Pul olinmasligi kerak

36

Savol: Afg'on urushi ishtirokchisi sifatida shahar transportidan bepul foydalanish to'g'risida guvohnomam bor. Biroq, yaqinda konduktor «Guvohnoma faqat davlat transporti uchun o'tadi. Xususiy avtokorxonaga qarashli mashinaga pul to'laysiz», deb aytdi. Shu to'g'rimi?

K. MADALIEV
Qumqo'rg'on tumani

Javob: «Shahar yo'lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to'g'risida»gi qonunga asosan shahar yo'lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi faqat:
1941—1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo'lmish harbiy xizmatchilar;
1941—1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
1941—1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan takdirlangan shaxslar;
Afg'oniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan bo'lmish fuqarolar;
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o'tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo'yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxs­lar;
ko'zi ojiz nogironlar va ko'zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs uchun saqlab qolingan.
Shuningdek, «Shahar yo'lovchilar transporti to'g'risida»gi qonunda «shahar yo'lovchilar transporti» tushunchasi hamda «shahar yo'lovchilar transportining mulk shakllari»ga aniqlik kiritilgan. Unga ko'ra, shahar yo'lovchilar transporti deganda O'zbekiston Respublikasi hududida ro'yxatga olingan, shahar doirasida yo'lovchilar hamda bagaj tashishga mo'ljallangan avtomobil va elektr transporti tushuniladi. Shahar yo'lovchilar transporti ­ommaviy yoki xususiy mulk asosida ishlashi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Afg'on urushi ishtirokchilari xususiy avtokorxonaga tegishli yo'nalishli shahar yo'lovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqiga ega.

Savolga Surxondaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'limi mudiri Z. Xolov javob berdi.

Boshqa xabarlar