E`tiqod — amali bilan ulug'

98

Mamlakatimizda barcha sohada olib borilayotgan islohotlar xalq manfaatini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, islom dinini keng targ'ib etish, bu borada qulayliklar yaratishga qaratilayotgan sa`y-harakatlar har qancha tahsinga loyiq. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Chilonzor tumanida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi bilan ataluvchi masjid bunyod etiladigan bo'ldi.

Kuni kecha Davlatimiz rahbari masjid bunyod etiladigan joyga tashrif buyurib, uning qurilishi masalasida o'z tavsiyalarini berdi. Bu nafaqat biz, oila a`zolarini, balki xalqimizni g'oyatda quvontirdi. Shu bilan birga, zimmamizga ulkan mas`uliyat ham yukladi. Negaki, hazrat boshlagan ishlarni davom ettirish, yanada shijoat bilan mehnat qilish lozim bo'ladi. Yangi bunyod etilayotgan majmuada masjid, hazrat hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi muzey, kutubxona, qiroatxona, shuningdek, uch yuz kishilik xalqaro darajadagi anjumanlarni o'tkazishga mo'ljallangan zal, umuman olganda, mo'minlarga ibodatdan tortib, ma`naviy ozuqa olishi uchun munosib sharoitlar yaratish ko'zda tutilmoqda.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari dinimiz rivoji yo'lida bor kuchini, ilmini sarflagan, odamlar qalbiga hidoyat, ezgulik urug'larini qadagan bag'rikeng olim edilar. Misol uchun, O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi raisi vazifasida ishlab yurgan paytlari sobiq Ittifoq rahbari M.Gorbachyovga rasman murojaat qilib, diyorimizdan haj ziyoratiga boruvchi musulmonlar sonini keskin ko'paytirishga, 1990 yilda Markaziy Osiyo respublikalarining o'zidan besh yuz nafar musulmonni Toshkent shahri orqali haj ziyoratiga olib borishga erishgan. Bundan avval Ittifoq bo'yicha bor-yo'g'i 20-30 kishigina hajga borgan xolos. Yana bir quvonarli jihat, shu kungacha hazratning 120 dan ziyod nomdagi diniy-ma`rifiy kitoblari nashr etilgan. Bu mashaqqatli va sharafli mehnat mahsulidir. Prezidentimiz qayd etganidek, «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi. Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini o'rganish va targ'ib etish, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma`rifat ruhida tarbiyalashga bag'ishlagan edi».
Hazrat vaqtning qadriga yetib ishlashni xush ko'rardi. Ayni paytda o'zgalar vaqtini ham qadrlardi. Shu bois barcha ishlarini tartibli va vaqtida amalga oshirgan.
Hazrat biror ishga qo'l ursa, uni Allohning roziligi, dinimiz va shariatimiz rivoji yo'lida sid­qidildan bajarardi. Ushbu kamtarona mehnatlarining davlatimiz tomonidan e`tirof etilishi, u kishiga hurmat ko'rsatilishi dinimizga, butun musulmonlarga ko'rsatilgan ehtirom, desak xato bo'lmaydi. Shu bilan birga, hazrat qoldirgan ulkan ma`naviy meros ma`naviyatimizni boyitishga xizmat qiladi. Shu ma`noda Prezidentimizning ushbu xayr­­­­li tashabbusi xalq manfaatiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Quvonarlisi, xushxabar nafaqat xalqimiz, balki dunyo musulmonlari, jumladan, hazratning hamkasblari, shogirdlari tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi. Jumladan, eng yaqin shogirdi va safdoshi bo'lgan, qo'shni tojikistonlik Hoji Akbar To'rajonzoda hazratlari telefon orqali ushbu xabardan juda xursand bo'lganini bildirib, o'z tashakkurini Prezidentimizga yetkazib qo'yishni so'radi va u kishining haqlariga duo qildi. Bundan tashqari, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidagi ko'plab shogirdlari, safdoshlaridan tabriklar kelib turibdi.
