Ulug' shoirga ehtirom

730

Andijonda o'zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.

Viloyat hokimligi, O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida o'tkazilgan tadbirda yurtimizda va xorijda faoliyat yuritayotgan boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida xalqimizning boy madaniy merosi, xususan, buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ilmiy-badiiy asarlari jahon ilm-fani, adabiyoti rivojida muhim ahamiyat kasb etgani ta`kidlandi. Bobur va boburiylar hayoti, ijodiy merosini o'rganish, targ'ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ­fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda Bobur hayoti bilan bog'liq sahna ko'rinishlari namoyish etildi, yosh ijodkorlar Bobur g'azallaridan namunalar o'qidi. Ishtirokchilar Bobur haykali poyiga gulchambarlar qo'ydi.
— Bobur Mirzo ijodi insonni komillikka chorlovchi ulkan ma`naviy xazinadir, — deydi O'zbekis­ton xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Ayniqsa, adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida juda ko'p ma`lumotlar berish bilan birga, o'sha davr yozma manbaalarini o'rganishimizda muhim manbaa bo'lib xizmat qiladi. Bobur lirikasi esa o'zbek mumtoz adabiyotining eng go'zal sahifalaridan biridir.
Tadbir «Bog'i Bobur» istirohat bog'idagi «Bobur va jahon madaniyati» muzeyida Bobur va boburiylar ijodini o'rganish va targ'ib etish masalalariga bag'ishlangan ilmiy anjuman bilan davom etdi.
Anjumanda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi, boburshunos olimlar tomonidan Bobur va boburiylar hayoti, ijodiy merosini o'rganish, targ'ib etish borasida olib borilayotgan ishlar xususida taniqli olim va ijodkorlarning ma`ruzalari tinglandi. Shuningdek, Fond tashabbusi bilan chop etilgan «Mubayyin» nas­riy bayoni», «Risolai Volidiya». Uning nazmiy tarjimasi va sharhi», «Shamollarda uchgan nidolar» nomli kitoblar taqdimoti o'tkazildi.
Tadbirda Afg'oniston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmanis­ton, Eron va Yaponiya davlatlaridan kelgan boburshunos olimlar ham ishtirok etdi.
— O'zbekistonda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan ulug' allomalar hayoti va ijodini o'rganish, keng targ'ib qilish borasidagi ishlar davlat siyo­sati darajasida olib borilayotganiga havasim keldi, — deydi Tokio san`at universiteti professori Kume Shogo. –– «Boburnoma» asari yaponiyalik taniqli boburshunos olim, professor Eyje Mono tomonidan yapon tiliga tarjima qilingan. Ushbu asarni o'qib chiqib, Bobur yurtiga bo'lgan qiziqishim ortdi. Ana shu qiziqish tufayli bugun O'zbekistonga, xususan, Andijonga keldim. Yurtingiz menda faqat iliq taassurotlar qoldirayapti. Ayniqsa, Osiyo ilm-fani, Hindiston taraqqiyoti va rivojiga salmoqli hissa qo'shgan shoir, olim va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburga O'zbekiston zaminida ko'rsatilayotgan hurmat xalqingizning shu yurtdan yetishib chiqqan buyuk tarixiy shaxs­larga yuksak ehtiromining yorqin namunasidir.

Faxriddin UBAYDULLAEV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar