Mehri munir, zebi torak

27

Bashariyat tafakkurining yuksak cho'qqilaridan sanalmish Mir Alisher Navoiy she`riyatga doir manzumalarida badiiy san`atni porloq nur va mehr ulashuvchi hamda bosh ustida tovlanib turuvchi toj bezagiga qiyoslagan. Buni Navoiy bilan shaxsan uchrashish nasib etmagan yosh Zahiriddin Muhammad Bobur ham shoir o'limidan besh yil o'tib, zamonaning zayli bilan Husayn Boyqaroning iltimosiga ko'ra Hirotda bo'lgan chog'ida e`tirof etgan.

Shoh Budoq Shayboniyga qarshi birgalashib kurashish harakatiga tushgan temuriyzodalar Qobulga hukmdorlik qilib turgan Boburni jang maydoniga tortmoqchi bo'lganlari bizga tarixdan yaxshi ma`lum. Qahraton qish hukm surayotgan bir kezda Bobur bu chaqiriqqa «hamma oyoq bilan yurib borsa, men boshim bilan yurib borishga ham tayyorman», deya hech bir xayallamay Hirotga o'n ming lashkari bilan yo'l olgan. Va e`tiborli jihati, Navoiyning bir necha tanobga cho'zilgan ulkan hovlisiga barcha lashkarlari, ot-ulovi bilan joylashgan. Ertasi kuni u Navoiy maqbarasini tavof qilgach, bir necha kun shoir tomonidan barpo qilingan «Xalosiya» xonaqohida tunagan. Xuddi shu yerda «Chor devon» mutolaasi bilan shug'ullanib, Navoiy dahosiga yana bir karra qoyil qolgan. U xattotlariga buyruq qilib, kulliyotni to'la ko'chirtirib olgan.
Chindan ham Navoiy she`riyatda badiiy so'zning cheksiz qudrati va imkoniyatlariga yuksak baho berib, bu haqda «Hayratul abror»da maxsus to'xtalgan. O'zi kechirgan bu shavqu hayratni shunday ifodalaydi: «Charx tomig'a nardbon yasamoq, mehr sham`ig'a sham`don yasamoq. Qilibon ankabut ipini kamand, Aylamak ajdaho aning bila band».
Endi siz ham shoirning ijodiy xayol ixota doirasini bir tasavvur etib ko'ring-a! Badiiy ijodga, she`riyatga qo'l urmoq baayni falakning peshtoqiga monand narvon tayyorlashu, quyosh sham`ig'a munosib sham`don yasash bilan o'rgimchak ipidan sirtmoq hozirlab, afsonaviy ajdahoni band etishga tenglashtiriladi. Bu — insoniyat imkoniga sig'maydigan narsa va hodisalardan g'aroyib mo'`jizakor holat — yaratish san`ati, inson zakovati jur`at qilmagan o'y-xayollarga ijodiy jasorat topish iqtidoridan dalolat beradi. Shoir so'z san`atining samoviy qudratidan rag'batlanib, shunday yozadi: «Zarrada mehrni nihon aylay, Bahrg'a qatrani makon aylay». Zarrada — quyosh, qatrada — dengiz aks etishidek olamning mo'`jizalarini takror-tak­ror eshitganimiz uchunmi, ular bizni unchalik hayratga solmasligi mumkin. Ulug' san`atkor esa mana shu hodisadan ijodiy foydalanib, she`riyatga yanada sayqal baxsh etadi. Shoir, zarurat tug'ilsa, olamning eng ulkan jismi hisoblanmish quyoshni eng kichik jism — zarraga, ummonni esa qatraga joylay olishdek afsungar mahoratiga ega bo'lganligi uchun ham shoir-da! She`riyat san`atiga xos bunday favqulodda badiiy mantiq kuchi yuqoridagi kabi mubolag'aning ig'roq, ifrot kabi nafis va sirli poetik usullarida o'ziga xos holatda namoyon bo'ladi.