Yuqorida aytib o'tganimizdek, hazrat dinning, shariatning bilimdoni sifatida har bir qilayotgan ishida, shu qatori oilada, farzandlar tarbiyasida shariat ahkomlariga qat`iy amal qilgan. Bunda Qur`oni Karim va Payg'ambarimiz (s.a.v) sunnatlari asos bo'lgan. U kishi farzand tarbiyasida ham talabchan, ham mehribon murabbiy edi. Bu holat yaqinlari va shogirdlariga bo'lgan munosabatda ham yaqqol sezilib turgan.
Qat`iy kun tartibini bizga kichikligimizdan o'rgatgan. O'qish, yozishni bilganimizda, oldiga chaqirib: «Bir kunlik ish tartibingni yozib kel», deb aytardi. Yozib kelganimizda uni tahlil qilib, o'z maslahatlarini berar, yoshimizga munosib tarzda tushuntirardi. Umrining so'ngiga qadar yo'l-yo'riq ko'rsatishdan malollanmagan. Islomda ham farzand­­ga go'zal tarbiya berish yuksak darajada ulug'lanadi. Jumladan, hadislarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Ota farzandiga beradigan narsalarning ichida eng afzali go'zal odobdir», «Kishining o'z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko'p miqdordagi nafl sadaqasidan yaxshiroqdir», degan so'zlari keltirilgan.
Hazratning yana bir yaxshi odati: avval aytganman, yana qaytarishim shartmi, demaganlar. Inson zoti asli unutuvchan ekanligini nazarda tutib, toki o'git singib, hayot tarziga aylanguncha eslatib turishdan hech ham erinmaganlar. Farzandlariga, shogirdlariga tartibli hayot kechirish, ya`ni uyqudan erta turishni ko'p tavsiya qilardi. Hazrat bomdod namozidan avval turib, ishga o'tirardi. Turli uchrashuv va tadbirlarga borganida ham sof diniy ta`limotni aholiga yetkazish payida bo'lardi. Umuman, har bir masalada tartibga rioya qilgan holda faoliyat yuritardi. Ayniqsa, ilmga ko'p vaqt sarflardi.
Yana bir fazilatlari yaxshilik qilaman, din yo'lida xizmat etaman, degan odamni hech qachon qaytarmasdi. Har qanday holatda iqtidori va salohiyatiga qarab, xizmat buyurgan, qo'llab-quvvatlagan. Menga ham, biror inson oldingga keldimi, uning hojatini chiqarishga harakat qil, kechiktirmagin. Chunki, u odamning o'zgarishi bor. Bugungi ixlosi yoki imkoniyati ertaga bo'lmasligi mumkin. Shu bois yaxshilik yo'lidagi odamga imkon qadar tez yordam berish lozim, derdi. Hazrat huzuriga kelgan insonning ixlosidan imkon darajasida foydalanib, yo'lga solardi. Bir so'z bilan aytganda, u kishi odamlar bilan munosabat o'rnatishda kuchli psixolog bo'lgan va bunda, shubhasiz, Payg'ambarimiz (s.a.v) hayot tarzi ibrat edi. Hozirda o'qiyman desangiz, kitoblar bor va internetdan har qanday mavzuda manba topishingiz mumkin. Ammo o'qib amal qilish boshqa. Hazrat o'qiganiga doimo amal qilganlar.
Hayot yo'li barchaga ibrat bo'lgan shunday ulug' insonga ko'rsatilayotgan yuksak ehtiromga munosib bo'lish hammamizning burchimizdir. Bu borada esa zimmamizda qilinishi lozim bo'lgan vazifalar ko'p. Dinimiz, azaldan ajdodlarimiz ardoqlab kelgan ezgu fazilatlarimiz targ'ibotida bor kuch-g'ayratimizni safarbar etib, kamarbasta bo'lsak, bizni ko'p ulug' manzillar kutib turganiga guvoh bo'lamiz, inshoalloh!

Ismoil MUHAMMAD SODIQ

Boshqa xabarlar