«Buxoroda hech kim o'zini begona hisoblamaydi»

266

O'zbekiston yoshlar ittifoqi, Tashqi ishlar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi, O'zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi hamkorligida Toshkentda o'tkazilgan «Yosh vatandoshlar» xalqaro festivali ishtirokchilari Buxoroga keldi.

Festival qatnashchilari orasida ajdodlari taqdir taqozosi bilan xorijiy mamlakatlarda yashayotgan, shuningdek, ayni paytda o'sha yurtlarda tahsil olayotgan hamda uzoq muddatga ishga ketgan 70 nafar vatandoshimiz bor edi.
Mehmonlarning Buxoroga tashrifi Yoshlar markazidan boshlandi.
Ular Poyi Kalon majmui, Labi hovuz ansamb­liga sayohat qildi. Milliy folklor dastalari, dorbozlarning chiqishini tomosha qildi. Sumalak va boshqa milliy taomlar, qandolat mahsulotlari, milliy hunarmandlik buyumlari ko'rgazmasi bilan tanishdi.
— Ochig'i, Buxoro haqida yetarli tasavvurga ega emas edim, — deydi ajdodlari Namangandan bo'lgan pokistonlik, hozirda Angliya universitetlaridan birida tahsil olayotgan qiz Firdavs Jamol. — Uni ertakdagi shahar deyishlari bejiz emas ekan. Bir-biridan muhtasham, bir-biridan maftunkor obidalar bu yurtning me`morchilik san`ati o'lmasligidan guvohlik beradi. Men milliy kiyimlardagi yoshlar, qizaloqlar davrasida rosa o'ynadim. Ular bilan suratga tushar ekanman, ketayotgan xorijlik sayyohlar ham safimizga qo'shildi. Buxoroliklar davrasida hech kim o'zini begona sezmas ekan. Men ta`tilga Pokistonga borganimda, yaqinlarimga O'zbekistonga albatta borishlarini tavsiya qilaman.
Tadbir doirasida mehmonlar uchun «Ipak yo'li» marosimlar uyida konsert va milliy liboslar ko'rgazmasidan iborat madaniy dastur namoyish etildi.

O'zA

Boshqa xabarlar