Badiiy so'z sehrgarlaridan biri Alisher Navoiy she`r yaratishga qanchalik yuksak mas`uliyat bilan kirishmasin, bu maydonda o'zini shunchalik erkin, shavq-u rag'bat qurshovida his qilgan:
…Agar xosa ma`ni, gar iyhom erur,
Oning kunda yuz bayti halvom erur.
Bu baytning o'ziga jalb qiluvchi siri «xosa ma`ni», «iyhom» so'zlarining zamiriga yashiringan mazmundadir. Navoiy qalamining ilohiy qudrati ham shunda — buni yaxshi halvopazning o'z ishidan zavq-shavq olishiga qiyos etilishidan ham bilsa bo'ladi. Biroq shoir eng qiyin va murakkab badiiy usullar bilan ishlanadigan shohbaytlarni ko'zda tutayotganini e`tibordan qochirmaslik kerak. Har holda, Navoiy qonuniy iftixor hissi bilan tilga olgan, har bir shoir ham uddasidan chiqavermaydigan xosa ma`ni, iyhom san`ati aslida o'zi nima ekanini bilmay turib, uning so'z dahosi haqida aniq tasavvur hosil qilish qiyin. Shuning uchun dastlab nisbatan ­kamyob o'sha ikki san`at zaminida yaratilgan baytlarga razm solib ko'raylik:
Bosh qo'yay dedim oyog'i tuprog'iga,
dedi: qo'y,
Bo'sa istab la`li rangin so'rsam
erdi dedi: ol.
Mazkur shohbaytda o'zaro nuktadonlik talashadigan ikki lirik lavha — obraz mavjud bo'lib, bu «qo'y», «ol» so'zlarining har biri anglatgan qo'sh ma`no zaminiga qurilgan nozikxayollik — betakror badialardan iborat. Ularni biroz sharhlab o'tmasak, baytning asl nafosatini anglash qiyin bo'ladi. Oshiq muhabbat qismatining barcha qiyinchiliklariga dosh berib, mahbuba oyoqlariga emas, uning gardiga bosh qo'yar darajaga borib yetsa-da, u bag'ritosh unga avvalgiday bepisand. Hajr iztirobida to'lg'onib, vasl ilinjida hokisorlik bilan qilgan iltijosini rad etadi. Demak, mahbuba yo boshqani sevadi yoxud oshiq ahvoliga rahm-shafqat qilmaslik — uning odati. Mahbuba muhabbatning jiddiy sinovlari davomida to'la qanoat hosil qiladiki, oshiq o'zining chin e`tiqodi, benihoya shikastaholligi, fidoyiligi bilan sadoqat va vafoning mujassam timsoli bo'lib qolajagini, muhabbat yo'lidagi butun qiyinchiliklarni taqdir nasibasi o'rnida ko'rishini namoyish etayotir. Demak, uning ko'ngil iltijolariga o'shanday muhabbat bilan javob qilsa, visol rizoligi bilan dardiga malham qo'ysa arzigulikdir.
Keyingi misraning o'zaro zid ikki ma`nosi: hajrning turfa xil qiynoqlarini kechirishga, ishq yo'lidagi azaliy va nogahoniy balolarni daf etishga kuch, sabot bergan, eng mushkul damlarda dildagi umid charog'ini so'ndirmagan sehrli umid tuyg'usi, vaslning bebaho mukofoti — bo'sa istagiga oshiq noil bo'lsa ham, buni oshkor etishga hayodanmi, vahmdanmi jur`at qilmaydi-da, bolalarcha: «La`lingni rangi qanday edi?» deb savol beradi. Ma`shuqa esa yo bu savol ma`nosini atayin anglamaganga olib tog'ofil bilan yo oshiqning jur`atsizligidan kulib, sho'xlik, g'amza-yu istig'no bilan uning dardiga bedardlarcha yuzaki javob qiladi. «Nahotki shuni ham bilmasang, labimning rangi qizil»: sen fazlu kamoling bilan muhabbatdek buyuk davlatning zakoti — pokiza bo'sa iltifotiga musharraf bo'lmoq uchun ushshoq ahli o'tishi vojib qiyin va muqaddas yo'lning barcha manzillaridan o'tding. Sening chin oshiqliging shundaki, o'zing sazovor bo'lgan bu baxt istagini ochiq aytishga hayo qilasan, zero, muhabbat tuyg'ulari o'sha pardaliligi bilan qadrli va jozibalidir. Sening ramziy, ishorali savollaringdan mening ham visol ishtiyoqim purziyod bo'ldi. Senga o'sha muborak tuhfani topshirishga mingdan-ming rozidirman, ol. Shunday qilib, iyhom san`ati bilan bezatilgan mazkur shohbaytda istang — zohiriy-oshkor, istang — botiniy-pinhon ma`nolar taqdim etiladi. Iyhomning jozibasi ham uning mana shunday tanqisligida ko'rinadi. Bunday baytlarda poetik san`at turlaridan to'g'ri foydalanish uchun shoir ijodining ichki ma`naviy dunyosini keng­roq o'rganish zarurati tug'iladi. Navoiyning so'lmas durdonalari bo'lmish minglab shohbaytlarda olovli ehtiroslar bilan birga, vazmin fikrlarning omuxta bo'lib kelishi san`atkordan chinakam iste`dod bilan birga, zo'r malaka va puxtalikni taqozo qilardi. Lirikada asrlardan beri ishlanib kelgan muayyan qoidalar, «temir qonun» bo'lib ketgan mufassal shartlar vujud­ga kelgan ediki, bularni bilish har bir shoir uchun farz edi. Aks holda o'sha shoirni savodsizlikda, noqobillikda yoki chinakam badiiy zavqning yo'qligida ayblashardi.
Bir necha asrlar mobaynida Sharq klassik she`riyatining nazariy va amaliy faoliyatiga ko'rsatma bo'ladigan ilmlar zohir topgan ediki, bular «Ilmi bade`», «Ilmi aruz» va «Ilmi qofiya» nomlari bilan ataladi. Buni barcha qomusiy olimlar «Ilmhoi segona» deb atab kelishgan. San`at olamidagi bu «uchlik»ni bilish har bir adabiyotshunos uchun mutlaqo shart bo'lgan. Adabiyot shinavandalari har qaysi badiiy she`riyatga baho berayotganlarida, uning o'sha poetik qirralariga qarab o'lchov yasaganlari ham bejiz emas. Navoiy ham o'z g'azallarini faqat ilhom va tuyg'u omillarigagina rioya qilmay, adabiyot qoida va nazariyalarini ko'zdan qochirmay qalam tebratgan. U o'zigacha «Ilmi bade`» haqida yaratilgan asarlarni turli mamlakat kutubxonalaridan toptirib kelib, chuqur o'rgangan. Buni shoir o'zining «Mezonul avzon» deb nomlangan asarida ochiq aytadi. Jumladan, u hijriy III asrda yashab o'tgan Abbosiylar shajarasiga mansub Ibn Mu`tasim yaratgan dastlabki 17 ta san`at usulini tajribada sinashga uringan. Undan keyin Quddam bin Ja`far tomonidan yozilgan «Naqdush she`r» va Xalil ibn Ahmadning aruz va qofiya ilmiga doir asarlarini mutolaa qilgan. XI asrda yashagan Umar Roduyonining «Tarjimonul balog'a», Mansur Samarqandiyning «Kanzul g'aroyib», Muhammad Rashidiyning «Ziynatnoma» kabi poetikaga doir qo'lyozmalarini o'rgangan.
Ayniqsa, shoirlar uchun XII-XIII asrlarda yaratilgan ikkita asar muhim bo'lgan.Bulardan biri mashhur xorazmlik shoir va olim Rashididdin Vatvotning «Hadoyiqus sehr» asaridir. U Xorazmshoh Muhammadning otasi sulton Takesh saroyida xizmatda turgan. Shayx Najmiddin Kubroning suyukli xulofalaridan sanalgan Majdiddin Bag'dodiy o'sha sulton Takesh bilan aka-uka bo'lgan. Vatvotning bu asari o'z davri uchun qo'llanma va dasturulamal vazifasini o'tagan.
Ikkinchi yirik asar esa Xorazmshoh saroyida ma`lum vaqt xizmat qilgan Qays Roziyga tegishlidir. Uning katta shuhrat qozongan «Almu`jam» nomli poetik asari fors tilida Xorazmshohlar saroyida yaratilgan. Bu asar o'sha paytda mo'g'ullar talotumi avjga mingan bir paytda yo'qolgan, biroq ilm-ma`rifat qadriga yetadigan Jaloliddin Manguberdining ukasi Rukniddinning ­sa`y-harakati bilan qo'lyozma axtarib topilgan.
Navoiy XV asrda yozilgan «Sharafnomai Muniriy» deb nomlangan mashhur asarni ham chuqur o'rgangan. Unda aytilishicha, Qays Roziy Xorazmda yashagan paytlarida bevosita sulton Jaloliddin Manguberdi nomiga atab «Qang'li» shevasi asosida turk­­cha bir lug'at yaratgan. Uning nomi «Tibenul lug'otit turkiy alo lisonul qang'li» deb atalgan. Qang'lilar turkiy xalqlar ichidagi bir qavm bo'lib, ularning bir qismi Toshkent atrofida ham yashagan. Bu qavmning nomi bugun ham shaharda «Kichik qa`ni», «Katta qa`ni» nomlari bilan atalib kelinadi. Qang'li so'zining asl lug'aviy mazmuni Rashididdinning «Jome`-ut tavorij» asarida «Qoniqarli kishilar», «qoniqli odamlar» degan ma`noni berishi aytiladi. Bundan ko'rinadiki, Qays Roziy turkiy tilni ham yaxshi bilgan. U shayx Najmiddin Kubroning suyukli xulafolaridan bo'lgan Majdiddin Bag'dodiy, imom Faxr Roziy, Sirojiddin Sakkokiylar bilan birgalikda Turkon Xotun saroyi­­da xizmat qilgan. Gurganj mo'g'ullar tomonidan zabt etilgach, Qays Roziy ham eron tomonga qochishga majbur bo'lgan. Qays Roziyning qang'lilar haqidagi asari XI asrda yaratilgan Mahmud Koshg'ariyning «Devoni lug'otit turk» asaridan keyin ikkinchi yirik asar edi, desak aslo xato bo'lmaydi. Saroy tegrasida yuz ming jilddan ortiq kitobga ega bo'lgan Navoiyni bu asar ham qiziqtirgan bo'lishi tabiiy bir holdir.
Shoir g'azallaridan birining maqtaida shunday bir bayt keltiradi:
Navoiy nazm aro tiyg'i zabonni
o'yla surdikim,
Pichoq topmas uyatdin o'zni
o'ldirmoqqa Sakkokiy.
