Cho'llanish jarayoni: o'simliklar dunyosi halokat yoqasidami?

225

Yurtimiz hududining deyarli uchdan ikki qismi cho'l va chalacho'l bo'lib, bu joylardan qadimdan o'tloq va yaylov sifatida foydalanib kelinadi. Chorvachilikning barqaror rivojlanishida ana shu mintaqalardagi tabiiy o'simlik yaylovlarining o'rni katta. Ular chorvani yil davomida tabiiy va arzon yem-xashak bilan ta`minlashning yagona manbai hisoblanadi. Afsuski, hozirda cho'l va chalacho'l o'simliklar qoplami qoniqish hosil qiladigan darajada emas. Chunki ko'p yillar davomida antropogen omillar ta`sirida yaylovlarning tabiiy holati inqirozga yuz tutayapti. Eng kuchli antropogen omillar qatoriga chorva mollarining boqilishini kiritish mumkin. Bu o'simliklar qoplami tabiiy tuzilishining keskin o'zgarishiga olib kelmoqda.

«Qizil kitob»ga kiritilgan o'simlik turlarining qariyb 40 foizi bevosita chorva mollarining betartib hamda haddan ziyod ko'p boqilishi oqibatida flora tarkibidan yo'qolib bormoqda. Aholining tabiiy manbalarga bo'lgan ehtiyojining ortib borishi va ulardan foydalanish to'g'ri yo'lga qo'yilmagani tufayli ham shunday hol yuz bermoqda.
Chorva mollari ta`sirida o'simliklar qoplamining inqirozga uchragan o'choqlari aholi maskanlarining 3-4 km. radiusdagi maydonlari va suv manbalari — quduqlar atrofidagi yaylovlarda yaqqol ko'zga tashlanadi. Ushbu joylarda yem-xashak turlari o'rnini tabiiy yaylovlar uchun xos bo'lmagan begona o'tlar egallayapti (isiriq, kakra, eshakmiya, qo'ziquloq, qurtqasoch va boshqalar).
Albatta, cho'l va adir yaylovlarining yomonlashuvi o'z-o'zidan sodir bo'layotgani yo'q. Masalan, cho'l yaylovlari atroflarida joylashgan Buxoro, Navoiy, G'ijduvon, Qorako'l kabi hududlarda yashaydigan aholi yaylovlarda keng tarqalgan singren, qora saksovul, partak, shuvoq turlarini o'tin yoqish yoki ipak qurtining pilla o'rashi va dasta uchun ildizi bilan chopib olib ishlatayotganini nima bilan izohlash mumkin?
Bu holat so'nggi yillarda ko'plab kuzatilmoqda. Natijada yil sayin yaylovlarimizda ochiq yoki o'simlik­lardan xoli maydonlar tobora kengayib bormoqda. Qizilqum cho'lida amalga oshirilgan tadqiqotlar davomida aholi tomonidan nafaqat shuvoq turlarining chopilishi, balki ildizi bilan sug'urib olish hollariga guvoh bo'ldik. Shuvoq turlari ketmon bilan chopilsa yoki ildizi bilan sug'urib olinsa, u qayta tiklanmaydi.
Bundan tashqari, keyingi 25 – 30 yil davomida Qizilqum, Ustyurt kabi hududlarda bir necha zamonaviy shahar va posyolkalar qurilishi, avtomobil, temir yo'llari, suv, gaz quvurlari o'tkazilishi oqibatida bir necha ming gektar sifatli o'tloq va yaylovlarga qiron keldi. Qolaversa, ma`lum hududdagi yaylov va o'tloqlar ekinlar ekish uchun o'zlashtirilib yuborilgan. Ko'rinib turibdiki, insoniyat o'zi ang­lagan holda yaylovlarni kengaytirish yoki yaxshilash o'rniga ular sifati buzilishi, maydonlarning qisqarishiga xizmat qilmoqda.
Shu tariqa cho'llanish jarayoni tobora jadallashmoqda. Yaylov inqirozining 44 foizi chorva mollarining haddan ziyod boqilishi, 25 foizi butalarning o'tin sifatida chopilishi orqali ro'y berayotir. Qolgan omillar (qurg'oqchilik, shamol eroziyasi, sanoat-qurilish ishlari) inqirozga olib keladigan sababiyatning uchdan bir qismini tashkil qiladi.
