Ichki turizmda yangi davr

181

Esimni taniganimdan buyon qish­log'imiz odamlarining ataylab sayohatga chiqqanini eslay olmayman. Yoshi ulug'lar farzandi yoki nabiralari oldida maqtanmoqchi bo'lsa, viloyat markazi, nari borsa, faqatgina Toshkent shahriga borganini, ko'p mo'`jizalar ko'rgani-yu, hayratda qolganini aytishardi.

O'zbekchilikda ichki sayohat tushunchasi amalda o'zgacharoq talqin etiladi. Ya`ni, ma`lum bir sabab bilan yo'lga chiqsa, shu sayohat. Olaylik, farzandini poytaxtda o'qitish yoki o'zi bemor bo'lsa davolanish, biror hududda ishlayotgan o'g'li yoki turmushga uzatgan qizini ko'rish kabi sabab­largina bizni safarga undaydi. Boisi, oilaparvarmiz: topganimizni ro'zg'or butligi, ota-ona roziligi, farzandlarimiz tarbiyasi uchun sarflaymiz. To'g'ri, istisno holatlar ham bor: kursdoshlar yoki jamoa bilan aylanish, tanishlarning to'yi, endi-endi urf bo'layotgan oilaviy safarlar kabi sayohatbop vaziyatlar ham hayotimizda uchrab turadi.
Otamning men uchun ham qadrdon bo'lib qolgan, turli yillar xotiralarini eslatuvchi albomlari bor. Unda Qarshi davlat universitetida o'qib yurgan kezlari Samarqand shahriga uyushtirilgan sayohat aks etgan rasmlar ham borki, otam hamon ajib bir zavq va sog'inch bilan o'sha safar taas­surotlarini so'zlab berishni xush ko'radi.

O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!

Yuqoridagi mulohazalar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 fevraldagi «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori sabab xayolimdan bir-bir o'ta boshladi. Angladimki, ushbu hujjat xalqimiz madaniy hayotida yangi sahifa ochdi. Turizm borasidagi ishlar, ayniqsa, o'tgan bir yil davomida ancha jadallashdi. Qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tashkil etilib, faoliyat yo'nalishlari aniq belgilab berildi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Qo'qon kabi qadimiy shaharlarimizda o'zi xos sayohatbop iqlim, turistlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kirishildi.
Bu boradagi infrastruktura ham xalqaro standartlar darajasida rivoj­lanayapti. Soha istiqbolida yangi yo'nalishlar kashf etilib, keng qamrovli ­loyihalar joriy etilmoqda. Alpinizm, otda, tuyada, velosipedda sayohat qilish, off-road sayyohatlari, baliq ovi, rafting, xeliski, geoturizm, ta`lim turizmi, tibbiy turizm kabi yangi sayyohlik yo'nalish­lari ommalashayapti.
Mazkur qaror ushbu islohotlar jarayonini yuqori bosqichga ko'tarish barobarida, xalqimiz manfaati yo'lidagi muhim qadamlardan bo'ldi. Bu aholining sayohatlarga bo'lgan qiziqishini oshirib, madaniy hayotda ko'plab yorqin sahifalar ochilishiga, odamlarning yashashdan zavq tuyishiga olib keladi. Qarorga muvofiq tasdiqlangan «O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi muhim o'rin tutishi, shubhasiz. Reja ijrosini muvofiqlashtirish Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, mahalliy hokimiyatlar qatori Kasaba uyushmalari Federasiyasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo'mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg'armasi kabi xalqqa yaqin, ularning turli toifalarini qamrab oluvchi jamoat tashkilotlari zimmasiga yuklangani ham bejiz emas.

— Qarorga ko'ra, jamoa shartnomalariga rag'batlantirish chorasi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobiga o'z xodimlarining kamida 10 foizini oila a`zolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborishni nazarda tutadigan jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilish normasi kiritilishi belgilandi, — deydi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi bo'lim mudiri Mahmudjon Isaev. — Bundan tashqari, xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq ular uchun qulay bo'lgan vaqtda sayohat qilish va dam olish uchun ta`tilning foydalanilmay qolgan qismi hisobidan ham dam olish kunlari berish ko'zda tutilmoqda.

