Yaxshi kitob ko'ngilda varaqlanadi

309

«1739 yil 20 noyabr. Aziz bolajonim! Sen Rim tarixini o'rganayapsan, bunga jiddiy yondashayotgan bo'lsang kerak, deb umid qilaman. Tarixni o'rganishdan maqsad nima dersan? Maqsad o'tmish kishilarining yaxshi fazilatlari-yu kamchiliklarini bilib, o'rganib, bundan o'zimiz uchun to'g'ri xulosa chiqarishdir». Chester Fildning ushbu so'zlar bitilgan «Farzandga maktublar» asari menda katta taassurot qoldirdi. Asarning tarbiyaviy ahamiyati beqiyos bo'lib, farzandning hayotda to'g'ri yo'lni tanlashida ota-ona alohida o'rin tutishi ishonarli tarzda ko'rsatib berilgan.

Yozuvchi umri davomida farzandiga maktub yozgan va bularning bari jamlanib asar holiga kelgan. Har bir maktubda farzandning xatti-harakatiga munosabat bildirilib, hatto do'stlar davrasida o'zini qanday tutish, hamkasblar bilan qanday muomala qilish, fikr bayonchiligi haqida maslahatlar beriladi. Muallif bulardan to'g'ri xulosa chiqarishga undab, eng nozik his-tuyg'ularda ham adashmaslikka da`vat etadi.
Uning yana bir maktubidagi quyidagi jumlaga e`tibor qarating: «Yodingda bo'lsin, kimningdir bilimdon ekanini tushunish uchun ancha-muncha fursat kerak, ammo xulq masalasiga kelsak, u bir qarashdayoq sezilishi mumkin». Bu bilan u insondagi xulq-atvor tezda ko'zga tashlanishini nazarda tutadi u.
Boshqa maktubida: «Chuqur ilmga ega har qanday odamda sog'lom aql bo'lmasa, unda, albatta, mutakabbirlik paydo bo'ladi», deb yozadi. Har kim ham puxta ilmga ega bo'lishi mumkin, biroq fikri tiniq va sog'lom bo'lmasa, bu bilimdan ne naf?
Yozuvchi farzandi ilmli bo'lishi barobarida dunyoqarashi keng, sog'lom fikrlaydigan bo'lishini ham xohlaydi. Barcha ota-onalar va yoshlarga ushbu asarni o'qishni tavsiya qilgan bo'lar edim, undan qanday xulosa chiqarish esa o'zingizga bog'liq.

Dilnavoz TOShNAZAROVA,
Qo'shko'pir tumanidagi 12-maktab o'qituvchisi

Boshqa xabarlar