Har kallada har xayol yoxud ikki boshli ilon taqdiri

387

O'quvchilik yillarimiz. Direktorimiz bir yig'ilishda tashabbus bilan chiqib, tuman rahbariga bergan va`dasiga ko'ra, yuqori sinf o'g'il bolalaridan 90 nafarlik chalg'ichilar brigadasi tuzildi. Odambormasning bepoyon dashtida o't-o'lanlar o'sib yotibdi, xohlagancha o'rish mumkin.

Havas va qiziqish bilan o't o'rishga kirishdik. G'ayratimiz ichimizga sig'masdi. Ammo to'rtinchi kunga borib toliqqanimiz bilinib, ancha yuvosh bo'lib qoldik. Sustkashlik qila bosh­ladik, har xil bahonalarni ro'kach qilishga o'tdik. Paxtaobod kanali yaqin. Suv ichamiz yoki cho'milib kelamiz, deb o'qituvchilarimizdan ijozat so'raymiz-u, vaqtni cho'zamiz. Tushlikdan keyin ham ahvol shu. Cho'milish rohati jon.
Shunday kunlarning biri. Cho'milib chiqib, oyoqlarimni suvga botirib o'tirardim. O'rtoqlarim ham birin-ketin suvdan chiqa boshlashdi. Yarmi suvga cho'kkan, ammo shiddat bilan men tomon oqib kelayotgan tut shoxi diqqatimni tortdi. Sal nariroqdagi yulg'un tanasidan ushlagancha o'ng qo'limni oqib kelayotgan shox tomon uzatib, suvdan tortib oldim. Unga o'ralgan olachipor «arqon» ham ko'zga tashlandi. Sin solib qaradim, arqonga o'xshamadi. Ajratib oldim. O'lgan suv iloni. Tanasining yuqorisi ayri shoxdek ikkiga bo'lingan, eng qizig'i, boshi ham ikkita edi. Birinchi boshni ikkinchisi yutib yuborgan.
Husniddin o'rtog'im ikki kun oldin gapirib bergan voqeani esladim. Hech qaysimiz ishonmagan edik uning aytganlariga.
— Mo'minkal dashtida o't o'rayotgandik, — degan edi u haya­jon bilan. — Tush chog'i cho'milishga bordim. Suvga tushish oldidan badanimni quyoshga toblab oldim. Ko'zim suv betidagi olachipor narsaga tushdi. Kuzatsam, suv iloni ekan. Tananing yuqori qismi ikkiga bo'lingan, boshi ham ikkita edi. Hayratlanarlisi, boshlar bir-biriga bas­ma-bas hamla qilardi. Bu olishuv bir necha bor takrorlandi. Uni suvdan chiqarib olmoqchi bo'lib xivich, tayoq yoki sim axtardim. Kelgunimga qadar ko'zdan g'oyib bo'libdi.
Husniddin yolg'on gapirmagan ekan. Bugun biz Tulkixonada o't o'rayapmiz. Mo'minkal dashti bilan orasi besh chaqirim. Demak, ikki boshli ilon jangi ikki kun davom etgan. Men esa jang yakuniga guvoh edim.
Ikki boshli suv ilonining bosh va bo'yinlari qontalash, terilari shilingan. Biri ikkinchisini yutgani esa hayot-mamot jangining nihoyasidan dalolat edi.
Bu voqea uzoq yillar ko'z o'ngimdan ketmadi. Ilonning bir-biriga itoat etmas ikki boshi ikki olam edi. Bir tanaga ikki bosh ortiqchalik qilishini o'shanda tushungandim.

Tursunboy BOYMIROV.
Qamashi

Boshqa xabarlar