Maktab o'quvchisi qanday ovqatlanyapti?

1,099

Maktabdan Nizomjonning qorni og'rib keldi. Onasi shoshilganicha «tez yordam»ni chaqirdi. Shifoxonada uning ovqatdan zaharlangani ma`lum bo'ldi. Keyinchalik aniqlanishicha, maktab stadioni yaqinida har kuni turli mahsulotlar keltirib sotadigan bir sotuvchi ayoldan xot-dog olib yegan ekan. Ona o'g'liga o'sha opadan bosh­­qa narsa xarid qilmaslikni tayinladi. Xo'sh, bu yetarlimi? Axir, sotuvchi ayol qancha bolaning salomatligiga zarar keltirayotgan bo'lishi mumkin.

Bunday holat yakkam-dukkam uchraydi desak, xato qilgan bo'lamiz. Aksincha, istagan maktabingiz atrofida notanish sotuvchilar sifati kafolatlanmagan mahsulotlar bilan savdo qilayotganiga ko'zingiz tushadi. Sog'lom avlodni voyaga yetkazish haqida ko'p gapiramiz, yozamiz. Qanchadan-qancha tadbirlar uyushtirib, mavzuni muhokama qilamiz. Biroq bu ishlar qay darajada foyda beryapti?

Keling, avval sog'lom ovqatlanish tushunchasiga aniqlik kiritib olsak.
— To'g'ri ovqatlanish — inson salomatligini kafolatlovchi muhim talablardan biri, — ­deydi Xorazm viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi Bekturdi Normetov. — Bolalar ovqatlanishini to'g'ri tashkil etish orqali ularning ehtiyojini qondirish bilan birga, organizm rivojlanishini ham ta`minlagan bo'lamiz. Sifat va miqdor jihatidan yaxshi bo'lmagan taom bola organizmiga fizik va nerv-psixologik jihatdan salbiy ta`sirini ko'rsatishi mumkin. Bolalarning yoshiga mos oqsil, uglevod, vitamin va minerallar bilan ­to'yintirilgan taomlar sog'lom ovqatlanish asosidir.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 5 maydagi «Umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida sog'lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori ta`lim muassasalari o'quvchilarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va sog'ligini mustahkamlashda asos bo'lib xizmat qilayapti. Ammo bunga qay darajada amal qilinayapti?
Talablarga ko'ra, ta`lim muassasalari oshxonalarida xizmat ko'rsatayotgan tadbirkorlar va ma`muriyat o'z faoliyatini o'quvchilarning ota-onalari bilan hamkorlikda olib borishi lozim. Ular tomonidan ota-onalar yig'ilish­larida o'quvchilarning sog'lom ovqatlanishi uchun tayyorlanayotgan taomlarning sifati va ovqatlanishni tashkil etishda ko'rsatiladigan xizmatlar to'g'risida taqdimot va ko'rgazmalar o'tkazilishi maqsadga muvofiq. Xodimlar oshpazlik sohasi bo'yicha tegishli bilimga ega bo'lishi va o'z malakasini ­doimiy ravishda oshirib borishi zarur. Oshxonalarning faoliyat ko'rsatish samaradorligi o'quvchilarning ovqatlanishga jalb etilishi hamda ta`lim muassasasi ma`muriyati tomonidan o'quvchilar va ota-onalar o'rtasida o'tkaziladigan so'rovnomalar natijalariga ko'ra aniqlanadi.
— O'quvchilarning sog'lom ovqatlanishi ta`lim muassasalari oshxonalarida belgilangan xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishga doir sanitariya-gigienik va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishiga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim, — deydi B. Normetov.
Xo'sh, xalq ta`limi bosh­qarmasi tomonidan o'quvchilarning sog'lom ovqatlanishini tashkil qilish bo'yicha o'quvchi va ularning ota-onalari o'rtasida so'rovnomalar tashkil qilinyaptimi? Amalga oshirilgan ishlar har chorakda muhokama qilinib, tegishli tashkilotlarga axborotlar taqdim ­etilyaptimi?
