Mehnat kodeksi ogohlantiradi: chekish «cho'ntak» uchun zararli

118

Savol: mamlakatimiz qonunlariga ko'ra ish joyida, belgilanmagan hududlarda chekkani uchun xodimlarga jarima qo'llanilishi mumkinligini eshitdim. Qanday joylar chekish taqiqlangan hudud deb hisoblanishi to'g'risida ma`lumot bersangiz.

O. BERDIALIEV,
Karmana tumani

Javob: Darhaqiqat, 2015 yil 29 dekabrdagi «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunga asosan belgilanmagan joylarda tamaki mahsulotlarini iste`mol qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Unga ko'ra ish joylarida, sog'liqni saqlash, ta`lim, sport-sog'lomlashtirish muassasalarida, yong'in chiqish xavfi bo'lgan joylarda, shu jumladan, avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste`mol qilish (bundan tamaki mahsulotini iste`mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar mustasno) — eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.
Shuningdek, mazkur qonunda mahalliy va uzoq masofaga qatnaydigan poezdlarda, daryo kemalarida belgilanmagan joylarda, shahar atrofiga qatnaydigan poezdlarning vagonlarida (shu jumladan, tamburlarida), shahar ichida, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro yo'nalishlarda qatnaydigan avtobuslarda, shuning­dek, taksilarda, yo'nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida tamaki mahsulotini iste`mol qilish — eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida, havo kemalarida tamaki mahsulotini iste`mol qilish — eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'lishi belgilab qo'yilgan.
Shu o'rinda javobgarlikka tortish qoidabuzarlikni aniqlagan ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin emasligini ta`kidlab o'tish kerak. Mazkur holatda Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 248-moddasiga muvofiq javobgarlikka faqatgina ichki ishlar xodimlari tortishi mumkin.

Savolga transport, yo'l vakapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh yuristkonsultiSh. Xudoyberdievjavob berdi.

Boshqa xabarlar