Otni yaxshi ko'rsatgan tuyoqdagi taqasi

309

Insonni libos bezaydi, har bir xalq o'z milliy liboslari bilan ko'rkam. Ammo yillar o'tib, milliy liboslar o'rnini ommaviy kiyimlar egallab bormoqda. Avvallari qaysi bir g'arblikning kiygan libosi ota-onalarimiz ko'ziga bachkana bo'lib ko'ringan bo'lsa, bugun har qanaqasiga ko'nikayapmiz. To'g'ri, o'tirgan-turganda qulay kiyim kiysa, o'zini erkin his qiladi kishi. Lekin har narsaning yarashig'i, me`yori bo'lgani tuzuk.

G'alati odamlar  va odatlar…

O'tgan yilning 15 dekabr kuni «Xalqaro anjumanlar» saroyida Buyuk Britaniya pop-musiqa san`ati yulduzi Robbi Uilyamsning konserti bo'lib o'tgani haqida eshitgan bo'lsangiz kerak. Mehmonimiz konsert davomida shunday «tomosha» ko'rsatganki, shunga yarasha gap-so'zu muhokamalar bo'ldi, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat va videolardan so'ng keskin tanqidga uchradi. O'zini o'ta madaniyatsiz tutgan xonanda ayollarnikiga o'xshash g'alati ko'ylakda (shimsiz) chiqqani yetmagandek, etagini ko'tarib, tomoshabinga orqasini ko'rsatgan. Bu G'arbda madaniyat hisoblanar, balki (xuddi shunday holatni amerikalik mashhur aktrisa va xonanda Jenifer Lopes ham Rossiyada bo'lib o'tgan bir badavlat kishining to'yida takrorlagan edi). Robbi Uilyams mamlakatimizga ilk bor kelishi ekan, Sharqning o'ziga xos madaniyati, urf-odatlari haqida ma`lumotga ega emasdir, ehtimol. Biz-chi, uning «madaniyati», axloqsiz, beparda qiliqlarini pul to'lab ko'rishga majburmizmi?! «Konsertga xohlagan odam boradi, xohlamasang borma-ko'rma», deyishga shoshilmang. Avvalo, bunday tomosha bo'lishi hech kimning tushiga kirmagan. Hatto konsert tashkilotchilari ham kutmagandir buni, lekin har narsaga taqlidchi bo'lgan yoshlar bu holatni qanday qabul qilisharkin?!

Shalvar kiygan  ayol duo olgan…mi?