Ma`lumotlarga ko'ra, Xorazm viloyatidagi jami 505 ta maktabning atigi 142 tasida Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qarori asosida oshxona yoki bufetlar tashkil qilingan, xolos. Jumladan, Xonqa tumanida 2 ta, Yangibozor tumanida 4 ta maktabda oshxona yoki bufetlar ishlayotgan bo'lsa, Hazorasp tumani va Pitnak shahridagi umumta`lim maktablarida ovqatlanish shoxobchalari umuman tashkil qilinmagan. Urganch shahridagi 4-, 6- va 25- maktablarning oshxonalari jiddiy ta`mirga muhtoj, oshxona jihozlari eskirgan, kamchilik­lar talaygina. Qo'shko'pir tumanida 2 ta maktabda oshxona, 11 ta maktabda bulochka va kremsiz qandolat mahsulotlari savdosi bilan shug'ullanuvchi bufet ish yuritmoqda. Tumanning qishloq joylaridagi 38 ta maktabida, Bog'ot tumanining chekka hududlaridagi 27 ta maktabda oshxona yoki bufet tashkil qilinmagan. Endi yana bir jihat shuki, mavjud oshxona yoki bufetlarning hammasi ham talab darajasida faoliyat ko'rsatadimi?
Davlat sanitariya nazorati xizmati tomonidan o'tgan yil davomida maktablarda tashkil qilingan oshxona yoki bufetlarda har chorakda o'tkazilgan monitoringlarda laboratoriyalarga ­mikrobiologik ko'rsatkichlar bo'yicha oshxonaning texnologik jihozlari, xodimlarning qo'li va maxsus kiyimidan jami 1355 namuna olingan va shundan 55 tasi talabga javob bermagan. Joriy yilning o'tgan davrida oziq-ovqat mahsulotlarining sifati bo'yicha kimyoviy ko'rsatkichlarga oid 118 ta namuna tahlil qilingan bo'lsa, shundan 2 tasi, bakteriologik tahlil yordamida oshxona va bufetlar tozaligini tekshirish maqsadida 690 ta surtma olingan bo'lsa, shundan 34 tasi talabga javob bermagan.
O'quvchilarning qanday ovqatlanayotganini o'z ko'zimiz bilan ko'rish maqsadida ayrim maktab­larda bo'ldik. Jumladan, Urganch shahridagi 1 maktabdagi bufetda qaynoq kakao ichib o'tirgan o'quvchilarni suhbatga tortdik.
— Bu yerda mazali somsa, gumma sotishadi, — deyishdi qizlar.
Sotuvchi qo'lida maxsus oshxona qo'lqopi yordamida mahsulotlarni bir martalik qog'oz salfetka va selofan paketlarga solib uzatyapti. Shu yerda o'tirib ovqatlanish istagidagilarga likopchalarda berayapti. Bufet ozoda va saranjom. Jarayonni chetdan kuzatib turgan kishi diqqatimizni tortdi. Bilsak, shu maktab direktori ekan. Rahbar bufetda sotilayotgan mahsulotlar sifatini har kuni shaxsan nazorat qilib borarkan.
Shahardagi 18-maktab oshxonasi ham yorug', ozoda, qolaversa, bu yerda har kuni sifatli va issiq ovqatlar tayyorlashga ahamiyat beriladi. Shuning­dek, ixtisoslashtirilgan maktablarning barchasida oshxonalar mavjud bo'lib, faoliyati yaxshi yo'lga qo'yilgan. Biroq, besh qo'l barobar emas…
Gurlan tumanidagi maktablardan biri qarshisidagi hovlining gavjumligi diqqatimizni tortdi. Bu yerda o'quvchilar «xot-dog» xarid qilishayotgan ekan. Sotuvchi ayol pul sanab olgan qo'llari bilan o'quvchilarga yegulik ulashyapti. Qo'lbola rasta turli shirin va gazli ichimliklarga to'la. Sotuvchidan ruxsatnomasi bor-yo'qligini so'raganimizda, yaqindagina Qozog'istondan kelganligini, hujjatlari taxt bo'lib qolgani va tez kunlarda ruxsatnoma olishini aytdi.
— Pul sanagan qo'l bilan taom ushlash gigie­naga to'g'ri keladimi? — degan savolimizdan keyin ayol u yoq-bu yoqqa qarab turdi-da, qo'liga bir martalik klyonka kiyib oldi.
— Xo'jako'rsinga emas, bolalar salomatligini ko'zlab, bunga doim amal qilsangiz, yaxshi bo'lardi, — dedik.
Darhaqiqat, pul sanagandan keyin qo'lni yaxshilab yuvish haqida shifokorlarimiz ko'p uqtirishadi. Negaki, bolalar orasida ko'p uchrovchi gijja, «A» virusli gepatiti, diareya va boshqa ozqozon-ichak xastaliklari aynan qo'llarni yuvmasdan ovqatlanish oqibatida kelib chiqadi. O'quvchi qo'liga qog'oz-ruchka tutadi, kitob varaqlaydi, qolaversa, hojatxonaga borib keladi. Bu davrda ularning qo'lini yuvishiga kafolat bormi? Qishloq maktablarini qo'ya turing, ko'pgina shahar maktablarida ham buning uchun yetarli sharoit yaratilmagan.
