini quritish orqali har qanday natijani tezda yangilash mumkin. Kuni kecha sodir bo'lgan quvonchli voqeani yodga oling. Har qanday chempionatning quyi pog'onalaridayoq ortga qaytishga o'rganib qolganimiz milliy futboldagi natijalardan kim ham faxrlanmadi, deysiz?! Osiyo chempionatida ishtirok etgan va chempion bo'lgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasi (U23) haqida iliq fikrlar futboldagi korrupsiyaga barham berilayotgani natijasi emasmi, axir?!

Qaysi jabhada bo'lmasin, biror ishga kirishishdan oldin yaxshilab o'ylang: «Transparency International»da O'zbekis­ton qachon birinchi o'ntalikda bo'ladi? Men bunga hissa qo'shyapmanmi?

Dildora RAHMONOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar