«Shoshmang, o'ylab ko'ring!..» yoxud erta va yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh asoratlari

1,497

Huzurimda 45 yoshlardagi ayol yonida qizi bilan boshini egib o'tiribdi.
— Doktor, iltimos, qizimning farzand ko'rishiga yordam bering, oilasi buzilib ketmasin.
Kelinchak endigina 18 yoshda bo'lsa-da, uch marta homilasidan ayrilgan. Oilasidagilar bu holat yana takrorlanishidan xavotirda. Ma`lum bo'lishicha, qiz o'n yettiga to'lib-to'lmay turmushga chiqqan. Bu paytda u kollejning uchinchi bosqichida tahsil olayotgan bo'lgan.
— Nega buncha shoshildingiz? — deb so'radim onasidan.
— Quda tomon qo'ymadi. Keksa buvisi bor ekan, nevaramning to'yini ko'ray debdi. Dadasining og'aynisi edi. Biz ham rozi bo'laveribmiz. Bunday bo'lishini bilganimizda, aslo ko'nmas edik.

Men shifokorligim bois tuyg'ularimni ichimga yutgan holda onaga qizini erta turmushga berib katta xato qilganini tushuntirdim. Bo'lajak ona farzandini qo'liga eson-­omon olishi uchun bor kasbiy mahoratimni ishga soldim. Ayol nevaralik bo'ldi. Garchi muammo ijobiy yechim top­gan bo'lsa-da, bu voqea xayolimdan ko'p vaqtgacha ketmadi. Chunki bu erta nikoh bilan bog'liq birgina muammo emas. Erta va yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh ko'plab ijtimoiy, ma`naviy, iqtisodiy, tibbiy muammolarni keltirib chiqaradi. Bunga misollar ham yetarli. Bugungi kunda qaysi davrada bo'lmay, kim bilan suhbatlashmay, albatta, ushbu mavzuga to'xtalaman. Bunday nikohning salbiy oqibatlarini misollar yordamida tushuntirishga harakat qilaman.
Yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga ta`sir ko'rsatuvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Afsus­ki, ayrim ota-onalar ko'pincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida o'ylamay, hali balog'at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona bo'lmasin, deb o'g'il uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni o'n olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu ko'pincha bo'lg'usi onaning salomatligi va ruhiyati, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug'ilajak farzandning sog'lomligiga salbiy ta`sir ko'rsatadi. Avvalambor, bunday yoshdagi qizlarning sog'lom farzandni dunyoga keltirishida turli muammolar kelib chiqadi. Qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor bo'lmasdan oila qurishi tug'ruq jarayonida o'lim xavfi ortishiga sabab bo'ladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda bo'lajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.
Yosh ayollarda homiladorlik davridayoq turli patologik, ekstragenital xastaliklar kuchayadi, yo'ldosh yetishmovchiligi, suyaklar tizimida ro'y beradigan o'zgarishlarning salbiy oqibatlari kuzatiladi. Erta homiladorlik aksariyat hollarda bola tushishi yoki o'lik tug'ilishi bilan tugaydi. Bu holat homilaning nuqsonli rivojlanishi sababli ham ona, ham bola salomatligiga katta xavf tug'diradi. Bunday asoratlar keyingi homiladorlikning odatdagidek kechishi va tug'ruqning tabiiy ravishda amalga oshishiga ham salbiy ta`sir ko'rsatishi mumkin. Shu sababli yosh turmush qurgan ayollarning farzandlari jarrohlik amaliyoti orqali dunyoga keltiriladi. Ona qornida sust rivojlangan chaqaloqlarning vazni ancha kam bo'ladi va afsuski, ularning aksariyati uzoq yashamaydi. Bu esa yosh onaning ruhiyatiga ham salbiy ta`sir ko'rsatadi.
Bular salomatlik bilan bog'lik muammolar. Erta turmush qurganlarning aksariyati kollej o'quvchilari ekani ularning o'qishga to'liq qatnasha olmasligiga sabab bo'ladi. Demak, bunday qizlar ertaga o'zlari niyat qilgan kasb-hunarning etagidan tuta olmaydi. Orzulari sarobga aylanadi. Hali yosh bo'lgani tufayli ro'zg'or tutishni yaxshi bilishmaydi. Oqibatda qaynonadan dakki eshitadi. Ota uyi­­da erka o'sgan qiz ta`na-dashnomlarga chiday oladimi? Har doim ham emas. Natijada oilaviy mojarolar yuzaga keladi. Erta nikoh oilaning erta darz ketishiga sabab bo'lishi mumkin.
Bunday holatlarning oldini olish borasida yurtimizda ­ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Masalaga davlat siyosati darajasida e`tibor qaratilmoqda. Erta oila qurgan shaxslar, shuningdek, bunga yo'l qo'ygan ­ota-onalar, ta`lim va diniy muassasa xodimlari javobgarlikka tortilmoqda. Oila, ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi va jinoyat kodekslariga nikoh yoshi to'g'risidagi qonun talablarini buzganlik, ya`ni nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga yoki uni erga berish yoki uylantirish, shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish uchun javobgarlikni belgilovchi qoidalar kiritildi.
«Ta`lim to'g'risida»gi qonunning 3-moddasida ta`limning uzluksizligi va izchilligi, shuningdek, umumiy o'rta va o'rta maxsus ta`limning majburiyligi, ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 47-moddasida esa ota-onalar yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik uchun ma`muriy javobgarlik belgilangan.
Biroq muammo uzil-kesil hal bo'lishi uchun har bir kishi masalaga ongli ravishda yondashishi zarur. Oila qurish o'yin emas. Oila — muqaddas dargoh. Farzandlarimizni bu dargoh sari boshlar ekanmiz, ularning ma`naviy, tibbiy, ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan tayyorgarliklarini inobatga olishimiz shart.

* * *

— Do'xtir, iltimos, nevaram sog'lom tug'ilsin. Katta nevaram kasalmand. Iltimos…
Huzurimda sarg'ayib o'tirgan otaxonga qanday javob qaytaray? To'g'ri, tibbiyot tobora rivojlanmokda. Bundan besh-o'n yil avval imkonsiz tuyulgan muolajalar amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Ammo… hali tibbiyot qarindosh­lar o'rtasidagi nikohning salbiy oqibatlariga yechim topgani yo'q. Bunday oqibatning oldini olishning yagona yo'li — unga yo'l qo'ymaslikdir.
Bugungi kunda skrining tekshiruvlari natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, bolalardagi turli xil nuqsonlar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar o'rtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelayotir. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar yetarli tibbiy bilim va tushunchaga ega bo'lishi lozim.
Ammo ayrimlar qarindoshlar o'rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini ko'ra-bila turib, shoshma-shosharlik va o'zboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. «Mol-mulkim begonaga qolmasin», «Qarindoshlik rishtalari uzilmasin» qabilidagi noto'g'ri yondashuv kishini boshi berk ko'chaga boshlaydi. Farzand nogiron tug'ilsa, peshona teri evaziga to'plagan mol-mulk uning salomatligini muhofaza qilish uchun sarf bo'ladi. Shu o'rinda ularga qarata shunday degim keladi: Mulkingizni boshqarishga layoqati bo'lmagan merosxo'rdan ko'ra begona bilan qarindosh­lik rishtalarini bog'lagan, sog'lom farzandlar, sog'lom nevaralar ko'rib, naslingizning davom qilishidan ko'proq manfaatdor bo'lmaysizmi? Yetmish-sakson foiz qarindoshlar o'rtasidagi nikoh natijasida nosog'lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o'rtasida sovuqchilik paydo bo'ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir o'ylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi, kelin-kuyovlarning hayoti izdan chiqadi.
Mamlakatimizda oila institutini mus­tahkamlash, shuningdek, uning nufuzini oshirish, huquqiy asoslarini takomillashtirish va sog'lom farzandni dunyoga keltirish masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda. Biroq qarindoshlar o'rtasida nikoh va qizlarni erta uzatish holatlari kuzatilayotgani g'oyat achinarli. Chunki ular to'g'rilash imkoni bo'lmagan salbiy oqibatlarga olib keladi. Bu esa mazkur masalaga yanada teranroq nazar tashlash, yanada mas`uliyatliroq yondashish lozimligini ko'rsatadi.
Sog'lom avlodni tarbiyalashda oilaning o'rni muhim va betak­rordir. Inson salomatligi va ma`naviy kamolotining birinchi poydevori oilada qo'yiladi. Jamiyat rivojlanib, ma`naviy omillarning ijtimoiy taraqqiyotidagi o'rni va ahamiyati ortgan sari oiladagi tarbiya va e`tibor ham kuchayadi.
Qizlarning oiladagi o'rni katta. Chunki ayol suyukli yor, mehribon ona. Shuning uchun ham qizlarni erta turmushga berish o'rniga ularni o'qitish, hunar o'rgatish zarur. Opa-singil, aka-uka bilan quda bo'lib, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlayman deganlar adashadi. Qarindoshlik rishtalari qudachilik bilan emas, mehr-oqibat orqali ­mustahkamlanadi.

Mehribon YuSUPOVA,
tibbiyot fanlari doktori, professor

Boshqa xabarlar