O'zimizniki baribir boshqacha

Inson hayotida sayohatlar alohida o'rin tutib, mazmunli onlar sifatida xotirada muhrlanib qoladi. Negaki, sayohatda, birinchi navbatda, siz uchun yangilik bo'lgan o'zgacha muhitni ko'rasiz, tabiat mo'`jizalari, inson aqlu zakovati bilan bunyod etilgan qadimiy va zamonaviy inshootlar guvohi bo'lasiz.
Xorijiy davlatlarni qo'yaturing, hatto yurtimizdagi tarixiy shaharlarni bilmaydiganlar oramizda qancha!? Eslang-chi, Samarqand yoki Buxoro shahriga oxirgi marta qachon borgansiz? Hatto dunyo nigohidagi qadim shaharlarimizga umuman bormagan yurtdoshlarimiz millionlarni tashkil etsa, ajablanmayman. Ommaviy axborot vositalari orqali xorijiy davlatlardagi shaharlarga, turistik zonalarga qiziqamiz-u, bundan-da go'zal, qadimiy va jozibador, asosiysi, yonimizdagi maskanlarga e`tiborsizmiz…
Ma`lumki, O'zbekiston sayyohlik ko'lami va tarixiy qadamjolari ko'pligi bo'yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatorida e`tirof etiladi. Yurtimizda 7 mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorlik mavjud. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YuNESKOning jahon merosi durdonalari ro'yxatiga kiritilgan. Dunyo davlatlari havas qilsa arziydigan shunday imkoniyatimiz bor. Nega endi, birinchi navbatda, sayohatni o'zimizdan boshlamasligimiz kerak? Bundan, avvalo, zavqqa to'la madaniy hordiq olamiz, qalbimiz g'urur va iftixorga to'ladi. Shuningdek, iqtisodiyotimizga, ichki turizm rivojiga salmoqli hissa qo'shgan bo'lamiz.

Barchamiz uchun muhim

Qarorga asosan belgilanayotgan quyi­dagi jihatlar sizni yanayam qiziqtirib qo'yishi turgan gap. Ichki sayohatlarga joriy yil 10 fevraldan boshlab uch yil muddatga qator imtiyozlar berilmoqda. Aynan keltiramiz: «ish beruvchining turizm sohasida faoliyat ko'rsatish bo'yicha lisenziyaga ega bo'lgan sub`ektlardan xodimlar va ularning oila a`zolari uchun respublika bo'ylab turistik yo'llanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida ko'rib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda solig'ini hisoblab chiqishda chegirib qolinishi lozim;
jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari O'zbekiston Res­publikasi bo'ylab turistik yo'llanmalarni turizm sohasida faoliyat ko'rsatish bo'yicha lisenziyaga ega bo'lgan sub`ektlardan sotib olishga yo'naltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. Bunda turistik yo'llanma (ayirboshlanadigan vaucher), avia va temir yo'l chiptalari, avtotransport tashkilotlarining hisob-fakturalari (chiptalari) va joylashtirish vositalari cheklari tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi».
— Ichki turizmda kasaba uyushmalarining faol ishtirokini ta`minlash orqali korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko'rsatayotgan xodimlar va ularning oila a`zolarini sayohatlarga jalb etishga alohida e`tibor qaratilmoqda, — deydi «Kasaba sayr» sho'`ba korxonasi direktori To'lqin Xidirov. — Shunga ko'ra, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi Rayosati qarori bilan tizimda 2018 yilda turizmni rivojlantirish bo'yicha komp­leks chora-tadbirlar Dasturi hamda xodimlar va ularning oila a`zolari uchun 2018 yil davomida sayohatlar tashkil etish taqsimot-rejasi tasdiqlandi. Unga muvofiq, jamoa shartnomalari va tarmoq kelishuvlariga kiritish orqali 130 ming xodim va ularning oila a`zolarini tarixiy shaharlarimiz va mahalliy hududlardagi diqqatga sazovor joylarga jamoaviy sayohatlarini tashkil etish, shuningdek, korxonamiz orqali 10 ming sayohatchini tarixiy shaharlarimizga safarlarini uyushtirish belgilangan.
Ichki sayohatlarga xodimlar, ularning oila a`zolarini jalb etish bilan birga, yosh avlod vakillarini ham unutmasligimiz kerak, albatta. Negaki, yoshlarning Vatanni sevishi, milliy ma`naviyatga, tarixga hurmati oshishida, bir so'z bilan aytganda, o'zligini anglashida turizm­ning o'rni beqiyos. Ming marta eshitgandan bir marta ko'rgan afzal, deya bejiz aytishmaydi. Xorijdan kirib kelayotgan «ommaviy madaniyat»ning turli zararli ko'rinishlariga qarshi eng yaxshi immunitet, shubhasiz, yurt tarixi, ajdodlari va madaniyatini bilish va faxrlanishdir.
— Aksariyat o'quvchi va talabalar o'z viloyatidan tashqariga chiqmagan, bugungi kunda bu fojiaga teng, desak yanglishmaymiz. Hatto turizm kollejlari o'quvchilari ham o'zi yashayotgan joydagi tarixiy obidalar, ularning tarixi haqida ma`lumotga ega emas, — deydi Xalqaro press-klub tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov.

