Berilmagan televizor

200

O'tgan yili Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Arnasoy tuman kengashi tomonidan tuzilgan ro'yxat asosida ko'plar qatori bu ayolga oilaviy sharoiti hisobga olinib, ­mikroto'lqinli pech sovg'a qilindi. O'g'lining sunnat to'yi o'tkazib berildi. Bu yil esa ayol to'rt nafar voyaga yetmagan farzandi borligini ro'kach qilib, endilikda kasaba uyushmalaridan televizor so'radi…

Kasaba uyushmasi kengashi raisi arizachi ayol bilan obdon suhbatlashdi. O'zini ishga, bolalarini bog'chaga imtiyozli joylashtirishga ko'mak berishga va`da berdi. Suhbat yakunida agar ishga kirsa, kasaba uyushmalari uning mehnat huquqlarini doimo himoya qilishi, ta`til paytlari farzand­larini oromgoh, o'zini sihatgohlarga jo'natishi, turli ko'ngilochar, bayram, sport tadbirlariga jalb etishi, yangi ish joyidagi jamoa shartnomasi orqali moddiy yordam berilishi, maktab yoshidagi farzandlari o'quv qurollari bilan ta`minlanishi kabi imtiyozlar taqdim etishini yotig'i bilan tushuntirdi.
Bu gapdan keyin ayol «tekin» televizor so'rab yozgan arizasidan voz kechdi. Ishga kirib, odamlarga foydasi tegishini, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishni afzal ko'rdi. Mehnat bilan erishilgan mulk qadrliroq bo'lishini angladi. Hozirda u tumanda yangi barpo etilgan korxonalardan birida ish boshlagan.
Arnasoy tumani Jizzax viloyatining eng olis va chekka hududlaridan sanaladi. Keyingi yillarda tuman agrosanoat tizimida ijobiy o'zgarish­lar ro'y berdi. Bunda tarmoq xodimlari kasaba uyushmasining ham borligi quvonarli.
Olti ming nafarga yaqin a`zoni safida birlashtirgan kengashga tajribali, o'z ishining bilimdoni bo'lgan Normurod Nizomov rahbarlik qilmoqda.
Tumanda o'tgan yili kam ta`minlangan to'qqiz oilaning uyi ta`mirlab berildi. Bundan tashqari, 35 ta oilaga to'rt foizlik imtiyozli kredit ajratildi. 34 ta oila esa gaz plitasi va balloni bilan ta`minlandi. Chekka ­qishloqlarda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarning 111 tasiga maishiy texnika jihozlari ulashildi. Olti nafar ijtimoiy himoyatalab bemorga dori-darmon olib berilgani ham shunday savobli ishlar sirasidan.
Misol uchun, Navruza Borlieva viloyat ko'p tarmoqli shifoxonasida o'n kun davolanishiga to'g'ri keldi. Uning oilaviy ahvoli o'rganilib, haqiqatan ham ehtiyojmand ekanligi tufayli sarflangan dori-darmon uchun 3268-sonli Prezident farmoni asosida uch million yuz ming so'm pul o'tkazib berildi. Bunday ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Eng muhimi, agrosanoat xodimlari kasaba uyushmasi bunday ishlarning haqqoniyligini ta`minlashda bosh-qosh bo'lmoqda.
Mehnat qonunchiligining buzilishi yuzasidan murojaatlar ham ijobiy hal etilmoqda. Masalan, Sherali Xolboev ish beruvchining o'zini noqonuniy vazifasidan ozod etgani haqidagi murojaati tegishli tartibda o'rganilganida qonun talablari buzilgani aniqlandi va bu haqda ish beruvchiga taqdimnoma kiritildi. Talab qondirilmagach, xodim manfaatini ko'zlab, fuqarolik sudiga da`vo arizasi kiritildi. Sud uni qanoatlantirdi.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, tashabbus va jonkuyarlik bunday ezgu ishlarda bosh omil bo'lmoqda.

Abdumannop AZIMOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar