Kitobxon bor, kitob-chi?

826

Kitob — do'stimiz. Bu ayni haqiqat, chunki oq-qorani ajratishga o'rganganimiz bois, hayot sinovlarini ham mardonavor yengib o'tamiz, muhimi, insoniy tuyg'ular qalbimizda shakllanib boraveradi. Zero, teran fikrli bo'lib kamol topishning birinchi sharti, mutolaadir. Ne-ne olim-u fozillar, dono siyosatchilar, donishmand kishilar faqatgina ilmi, o'qigan kitoblari bilan mukammallik darajasiga yetganliklarini unutmaylik.

Mustaqillik yillarida barcha soha qatori ta`lim tizimida ham qator salmoqli ishlar amalga oshirildi. Eng e`t­iborlisi, o'quv adabiyotlarini o'quvchilarga yetkazishning mustahkam tizimi yaratildi hamda Axborot-resurs va axborot kutubxonalari markazlarining moddiy texnika bazasi yangilandi.
Kutubxonani bilimlar uyi, barcha ma`naviy boylik­lar makoni deb aytish mumkin. Biroq barcha kutubxonalarga ham bu ta`rif to'g'ri kelarmikan? Qo'shko'pir tumanidagi Oqdarband ARM (faqat qog'ozda) faoliyatini o'rganarkanmiz, ko'nglimiz anchayin xijil tortdi. Markazdagi kitoblarning 4416 tasini darsliklar, atigi 1122 tasini badiiy adabiyotlar tashkil etar ekan. O'ylab qaralsa, 728 nafar ­a`z­o­­si bo'lgan axborot-resurs markaziga 1122 ta badiiy adabiyot kamlik qilmaydimi? Bu yerga tashrif buyurgan har qanday kishi talabalarning kitob o'qishga bo'lgan ishtiyoqi va talabini ko'rib quvonsa, ikkinchi tomondan o'quvchi dididagi ayrim kitoblar yetishmayotganidan jig'ibiyron bo'lishi aniq. Barchasiga oydinlik kiritish maqsadida ARMga ­mas`ul Iroda Sobirovaning fikrlarini tingladik.
— Ushbu ARM aslida kutubxona talablariga ko'proq mos keladi. Bu yerga keluvchi yoshlarning ko'pchiligi yoshlar ittifoqi a`zolaridir. Ko'rib turganingizdek, kitob javonimizda kitoblar yetarli emas, yuqori tashkilotimizga necha martalab buyurtma berilishiga qaramasdan, hamon o'zgarish yo'q. Qolaversa, axborot-resurs markazi talabiga javob berish uchun bizga ­kompyuter jihozlari, internet tarmog'i ulanib berilishi lozim. Afsuski, bu talab­lar ham qanoatlantirilmagan. Yoshlarimiz juda talabchan, kitobga ishtiyoqi baland. Shularni inobatga olib, fondimizni bundan-da ko'proq kitoblar bilan to'ldirish zarur, deb o'ylayman.
Nahotki, kitob mutolaasi, kitobxonlik masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan bir paytda mas`ullar bunday kamchiliklarga yo'l qo'ysa? Bularni yozishdan maqsad kimnidir tanqid ostiga olish emas, faqatgina olis hudud yoshlari talabidagi kitoblar ARM javonidan joy olsa, nafaqat talabalar, balki qishloq kitobxonlari ham ushbu markaz faoliyatidan bahramand bo'lishsa, degan istakdir.

Ruhiya ISMOILOVA,
jurnalist

Boshqa xabarlar