Dunyo va biz

Dunyoda turizm sanoati ilg'or va sedaromad sohalardan biriga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma`lumotiga ko'ra, dunyo bo'yicha 200 millionga yaqin kishi ushbu sohada mehnat qiladi, jahon iqtisodiyotida xalqaro turizmdan tushayotgan daromad 1 trillion AQSh dollaridan ziyodni tashkil etayapti. Jahon bo'ylab sayyohlar yiliga 4-5 foiz ko'payib, har yili boshqa davlatlarga sayohat qiluvchilar 1 milliarddan oshmoqda.
Xo'sh, mamlakatimiz ushbu raqobatga qay darajada tayyor? Yurtimizda 800 dan ortiq sayyohlik tashkiloti faoliyat ko'rsatib, 600 dan ziyod zamonaviy mehmonxona, sayyohlik bazasi va kemping mavjud ekan. Dam olish maskanlari yil sayin ko'payib, xizmat ko'rsatish turi va sifati yuksalayapti. Yangi sayyohlik yo'nalishlari ishlab chiqilayotgani, transport-kommunikasiya tizimi xalqaro standartlar darajasiga keltirilayotgani soha rivojiga, mamlakatimizga qiziquvchi sayyohlarning ko'payishiga zamin yaratmoqda. Prezidentimiz farmoniga asosan Isroil, Indoneziya Respublikasi, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining a`zolari uchun O'zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e`tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanishi ko'zda tutilgan. Shuningdek, yana 39 ta davlat fuqarolari uchun turizm vizalarini rasmiylashtirishning osonlashtirilgan tartibi belgilanadi.
Jahon turizmi ekspertlari O'zbekis­tonni yaqin kelajakda sayyohlar oqimi yanada ortishi kutilayotgan besh davlat qatoriga qo'shib, mamlakatimizda keyingi 10 yil ichida turizmning yiliga 7 foizdan o'sib borishini bashorat qilishmoqda. Bu esa yangi ish o'rinlari yaratish, eksport va yalpi ichki mahsulot hajmi oshishi, aholi turmushi farovonligini yanada yuksaltirish imkonini yaratadi.

Ha, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar shiddat bilan davom etmoqda. Shunga qaramay, yurtimiz turizm salohiyatini namoyon etish uchun ko'plab mas`uliyatli vazifalar hali oldinda. Nima bo'lganda ham, sayyohlik sohasida O'zbekiston brendi qancha yuksalsa, dunyo hamjamiyatidagi o'rnimiz ham shunchalik mustahkamlanib boraveradi.

Akmal TOShEV

Boshqa xabarlar