Shirinlik ichidagi «XAVF» yoxud bolalar yeguliklari sifatiga kim javob beradi?

77

Bolalarni xursand qilish juda oson. Birgina erkalatish, maqtov bilan ularning shirin
tabassumiga sazovor bo'lishingiz mumkin. Ba`zan esa shirinlik yoki o'yinchoqlar bilan siylagimiz  keladi. Biroq bu boradagi tanlovni amalga oshirishda imkoniyatimiz qanday,
degan savol hammasidan muhimroqdir.

Imkoniyat deganda mablag'ni emas, mahsulotlar borasidagi xilma-xillik va uni tanlash jarayonini nazarda tutmoqdamiz. Bugun bolalarga  mo'ljallangan yeguliklar bisyor. Ularning sevimli mahsulotlari bo'lgan shirin saqichlar, rangli ichimliklar, qotirilgan non («kirieshki»), makkajo'xori qalamchalari kabi mahsulotlarni istalgan joydan topish mumkin. Biroq bolalarga mo'ljallangan yeguliklar sifatini tartibga solish, ishlab chiqarishda amal qilinadigan qat`iy tartib-qoidalarga kuchli ehtiyoj bo'lgani holda tegishli mutasaddilar «sukut» saqlashmoqda.
Bu sukutning davomiyligi esa yosh avlodning  jismonan zarar ko'rishi uchun yetarli bo'lib qolmasmikan, degan xavotir ona  sifatida meni qattiq o'ylantiradi. Kimdir e`tiroz bildirar: mahsulot sifati qoniqtirmasa, uni olib bermaslik mumkin-ku, deya. Biroq… Maktabdagi tushlik
uchun berilgan pulga bolangiz hamisha siz tayinlagan narsani olarmikan, degan
istihola ham bor-ku?! Nima yaxshi, nima yomonligini ajratolmaydigan bolalarni
ba`zan o'yinchoq, ba`zan yegulik tarzidagi «xavf» ichiga qo'yib yuborishdan ko'ra
ana shu xatarlarni tag-tugi bilan bartaraf etganimiz afzal emasmikan?
Bir paytlar «kelin tushdi» marosimida bolalar, qiz-juvonlarga sochqi ulashilardi. Sochqi ichida bolapichoq, zirakchalar, ko'zmunchoqlar va albatta, quyma saqichlar bo'lardi. Sochqidagi quyma saqichni faqatgina yosh kelinlarga berishardi. Bolaligimizda saqich chaynayotgan erkakni ko'rmaganmiz. Chunki xotinlarga xos sanalgan odat erkaklar uchun or edi. Shuningdek, o'zbekchilikda birovning oldida, ayniqsa, kattalar oldida kavshanish odobsizlik sanalgan. Dastavval, saqichni o'g'il bolaga ermak sifatida berdik. Keyin ular odatlanishdi. Endi esa kattalarning oldida bu odatni uyat hisoblagan millat qizlari ko'chada saqichdan og'zida shar yasab, «paqillatish»dan xijolat chekishmayapti. Yigitlar esa xuddiki, qizlardek, saqichboz­likka berilishyapti.
Saqich chaynayotgan erkaklar bundan 20 yillar oldin bola edi. «Nima bo'pti, bola-ku?!» degan beparvolik bilan qaradik bu ishimizga. Oddiy ish esa odatga aylandi. Zaifalarga xos odatning birisini qildi, indamadik, boshqasiga intildi, xaspo'shladik. Endi esa mardona fazilati kamayib borayotgan shunaqa yigitlarni oilaboshiga aylantirmoqdamiz. Bu otalar o'z o'g'illariga nimasini ibrat qilib ko'rsatishadi? Bu turishda millatning umumiy qiyofasida qaysi chizgilar yorqin ranglarda tasvirlanishga muhtoj bo'lib qoladi?
Bu mahsulotning yana bir zararli tomoni bor. E`tibor qilsangiz, farroshlarning eng ko'p «rahmati» ham shuni ishlab chiqaruvchilarga bo'ladi. Chaynalgan saqichlarni nimagadir axlat qutilarida emas, ko'pincha, stol-stullar tagida, ko'cha yo'laklarida uchratamiz.
Eng yomoni, ularning sog'liqqa zararli ekanidir.
— Qabulimga keluvchi onalarga farzandiga sun`iy mahsulotlar olib bermasligini doimo uqtiraman, — deydi bolalar shifokori Faxriddin Mansurov. — Sun`iy mahsulotlar rivojlanayotgan bola organizmi uchun nihoyatda zararli. Chunki ular tarkibida maxsus emulgatorlar, bo'yoqlar bo'ladi. Yosh organizm mazkur kuchli kimyoviy moddalar bilan kurasholmay, surunkali kasalliklarga chalinishi mumkin. Xususan, bolalarga saqich olib berish umuman mumkin emas. Chunki uning tarkibida shakar miqdori bolaning og'iz bo'shlig'iga shikast yetkazishi, sun`iy rang esa allergiya chaqirishi mumkin. Qolaversa, bolalarning aksariyati saqichni rezinka emas, konfet sifatida tushunadi va yutib yuboradi. Mazkur mahsulot oshqozonda hazm bo'lmay, ichaklarga o'tadi. Eng xavfli tomoni, ichakka yopishib qolib, uni chiritishgacha olib kelishi, bu bilan bolaning hayotini xavfga qo'yishi ham mumkin.
Bir necha yillar oldin Singapurda vagon eshigiga yopishtirilgan saqich tufayli mudhish halokat yuz bergan. Shundan so'ng mamlakatda saqichlar sotuvi taqiqlangan. Saqichni salomatlik nuqtai nazaridan vrachlar ruxsat bergan bemorgina chaynashi mumkin. Bu bilan mamlakat iqtisodiyotida hech qanday yo'qotish yuz bermadi. Aksincha, sanitariya-tozalov ishlariga ketadigan muayyan mablag' iqtisod qilinmoqda.

* * *

Bayramda qadrdonlarimizdan biri o'g'illarimga shokoladlar sovg'a qildi. Ular orasida mashhur «Kinder-syurpriz» shokoladli tuxumlari ham bor edi. Katta o'g'limga tuxum ichidan robot, kichigiga esa dalmatin kuchukcha chiqdi. Kuchukchaning kattaligi nari borsa 1,5 sm. Sifatli ishlangan o'yinchoqlar, yoqimsiz hidi ham yo'q, dedim-u, o'ynashlariga ruxsat berdim. Bir necha kundan so'ng o'g'limning o'qchiyotganini ko'rib, nimanidir yutib yuborganini bilib qoldim. Xayriyatki, birinchi yordam ko'rsatish qo'limdan keladi. Tomog'idan o'sha kuchukchani olgunimcha, dunyo charxpalagi ming marta aylangandek bo'ldi. Shundan so'ng bolalarga mo'ljallangan yeguliklar ichiga nega nooziq-ovqat mahsulotlarini joylashtirishar ekan, degan o'y miyamda aylanaverdi.
Maqsadi yegulikning sotuvini syurprizlar orqali tezlashtirish bo'lgan korxonalarda hech qachon sifat haqida bosh qotirilmaydi. Zero, haqiqiy sifatli mahsulot syurprizlarsiz ham o'z mijozini topa oladi.
Kinder uslubida keyingi paytlarda qotirilgan nonlar («kirieshki»), makkajo'xori qalamchalari ishlab chiqarilmoqda. Ularning ichidan chiqadigan o'yinchoqning ham, yegulikning ham sifatsizligi, qolaversa, o'yinchoqlarning bola salomatligi uchun xavfsizligi jiddiy muhokamaga sabab bo'lgulik masala. Ammo bu borada qonunchiligimizdagi bo'shliq sabab «uddaburon», «olg'ir» «tadbirkor»lar otini qamchilashmoqda. Taqiqlashga qonunan asosimiz ham, olib bermaslikning ham imkoni deyarli yo'q. Savdo shoxobchalarining biridan qochsangiz, boshqasiga «tutilasiz». Bunday mahsulotlar hatto maktab bufetlarida ham sotilmoqda.
Ayrim «kirieshki»lar ichiga shunday o'yinchoqlar joylashtiriladiki, ular osonlik bilan bo'laklarga ajralib ketadi yoki tig'li jihozlar kabi o'tkir bo'ladi. Go'dak tabiati barcha onalarga yaxshi tanish: ko'ziga ko'ringan narsani og'ziga solish orqali atrof-muhit bilan «tillashadi». Tajribali shifokorlarning ta`kidlashicha, keyingi paytda aynan shunday yegulik ichidagi o'yinchoq qismlarini qulog'iga yoxud burniga tiqib yuborish kichik yoshli bolalar orasida ko'payib bormoqda.
— So'nggi paytlarda urfga kirgan qotirilgan non («kirieshki») ham sun`iy mahsulot hisoblanadi, — deydi F.Mansurov. — Qolaversa, ularga qo'shiladigan ta`m kuchaytirgichlar to'lig'icha ­kimyoviy qo'shimchalardir. Mazkur mahsulot qorinni to'ydirmaydi, balki oshqozonni quruqdan quruq ishlashga majbur qiladi. Natijada ichki a`zolar xastalik­lari ulg'ayganda ham pand beraveradi.

* * *

Bolalar yeguliklaridan tashqari shunday o'yinchoqlar ham borki, ularning na ishlab chiqaruvchisi, na muvofiqlik sertifikati bor. Do'konlarda sotilayotgan sharlar bunga misol bo'la oladi. Ularning badbo'y hidiga chidab bo'lmaydi. Puflash jarayonida bevosita shu o'tkir hiddan nafas oluvchi bolajonlarda nafas yo'llari kasalliklari ­rivojlanishi aniq.
Dunyoda hamma narsani pul bilan o'lchash gumrohlikdir. Ayniqsa, bu holat go'daklarimiz salomatligi, kelajagi bilan bog'liq bo'lsa, uni kechirib bo'lmaydi. Bu mahsulotlarning yorliqlarida na to'liq manzil ko'rsatiladi, na yozilgan raqamlar bilan bog'lanib bo'ladi. Bu esa ishlab chiqarish va savdo qoidalariga mutlaqo ziddir. Vaholanki, ular yurtimizda ishlab chiqarilmoqda. Tegishli sertifikatsiz mahsulot ishlab chiqarayotgan korxona noqonuniy faoliyat yuritayotgani kundek ravshan. Tabiiyki, ular elektr yoki gaz tarmoqlariga ulangan bo'ladi. Uning iste`moli uchun to'lovlarni amalga oshirganda qay tartibga amal qilishadi? Yoki faoliyat uchun soliq to'lovlari qaerga to'lanadi? Bu kabi savollar ko'p, ammo javoblar…
Xulosa o'rnida ikkita ma`lumot: AQShga kinder-syurpriz shokoladli tuxumni olib kirish, sotish taqiqlangan. Qonuniy taqiq «bola bilmay tuxum ichidagi o'yinchoqni ham yeb qo'yishi mumkin» degan xulosa asosida joriy qilingan.
Bir necha yil oldin Toshkent hayvonot bog'i ma`muriyati bog' hududiga ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishni taqiqlagan. Bunga sabab sifatida hayvonot bog'i jonivorlarining o'limi ko'rsatilgan. Ma`lum bo'lishicha, hayvonlar oshqozoniga tiqilib qolgan o'yinchoqlar tufayli halok bo'lgan. O'sha xabar matnida quyidagi so'zlarni o'qish mumkin: «Biz odamlarning g'amxo'rlik ko'rsatayotganidan mamnunmiz. Lekin ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, masalan, konfet, chips, «kirieshki», pop-korn, shirin kulchalar, yangi non va boshqalarni jonivorlarga berish mutlaqo taqiqlanadi».
Ko'rinib turganidek, Toshkent hayvonot bog'i ma`muriyati hayvonlarni bolalardan ko'ra yaxshiroq himoya qilmoqda. Biz esa jimmiz. Bu jimlik qachon tugaydi? Siz nima deysiz, aziz gazetxon?!

Dildora RAHMONOVA,
«Ishonch» muxbiri

 

Boshqa xabarlar