Ortiqcha gap

33
Yaqinda yaxshi bir kitob o'qidim. Avval bilmagan va eshitmagan ekanman, balki siz azizlar uchun ham foydali bo'lishini o'ylab unda bitilgan ibratli bir nuqtaga to'xtalaman.
Ma`lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur o'z davri ijodkorlari bilan munosabatlarini «Boburnoma»da mufassal bayon qiladi. Ammo bu muhtasham kitobda avval uchratmaganim tarixiy bir voqeaga Hasanxo'ja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» tazkirasida duch keldim. Unda yozilishicha, o'sha zamon shoirlaridan biri, o'zbek adabiyoti tarixiga «Qissai Sayfulmuluk» asari muallifi sifatida kirgan  Majlisiy Boburga bag'ishlab qasida yozadi.
Qasida Boburning ta`biga xush-ma`qul keladi va shu maqtovli she`r evaziga shoirga yetmish ming tanga in`om qilmoqchi bo'ladi. Biroq shu orada nima uchundir Boburning esiga:
«Miskin chig'atoyki kunduzi
                                       tundir anga,
Ahvoli parishon qora
                                     tundur anga.
Mag'rur bo'lib yer yuziga
                                        sig'mas edi,
Sichqon teshugi emdi ming
                              oltundir anga»,
degan ruboiy kelib qoladi. Bobur Majlisiydan: «Muhammad Solih bu ruboiyni nima sabab bilan aytgan?» deya so'raydi. Majlisiy shu ruboiy ham Boburga juda yoqqan ekan-da, degan xayolga borib, so'ralmagan bir gapni hech zaruratsiz aytib, maqtanib qo'yadi: «Aslida bu ruboiyni men yozganman, lekin odamlar orasida Muhammad Solih nomidan mashhur bo'lib ketdi». Bobur undan ruboiyni kim yozgan, deb so'ramadi. Yozilish sababini bilmoqchi bo'ldi, xolos. Ammo Majlisiy o'zidan savol to'qib, so'ralmagan gapga javob aytadi. Shunda Boburning avzoyi buzilib, qoshlari chimiriladi. Ruboiy mazmunimi yoki  Majlisiyning ortiqcha gapirib qo'ygani Boburga ma`qul kelmaganmi? Bunisi bizga qorong'u. Dalil shuki, Bobur Majlisiyni qatl etishga buyurmoqchi bo'ladi, ammo muruvvatli podshoh sifatida kechirishni ma`qul ko'rib, niyatidan qaytadi va: «She`r siylovi uchun tayin etilgan yetti ming tanga mullaning xunbahosi hisoblanadi, o'zini esa bu yerdan chiqarib yuboringlar», deb aytadi.
Majlisiy bilan Bobur o'rtasida bo'lib o'tgan shu suhbat va buyruqni ijikilab sharhlashga zarurat yo'q. Gap tushunarli. Agar kimdir ang­lashga  qiynalgan bo'lsa, unga hazrat G'azzoliyning «Til ofatlari» kitobini tavsiya qilamiz.
Bahodir KARIMOV, 
filologiya fanlari doktori
Boshqa xabarlar