Uslubiy qo'llanma har bir ish beruvchi stolida bo'lishi lozim

657

Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan mehnat munosabatlari ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida tayyorlangan «O'zbekiston Respublikasining mehnat muhofazasi va xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar ­to'plami» chop etildi.

Unda sohaga oid barcha jihatlar e`tiborga olingan holda xodimlar sog'ligiga mehnat faoliyati bilan bog'liq tarzda zarar yetishiga yo'l qo'ymaslik, mehnatda jarohatlanish va kasb kasallik­larining profilaktikasi bo'yi­­cha ish beruvchilar va xodimlar mas`uliyatini kuchaytirish, mehnat xavfsizligini ta`minlash kabi dolzarb masalalarga oid eng muhim me`yorlar o'z ifodasini topgan.
To'plam taqdimotiga bag'ishlangan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, tarmoq va hududiy kasaba uyushma tashkilotlari vakillari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari ishtirok etdi.
Ta`kidlandiki, mamlakatimizda xodimlarning hayoti va sog'lig'i muhofazasi Kons­titusiya, Mehnat kodeksi hamda ko'plab qonunlar va qonunosti hujjatlar, sanitariya qoidalari hamda me`yorlari, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi normativ hujjatlar bilan kafolatlangan.
To'plamdan mehnat munosabatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, huquqiy asos­lari, O'zbekistonda uning tatbiq etilishi haqida tushunchalar berilishi bilan birga, ayrim hujjatlarning aynan mehnat munosabatlariga taalluqli bo'lim va band­lari ham o'rin olgan. Shuningdek, mehnat munosabatlari jarayonida nafaqat xodim, balki ish beruvchining ham o'z huquq va majburiyatlarini bilmasligi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi inobatga olinib, faoliyatni to'g'ri tashkil etish ­bo'yicha zarur tavsiyalar berilgan.
E`tiborli jihati, mehnat qonunchiligi ish beruvchiga korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat sharoitlarini yaxshilash va baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun zarur choralarni ko'rish vazifasini yuklab­gina qolmay, xodimlar bilan mehnat munosabatlarini bekor qilish, xodim va ish beruvchi o'rtasida yuzaga kelishi ehtimol tutilgan kelishmovchiliklarni muhokama etish kabi masalalarni ham tartibga soladi hamda mazkur jarayonlarda xodimlar manfaatini himoyalaydi. To'p­lamda mehnat jarayoni bilan bog'liq iqtisodiy munosabatlar va ularni tartibga solish yo'llari haqida kerakli ma`lumotlar keltirilgan. Shuning­dek, u sog'liqni saqlash sohasi xodimlari uchun ham kasb kasalliklarini tashxislashda zarur qo'llanma bo'lib xizmat qiladi. Umuman olganda, u huquqshunoslar, tashkilot rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar, mehnat munosabatlari sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar, kasaba uyushma faollari, talabalar va mazkur sohaga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan.
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson omiliga e`tiborni kuchaytirish, xalqimiz turmush farovonligini oshirish kabi oliy maqsadlar mujassam. Albatta, inson manfaatlarini ta`minlashni mehnat munosabatlarini tartibga solish masalasisiz hal qilib bo'lmaydi. Xodimlar uchun xavfsiz, himoyalangan, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda ish beruvchining hamda ishlovchining ham mavjud qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasiga ko'p narsa bog'liq, — dey­di Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi o'rinbosari Mavluda Xo'jaeva. — Mazkur to'plam mehnat faoliyati bilan bog'liq holda yuz berishi mumkin bo'lgan hodisalar va xodimlar salomatligi zararlanishining oldini olishga ish beruvchilar hamda xodimlar e`tiborini kuchaytirish bo'yi­­cha me`yorlarni to'la qamrab olgani bilan yanada ahamiyatlidir. U davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar, kasaba uyushma faollari uchun uslubiy qo'llanma vazifasini o'taydi.
— Mamlakatimizda ish beruvchilar va xodimlar o'rtasidagi mehnat munosabatlari, bu jarayonlarda kelib chiqishi mumkin bo'lgan turli hodisa va vaziyatlar, ularni hal qilish bo'yicha tavsiyalar tegish­li normativ-huquqiy hujjatlar orqali muvofiqlashtirib kelinmoqda. Ularning uch jilddan iborat to'plam ko'rinishida nashrdan chiqqani xalqimiz uchun o'ziga xos sovg'a bo'ldi. U har bir ish beruvchi ish stolida bo'lishi, mukammal o'rganilib, shu asosda faoliyat olib borilishi lozim. Ana shunda tashkilotlarda xodimlar xavfsizligi ta`minlanadi, baxtsiz hodisalarga yo'l qo'yilmaydi, — dey­di Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respub­lika kengashi raisi o'rinbosari Said­oqil To'xtaev.
Tadbirda ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

O'z muxbirimiz

Boshqa xabarlar