Qanoatlantirilgan da`vo

120

2017 yil ko'pchilikka omadli keldi. Kimdir yangi uyga ko'chib o'tdi, boshqa birovning ancha paytdan buyon yechim topmayotgan muammosi hal bo'ldi. Ammo beshariqlik Yu. Mirzaeva bu yilni tashvish bilan o'tkazdi. Gap shundaki, Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasining «Yu. Mirzaevani ishga tiklash va majburiy bekor yurgan davri uchun ish haqini to'lab berish to'g'risida»gi taqdimnomasi «Beshariq paxta tozalash zavodi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan qanoatlantirilmadi. Aslida, voqea bunday bo'lgan edi:

Yu. Mirzaeva «Beshariq paxta tozalash zavodi»da 10 yildan buyon turli vazifalarda, 2006 yildan esa xodimlar bo'limi boshlig'i sifatida ishlab kelgan. Ammo u o'tgan yili sentyabrda ishdan bo'shatildi. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga ko'ra bekor qilingan. Va bu holat mehnat daftarchasiga ham qayd etilgan. Huquqshunoslar MKning mazkur moddasi xodimning mehnat intizomini muntazam buzgani sababli ishdan bo'shatish to'g'risida ekanini yaxshi biladi. Yu. Mirzaeva esa kasaba uyushma huquqshunoslari tomonidan o'tkazilgan o'rganish­lar chog'ida intizom buzganini tan olmadi.
Birinchidan, aksiyadorlik jamiyati raisining 2017 yil 30 maydagi buyrug'iga asosan Yu.Mirzaevaga nisbatan 5 nafar xodimga «Ish haqi saqlanmagan holda ta`til berish to'g'risida»gi buyruqni vaqtida rasmiylashtirmagani uchun «Hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo'llanilgan. Ammo bu «ayb» ish beruvchi tomonidan arizalar Yu.Mirzaevaga yozilgan sanasidan 15 kun kech taqdim etilgani oqibatida ro'y bergan. Bundan tashqari, intizomiy jazo qo'llanishidan avval xodimdan tushuntirish xati talab qilinmagan. Holbuki, MKning 182-moddasiga binoan tushuntirish xati olinishi lozim edi.
Ikkinchidan, u 2017 yil 1-, 2-, 21 avgust kunlari go'yo ishga kelmagan. Tabiiyki, bu ham intizomni buzish deya baholangan. Vaholanki, 21 avgust kuni u jamiyatda o'tkazilgan kasaba uyushma qo'mitasining yig'ilishida ishtirok etgani hujjatlar bilan tasdiqlandi. Shuningdek, tabel va buxgalteriya hujjatlari xodimga 1 va 21 avgust kunlari to'liq ish vaqti belgilanib, ish haqi to'langani, qayd etilgan ish kunlarida ish ­joyida bo'lganini tasdiqladi.
Qonunchilikda xodim aybli xatti-harakatlar sodir etganida ham mehnat munosabatlarini bekor qilish to'g'risida kamida uch kun oldin xabardor etilishi yoki mutanosib kompensasiya to'lanishi lozimligi belgilangan. Biroq Yu.Mirzaevaga esa na ogohlantirish xati berilgan, na kompensasiya to'langan. Ustiga-ustak, mehnat daftarchasiga mehnat shartnomasi MKning 100-moddasi 2-qismi 3-bandiga ko'ra bekor qilingani to'g'risidagi qayd ham kiritilgan. Bu esa hech bir qoidaga mos emas.
Shunday bo'lsa-da, kasaba uyushmalarining mazkur noqonuniy holatni bartaraf etish to'g'risidagi taqdimnomasi «Beshariq paxta tozalash zavodi» AJ tomonidan qanoatlantirilmadi. Ish sudga borib taqaldi. Yu.Mirzaevani o'z lavozimiga ishga tiklash, majburiy bekor yurgan kunlari uchun o'rtacha oylik ish haqi undirish haqida fuqarolik ishlari bo'yicha sudga da`vo arizasi kiritildi.
Sud kasaba uyushmalari da`vosini asosli, ish beruvchining buyrug'ini g'ayriqonuniy deb topish, fuqaro Yu.Mirzaevani xodimlar bo'limi bosh­lig'i vazifasiga tiklash, majburan bekor yurgan vaqti uchun ish haqi undirish to'g'risida qaror chiqardi.

Orzigul QOZIXONOVA,
Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'limi mudiri

Boshqa xabarlar