Jurnalistlarda “tushum” bormi yoxud korrupsiyaga sababchilar kim?

41
Bugun jamiyatni poraxo'rlikdan tozalash, bu illatning mamlakat taraqqiyotiga qay darajada salbiy ta`sir ko'rsatayotgani haqida ko'p gapiryapmiz. “Korrupsiya” degan istiloh tilimizdan tushmay qoldi. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora qaysidir sudyaning, ta`lim muassasasi ma`murining, bojxona yoki ichki ishlar xodimining katta miqdorda pora bilan qo'lga tushgani haqida xabar tarqalmoqda.
O'zaro suhbatlarda qaysidir soha vakillarini poraxo'rlikda ayblaymiz. Ammo bu illatning jamiyatda ildiz otib, rivojlanishiga, avvalo, o'zimiz sababchi ekanimizni o'ylamaymiz.
Oddiygina bir idoraga ishimiz tushsa ham eshikdan kirmasdan tanish qidiramiz. Shifokorning cho'ntagiga o'zimiz pul tiqamiz, hali yana ishim tushadi, keyingi safar kelganimda navbatsiz qabul qiladi, deb o'ylaymiz. O'g'limizning bog'cha opasi, qizimizning muallimasiga o'zimiz sovg'a beramiz. Shunday qilsak, farzandlarimizga ko'proq e`tibor qaratadi, deb hisoblaymiz. Yo'l harakati qoidasini buzganimizda to'xtatgan nozirning qoshiga qo'limizni ko'ksimizga qo'yib, o'zimiz tushib boramiz. Haydovchilik guvohnomasidan ayrilishning narxi qancha ekanini bilganimiz uchun ham shunday qilamiz. Gaz, svet, suvdanman, deb kelgan nazoratchini ham o'zimiz yo'ldan uramiz.
“Ularning hammasi qo'lga qaraydi, irimini qilmasangiz ishingiz bitmaydi”, deyishingiz mumkin. Lekin ularni poraxo'rlikka biz o'rgatmadikmi? Cho'ntagiga pul tiqqanimizda qo'rquvdan ko'zlari katta-katta bo'lib ketgan, xijolatdan yuzlari qizargan yoshgina shifokornining bora-bora yuzsiz poraxo'rga aylanishiga biz sababchi emasmizmi?
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazi tomonidan 2017-2018 yillarga mo'ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Davlat dasturi ijrosi doirasida fuqarolarning fikri o'rganilgan.
Respondentlarning 76,3 foizi korrupsiya hamma joyda emas, balki ayrim sohalaridagina bor deb hisoblaydi. Masalan, 37,6 foizi kishi sog'liqni saqlash tizimini eng korrupsiyalashgan soha sifatida ko'rsatgan. Ta`lim tizimi undan keyingi o'rinda turibdi.
Shuningdek, huquq-tartibot organlari, bandlik, ijtimoiy ta`minot, kommunal xizmat, bank, soliq va bojxona idoralari, hokimliklar hamda boshqalar faoliyatida ham korrupsiya uchrashi bildirilgan.
O'ylanib qoladi kishi, bizda korupsiya uchramaydigan sohaning o'zi bormikan?
Kim bilandir tanishib qolsak, darrov qaerda ishlashini surishtiramiz. Mabodo bizga kerakli soha odami bo'lsa, muomalani quyuqroq qilamiz, qo'l telefoni nomerini yozib olamiz: asqotib qolishi mumkin.
Tasodifan tanishib qolganim bir kishi qaerda ishlashimni so'radi. Jurnalist ekanimni aytdim. “Oylik qancha?”, so'radi u yana. “Tirikchilik uchun yetadi”, dedim. “Tushumchi, tushum bormi?”, tirjaydi u. Men ham boshqalar kabi bunday savollarni eshitaverib qulog'im pishib ketgan. Ko'nglimga olmay (aslida bunday savol uchun bunday beta`mizdan xafa bo'lishim kerak) javob berdim: “Yo'q, quruq oylikning o'zi, aka”. “E, qo'ysangizchi, hozir kim quruq oylikka ishlaydi. Oylikka yashab bo'lmasligini yaxshi bilamizku. Jurnalistlarniyam tushumi bo'lsa kerak?!” – dedi u sinini buzmay.
Afsuski, ko'pchiligimiz shunday o'ylaymiz…
Vohid Luqmon, O'zA
Boshqa xabarlar