Seyfdagi ariza ish bermadi

53

Urganch shahridagi 36-sonli «Olmabog'» mahalla fuqarolar yig'ini raisi N.Karimov va yig'in mas`ul kotibi M.Matkarimova o'rtasida o'tgan yili qish oylarida biroz kelishmovchilik yuzaga keldi. — Ishlash yoqmayotgan bo'lsa, arizangizni yozing,— dedi rais. Kotib ham jahl ustida ariza yozib berdi.
Ish bor joyda tortishuvlar bo'lishi tabiiy. Rais va mas`ul kotib o'rtasidagi kelishmovchilik uzoq cho'zilmadi. O'zaro murosaga kelishib, ishga sho'ng'ib ketishdi. Biroq uzoqni ko'zlagan rais mas`ul kotibning arizasini har ehtimolga qarshi seyfiga tashlab qo'ydi. Oradan yetti-sakkiz oy o'tib, rais «to'g'ri ish qilgani»ga amin bo'ldi. Gap shundaki, 2017 yilning 11 sentyabrida ular o'rtasida yana kelishmovchilik yuzaga keldi.

Shunda mahallaqo'm seyfdan arizani oldi-da, tagiga shu kunning sanasini yozdi. Tepasiga esa «Arizasi qanoatlantirilsin, ishdan bo'shatilsin» deya «munosabati»ni qayd etdi. Shu kunning o'zida M.Matkarimovani ishdan bo'shatish haqida buyruq tayyorlandi. Buyruqda M.Matkarimovaning arizasi va mahalla fuqarolar yig'ini kengashining majlisi asos qilib ko'rsatildi. 12 sentyabr kuni dalolatnoma tuzildi. Unda bayon etilishicha, M.Matkarimova ishdan bo'shatilgani haqidagi buyruq bilan tanishtirilgan, u esa buyruqdan bir nusxa olgani holda buyruq bilan tanishgani to'g'risida imzo chekishdan bosh tortgan.
13 sentyabr kuni M.Matkarimova viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasiga o'z ish o'rniga tiklash yuzasidan ariza bilan murojaat qildi.
Huquqshunoslar dastlab muammoni o'zaro kelishuv asosida hal etishga harakat qilishdi. Mahalla fuqarolar yig'ini raisiga qonun talablari tushuntirildi. Jumladan, mehnat shartnomasini bekor qilish to'g'risidagi buyruq Mehnat Kodeksining 99-moddasiga zid ravishda chiqarilgani bildirildi. Biroq viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasining taqdimnomasi rad etildi.
Shundan so'ng, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi fuqarolik ishlari bo'yicha Urganch tumanlararo sudiga ishga tiklash, majburiy bekor yurgan vaqti uchun ish haqi va ma`naviy zarar undirish haqida da`vo arizasi bilan murojaat qildi. Sud arizani qanoatlantirdi. 2017 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan «Olmabog'» mahalla fuqarolar yig'inining 2017 yil 11 sentyabrdagi 4-sonli buyrug'i g'ayriqonuniy deb topilib, M.Matkarimovani ishga tiklash, majburiy bekor yurgan vaqti uchun 1 056 500 so'm, yetkazilgan ma`naviy zarar uchun 400 000 so'm undirish haqida hal qiluv qarori qabul qildi.
Mahalla fuqarolar yig'ini raisi sudning ushbu hal qiluv qarorini bajarishni istamadi. Apellyasiya tartibida sud­­ga shikoyat arizasi berdi. Qayta ko'rib chiqilgan sud majlisida 2017 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qarori o'zgarishsiz qoldirildi. Hozirda M.Matkarimova o'z ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Bu kabi holatlar ko'pchilik ish beruvchilar mehnat qonunchiligini yaxshi bilmasliklarini ko'rsatmoqda. Shu bois kasaba uyushmalari tomonidan boshlang'ich kasaba uyushma qo'mita raislari va ish beruvchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida reja asosida korxona, tashkilot va muassasalarda amaldagi mehnat qonunchiligiga oid me`yoriy huquqiy hujjatlarga rioya qilishga doir ko'plab seminar tadbirlari uyushtirilmoqda. Ular kelgusida o'z samarasini berishi shubhasiz.

Mirkamol BOLTAEV,
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yetakchi yuristkonsulti

Boshqa xabarlar