Darvoqe, ayollarning shim kiyishi ham ko'plab muhokamalarga sabab bo'layotgani sir emas. Xususan, erkaklarning ko'piga bu ish xush kelmayotir. Shu sababli xotin-qizlarimiz ulamolarga savol yo'llab, maslahat so'rashmoqda. «Islom.uz», «Muslim.uz» va boshqa diniy idoralar saytlaridagi savol-javoblardan ko'rinadiki, ayollarning shim kiyishi… yaxshisi, misol tariqasida bir savol-javobni keltiramiz:
«Savol: Assalomu alaykum, qori aka! Shariatimizda ayollarning shim kiyishi haqida nima deyilgan? Iltimos, shu haqda aniqroq ma`lumot bersangiz!
Javob: Bu savolga javob berish uchun shim faqat o'g'il bolalar kiyimimi yoki uni qizlar ham kiyadimi, shim kiygan ayolning avrati to'liq yopiladimi, degan savollarga javob berish kerak. Shim badanning kindikdan pastki qismini yopish uchun kiyiladi. Musulmon odamning shimi tizzadan past va keng bo'lishi shart. Shim asosan erkaklarga xos kiyimdir. Ayollarning shim kiyishi to'g'ri bo'lmaydi. Chunki bu bilan badanining shakli yaqqol ko'rinib turadi. Ikkinchidan, shim kiygan ayol o'zini erkakka o'xshatgan bo'ladi. Hadisi shariflarning birida o'zini ayolga o'xshatgan erkaklar va erkakka o'xshashga harakat qilgan ayollar la`natlangan. Biz shim deyayotgan libos o'rnida musulmonlar orasida «sirvol» (bizda «shalvar» deyiladi) kiyish urf bo'lgan. Sirvolni erkaklar ham, ayollar ham kiyishgani haqida rivoyatlar bor. Demak, shalvar faqat erkaklarga xos libos emas, lekin bunda kim uchun chiqarilganiga qaraladi. Ayollar uchun chiqarilgan shimni erkaklar, erkaklar uchun chiqarilganini ayollar kiyishi mutlaqo mumkin emas. Ayollar shim kiyganida ham yuqoridagi shartlarni esdan chiqarmaslik lozim…».
Bu haqda yana bir voqea bayon qilingan. Bir kuni Ollohning elchisi (s.a.v.) Ali (raziallohu anhu) bilan birga eshak minib ketayotgan ayolning yiqilib tushganini ko'rgan. Payg'ambarimiz (s.a.v.) shu zahoti chetga qaragan, Ali (raziallohu anhu) esa ayol shalvar kiyib olgani va tanasining hech qaysi qismi ochilib qolmaganini aytgan. Shunda Ollohning elchisi (s.a.v.) shalvar kiygan bu ayolni duo qilgan.
Demak, eskicha shalvaru lozimlar urfdan chiqib, chetga surilgan bir paytda oyoq ochiq bo'lganidan ko'ra, shim kiygan ma`qul ekan, degan xulosa qilish mumkin. Ammo qayd etilgan talablar me`yorida bo'lsa…

Onasini ko'rib,qizini ol 

— Kiyinish kishining madaniyatini belgilovchi omil bo'libgina qolmay, uning ruhiy imkoniyatlarini, didini, qolaversa, axloq normalarini belgilovchi mezon ham sanaladi, — deydi psixologiya fanlari nomzodi Nigora Shomurodova. — Shuning uchun ham turli yangicha rusumdagi liboslarni kiyishga, uni odatiy uslubiga aylantirishga qiziqayotgan yoshlar ruhiyati, fikrlashi va xulq-atvorida o'zgarishlar ro'y beradi. Ko'pincha mehr-e`tibordan begona, ijtimoiy muhitdan uzilib qolgan odamlar, ayniqsa, yoshlarda noan`anaviy hayotni tanlash va uni o'zlashtirishga qiziqish yuqori bo'ladi. Ularda tanlagan uslubi orqali o'zidan qoniqish hissi hosil bo'lib, tutgan yo'lini to'g'ri deb baholash fikri bilan ovunadi. Turli salbiy xulq-atvor, nosog'lom turmush tarzining tanlanishi ham mana shunday shaxslarga xosdir. Boshqacha aytganda, kiyinish uslubi insonni mavqei, salomatligi, turmush tarzi va o'ziga bo'lgan munosabatini namoyon etib turadi. Yana bir muhim tomoni shundaki, ayollarning o'zini ko'z-ko'z qiladigan tarzda, haddan tashqari ochiq kiyinishi dastlab erkaklar e`tiborining kuchayishiga sabab bo'lsa, so'ngra ularga nisbatan e`tiborsizlik, maylning o'lishiga olib keladi. Ayrim xorijiy mamlakatlardagi bepushtlik muammosiga aynan erkaklar maylining kuchsizligi sabab sifatida ko'rsatilmoqda. Xoh erkak, xoh ayol bo'lsin, qanchalik nigohlardan yashirin bo'lsa, bu uning shunchalik sirli va kashf etilmagan cho'qqi sifatida idrok qilinishini ta`minlaydi…
Ha, xalqimiz topib aytgan: arqog'ini ko'rib bo'zini ol, onasini ko'rib qizini ol. Madaniyatning har qanday ko'rinishi oiladan boshlanadi. Shunday emasmi, siz nima deysiz, aziz gazetxon?

Xolida FAYZIEVA

Boshqa xabarlar