— Kishi har kuni bir xil vaqtda ovqatlanishi lozim, — deydi bolalar shifokori Qumri To'raeva. — Shunda ovqat yeyish oldidan me`da-ichak shirasi ko'p ajraladi. Ovqat yaxshi hazm bo'ladi va uning kim­yoviy komponentlari to'la o'zlashtiriladi. Ovqatlanish tartibining buzilishi bu jarayonga salbiy ta`sir ko'rsatibgina qolmay, balki gastrit, me`da va o'n ikki barmoq ichak yarasi kabi turli kasallik­larning paydo bo'lishiga ham olib keladi.
Aksariyat ota-onalar bolalarining qo'liga pul tutqazishadi. Suhbatlarimizdan ayon bo'ldiki, qish­loq sharoitida bolalarga har kuni o'rtacha 500-1000 so'm atrofida, shaharda esa 2000-3000 so'm atrofida pul berilar ekan. Xo'sh, bu pulga bola nima xarid qiladi?
— Maktabimiz yaqinida shirinliklar do'koni bor, katta tanaffusda bulochka va qahva olaman, — deydi Abror ismli bolakay.
— Men ko'pincha xot-dog xarid qilaman, — deydi Muzaffar.
Shu o'rinda, umumta`lim maktablarining o'quvchilari iste`mol qilishi taqiqlangan mahsulotlar ro'yxatini ham eslab o'tsak.
Xususan, bolalarga go'sht qo'shilgan mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizberger va hot-doglar), sun`iy ta`m beruvchi moddalar, bo'yoqlar, aromatizatorlar qo'shilgan, shiraga boy mahsulotlar, chips­lar, veterinar nazoratidan o'tmagan go'sht, barcha chorva turlarining kalla-pochalari, baliq, parranda, suvda suzadigan qushlar tuxumi va go'shti, xolodes, go'sht bo'lagidan tayyorlangan mahsulotlar, kalla go'shti ruletlari, o'pka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar, qo'lbola qatiq, kvas, qizitilgan yog'da pishirilgan mahsulotlar, sirka, xantal, yerqalampir, o'tkir qalampir (qizil, qora) va boshqa o'tkir ziravorlar, kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi ichimliklar, alkogol, saqich hamda bir kun oldin tayyorlangan ovqatlarni sotish man qilinadi. Ro'yxat bilan tanishib, ularning nega taqiqlanganligini ang­lash unchalik qiyin emas.
Afsuski, ayrim maktablarda mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari, tort va pishiriqlar, turli rangli bo'yoqlar bilan boyitilgan ichimliklar va boshqa taqiqlangan mahsulotlar sotilishiga yo'l qo'yil­moqda. Ayniqsa, maktablar yaqinidagi qonuniy va noqonuniy savdo shoxobchalarida bunday oldi-sotdi avjida. Ularni nazorat qilish faqat DSENMning yoki ta`lim muassasasi rahbarlarining vazifasi deb hisoblash ham noto'g'ri. Jamoat tashkilotlari, ota-ona va o'qituvchilar, umuman o'z taqdirini yurt taqdiri bilan bog'liq, deb hisoblovchi har bir shaxs bu jarayonga befarq qaramasligi lozim.
Ma`lumki, umumta`lim maktablarida o'quvchilarning ovqatlanishini tashkil qilish yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan tadbirkorlik sub`ekt­lari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda ta`lim muassasasi tomonidan tashkil etiladi. Bunday faoliyat bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlar qator imtiyozlarga ega. Xususan, ular binoni «nol» qiymatda ijaraga olishadi. O'z biznesini yo'lga qo'yish niyatida bo'lgan tadbirkorlar bularni inobatga olsa, Xorazm viloyatida ushbu yo'nalishda kamida yuzlab yangi ish o'rinlari yaratilgan, qolaversa, 350 dan ziyod maktabning minglab o'quvchilari o'z vaqtida ovqatlanish imkoniga ega bo'lardi.

Muhabbat TO'RABOEVA

Boshqa xabarlar