Chorva mollarining katta miqdori, odatda, bahor va yoz mavsumlarida qish­loqlardan uzoqroqdagi tog' oldi hududlarida o'tlatiladi. Kam sonli chorva mollari esa qishloq atrofida boqiladi. Ayniqsa, yoz mavsumida suv tanqisligi tufayli chorva mollari qishloqlardan uzoq masofaga bormasligi va qishloqdan 3-4 km. radiusdagi maydonlarda o'tlashi o'simliklar qop­lamining ­keskin o'zgarishiga olib kelmoqda. Ma`lumki, quduqlardan yiroq bo'lgan yaylov maydonlarida chorva mollarini suv bilan ta`minlash O'zbekiston cho'l hududlaridagi asosiy muammolardan biri bo'lib qolmoqda. Chorva boqilishi bosimi yoki ta`siri masofa bo'yicha suv manbalaridan uzoqlashgan sari kamayadi va o'simlik­lar qoplamida qator o'zgarishlar sodir bo'lishiga sabab bo'ladi. Uzoq masofadagi yaylov maydonlarida chorva mollarining suv tanqisligi sababli boqilmasligi o'simliklar o'sish faolligining sustlashishiga olib keladi, hayotchanlik formasini yo'qotadi, natijada bu yaylov maydonlarining ham inqirozi tezlashadi.
Kezi kelganda turlar tarkibida zararli, zaharli hamda chorva mollari tomonidan yeyilmaydigan begona o'simliklarning uzoq yillar davomida ko'payib borayotganini ham ta`kidlash joiz. Bu esa o'simlik­lar qoplamining chorva boqilishi ta`siri ostida kes­kin o'zgarishini isbotlaydigan yana bir dalildir.
2012 — 2017 yillar Qizilqum cho'lida amalga oshirilgan geobotanik tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, cho'llanishni vujudga keltirayotgan asosiy kuch tabiiy va antropogen omillardir. O'tkazilgan tadqiqotlar ekosistemalarning cho'llanishi o'z-o'zidan bo'lmasligini tasdiqladi. Asosiy antropogen omillar — yangi ko'llar paydo bo'lishi, tuproq eroziya­­si, yo'llar, karerlar, sho'rlanish, chorva mollarining me`yoridan ortiqligi, yangi shahar va qishloqlarning kengayishi, buta va daraxtlarning yoqilg'i sifatida chopilishi, manzarali, dorivor, ziravor o'simliklarning rejasiz terib olinishi, yo'l qurilishi, yangi yerlarning o'zlashtirilishi bo'lib, bular natijasida yaylovlar mahsuldorligi pasayib, turlar soni kamaymoqda. To'qay ekosistemasida o'zgarishlar yuz berib, ikkilamchi o'zgargan antropogen fitosenozlar hosil bo'lmoqda.
Eng kuchli cho'llanish qishloq va quduq atrofi, chorva mollari doimiy bir joyda boqiladigan yaylovlarda kuzatildi. Bunday maydonlar keyin­chalik o'simliklar qoplami bilan tiklanmaydigan taqir joylarga aylanishi tajribadan ma`lum. Eng kuchsiz cho'llanish hududning shimoliy qismi qishloqlardan ancha uzoq masofada bo'lgani sababli chorva mollarining kamligi, antropogen omillarning kam ta`siri natijasida kuchsiz payhonlangan. Birlamchi paydo bo'lgan shuvoqlar o'rnida ikkilamchi isiriqzor, qurtqasochzor, qo'ziquloqzor, eshakmiyazor jamoalari paydo bo'lgani kuzatildi. Shuningdek, galofit to'qay o'simliklaridan bo'lgan yulg'un, oq changal, oq ching'il, sho'rajriq, bir yillik sho'ralar aniqlandi. Bunday misol va sababiyatlarni sanashda uzoq davom etish mumkin. Maqsadimiz — yaylov inqirozi tub aholi turmush tarzining jiddiy muammosiga aylanayotgani, bunga bundan buyon aslo yo'l qo'yib bo'lmasligidan ogohlantirishdir.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, inson tomonidan yaylovlarga nisbatan o'tkazilayotgan bosimning ortib borishi sharoitida tabiiy o'simlik resurslaridan oqilona foydalanish dolzarb vazifadir. Bunda tegishli talab va qoidalarga amal qilinmasa, yaqin kelajakda bu tabiiy boyliklarning qaytarilmas holatga kelishi achchiq haqiqatdir. Binobarin, mamlakatimizning tabiiy yaylovlari mahsuldorligi va sifatini yaxshilash birlamchi yumush hisoblanadi. Buning uchun chorva mollarini fasllar bo'yicha almashlab boqishni yo'lga qo'yish lozim. Chunki hamisha bir joyda mol boqilaversa, o'tloqlar tez ishdan chiqadi. Shuning­dek, chorva mollarini sug'orish uchun rejali ravishda suv quduqlari sonini ko'paytirish talab etiladi. Kamhosil, degradasiyaga uchragan yaylovlar o'rnida olimlar tavsiya qilayotgan usullar bilan sun`iy yaylov va pichanzorlar tashkil etish maqsadga muvofiq.

Toshxonim RAHIMOVA,
biologiya fanlari doktori,
professor

Boshqa xabarlar