Navoiy bu baytda Sakkokiy nomi ostida kimni ko'zda tutgan ekan dersiz? Ma`lumki, Navoiydan bir muncha oldin Otoiy va Gadoiylarning zamondoshi bo'lgan Sakkokiy degan shoir o'tgan. U Mirzo Ulug'bek saroyi­­da qasidanavis shoir sifatida tanilgan. Biroq Navoiy bu shoirga yuksak baho bergan emas. Shoir Abdurahmon Jomiy, Sa`diddin Koshg'ariy va Xo'ja Ahrorlarning maslahati bilan Samarqandga borib, Abulaysiy huzurida ilm olayotgan kezlarda, Toshkand hokimi Ahmad Hojibek yordamida uning devonini ko'p izlatgan. Sakkokiyning devoni shuhrat topmagach, u ko'p ko'chirilmagan. Navoiy faqat uning ayrim poetik zaif she`rlarinigina o'qib, tegishlicha xulosaga kelgan. Shu bois u she`rda til qilichini muzaffarona sug'urganini ko'rib, uyalganidan o'zini o'ldirishga pichoq topolmay garang bo'ladigan darajada ashaddiy raqib bo'lolmaydi. Navoiy bu o'rinda o'ziga musobaqadosh, raqib deb boshqa bir ustodni ko'zda tutgan. Bu shoir Jaloliddin Manguberdiga ham ustozlik qilgan Sirojiddin Abu Yaqub Yusuf bin Abubakr Sakkokiy (1159-1227) dir. U asli xorazmlik bo'lib, «Miftoxul ilm» nomli poetik san`atga daxldor asarning muallifi sifatida shuhrat qozongan. Bu asarda Sakkokiy morfologiya, sintaksis ilmini ilgari surish bilan birga, she`riyatda ma`no, bayon va adabiy san`atlar xususida, aruz va qofiya to'g'risida ham mufassal ma`lumotlar bergan. Uning bu kitobiga ko'p mashhur adiblar, jumladan, Temurning zamondoshi Sa`diddin Taftazoniy ham mufassal sharh yozgan. Badiiy san`atlarning hamma qoidalarini mukammal bilgan bir donishmand oldida badiiy hunar ko'rsatish, albatta, Navoiy uchun katta sharaf sanalgan.
Shoir bu baytda xuddi shu nuqtani ko'zda tutgan. Bularning bari mumtoz poetika an`analarining Navoiy davrida juda yuksak pog'onada turganidan darak beradi. Navoiy o'zi ham ko'p asarlarida «ilmi bade`» atamalarini ko'p qo'llaydi. She`riyatning tahlil va ta`rifida u yuksak ilm sohibi bo'lganini namoyon etadi. Masalan, faqat bitta asarning o'zida u: ruboiyning vazni xususida, masnaviy va qasida, uning ixtirolari to'g'risida, tajnisning ikki vaznli, ikki qofiyali turlari haqida, g'azal va qasidalardan tashkil top­gan devon haqida, Xamsa haqida, munozara va badiha to'g'risida, she`rdagi salosat (ravshanlik) va latofat haqida, tarse` san`ati, na`t turi va qofiya haqida, tab`da xayolangezlik haqida, bahoriya qasidasi degan tur haqida, muammo san`ati, vazn, qofiya, radif haqida, g'azalning maqta`i va tashbehotlar to'g'risida tiniq ma`lumotlar beradi. Navoiy hamma badiiy san`atlarni, so'z, vazn, qofiya bobida ustozlar ishlab ketgan qoidalarni o'qib-o'rganishga da`vat etadi.
She`rni yozayotganda ma`nining butunligi, fikrning to'g'riligi eng muhim ekanligini tushuntiradi. Soxtalikdan qochish, yolg'on tashbehlardan, tushunarsiz, g'aliz ishoratlardan, mushkul imolardan, qaytariq so'zlardan, takroriy tajnislardan, uzundan-uzun ishoratlardan, noto'g'ri majozlardan, o'rinsiz iboralardan hazar qilishni uqtiradi. Ayniqsa, bu o'rinda tarix zarvaraqlarini, o'tmishdagi mashhur arboblar, hukmdorlar, donishmandlarning sarguzashtlarini, hukamolardan meros bo'lib o'tgan salaflarni yaxshi bilishni tavsiya etadi. Bu o'rinda Navoiy she`rda butunlik, shakl va mazmunning jobajoligini, mazmunning ustunligini talab qiladi. Bu aytilganlarning bari o'sha davrda mumtoz poetika an`analarining juda yuksak poyalarda turganidan darak beradi.

Mahmud NAZAROV,
filologiya fanlari nomzodi

Boshqa xabarlar