«Qarzim ko'pdir eldan, yurtimdan…»

354

O'tib ketgan yaqin insonlaring, ayniqsa, ota-­onang har bir qadamingni, hatto nafas olishingni kuzatib turishgandek tuyuladi. Ularning yorug' xotirasi, qalbingdagi o'chmas siymolari oldida hamisha o'zingni­ ­mas`ul va masrur sezasan. Otamni nimadir ­sabab, nimadir voqea bilan har kuni eslayman.

Otam — O'zbekiston xalq yozuvchisi Shuhratning asl ismi-sharifi Alimov G'ulom Aminjon o'g'li. Otamiz hayot bo'lganida shu kunlarda yuzga kirar edi. U kishi o'rik gullaganda tug'ilgan ekanlar. Va shu bilan birga o'riklar qiyg'os gullagan kezda — 19 aprelda qamoqdan ozod bo'lib, uyga kirib kelgan. Shu sababli biz bu kunni otamizning qayta tug'ilgan kuni, deb bilamiz. Otamni qarindoshlar, o'sha paytdan biladiganlar G'ulomjon, G'ulom aka deb chaqirishardi, hozirgacha ham shunday eslashadi. Keyinchalik adabiy davra, do'stu yorlar, shogirdlar Shuhrat domla deb atab ketishgan. Har bir ismning ham mo'`jaz tarixi bo'lar ekan, shekilli…

* * *

Bu tarix aslida ko'p joylarda eslangan. Men buni qayta eslaganimning sababi bor. Otam o'zi haqida yozganida, o'sha besh yillik mash`um voqea­larni «50-yillarda baxtsiz hodisa ro'y bergan», deya bir satr bilan o'tib ketganlar. Bu nima degani? Otam o'sha paytdagi bir guruh ziyolilar qatori «o'tmishni ulug'lash» aybi bilan «uchlik» qarori asosida 25 yilga surgunga hukm qilingan. Bunga, otamning hikoya qilib berishicha, pedagogika institutida o'qib yurgan paytlarida, undan keyin ham Hamid Sulaymon boshchiligida o'zbek mumtoz adabiyotining vakillari Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, mutafakkir tarixchilar Xondamir, Mirxond kabilarni o'qitish bo'yi­­cha alohida dasturlar ishlash, o'quv soatlarini ko'paytirish, bir so'z bilan aytganda, talabalarga ular haqida ko'proq ma`lumot berishga urinish yo'lidagi harakatlari sabab bo'lgan. Otam qat`iyatli inson edi. 1955 yilda oqlanib chiqqanidan so'ng e`tiqodida sobit qolib, bir yildan so'ng tug'ilgan kichik akamga Xondamir, menga esa Bobur deb ism qo'yganlar. U payt­­da bunaqa ismlar kamdan-kam qo'yil­ardi. Bu bilan e`tiqodidan, tanlagan yo'lidan ­qaytmasligini, aksincha, shu sabot o'zlariga bir umr yo'ldosh bo'lishini o'ziga xos ravishda isbot qilgan. Keyinchalik ketma-ket dunyoga kelgan nabiralarga Komron, Temur, Botu, Humoyun, Mirxond deya o'zlari nom tanlaganining ­boisi ham shu.
Otamizning yana bir ajoyib fazilati shunda ediki, u kishi nozik qalb egasi, ijodkor bo'la turib, o'zi o'sha zulm mashinasining ichidan jabr tortib chiqib ham yurakda gina saqlab qolmadi. Bu yog'ini oxirat kuniga qoldirib, o'zi insondek yashay oldi. Yigitlik chog'larining eng ma`sum damlari qamoqxonalarda kechdi, lekin bunda birovni ­ayblamadi.
Otamdan o'zbek adabiyoti xazinasiga ulkan meros qoldi. U kishi o'zbek adabiyotida roman yozgan adiblar sirasida birinchilar qatorida sanalishga muyassar bo'ldi. U kishidan «Shinelli yillar», «Oltin zanglamas», «Jannat qidirganlar» va tugallanmagan «Mashrab» romani, bir qator she`riy kitoblari o'z vaqtida o'quvchilar qo'liga yetib borgan. Albatta, bu asarlarning har biri haqida o'z vaqtida fikrlar, mulohazalar aytilgan. Ammo, ayniqsa, uch romanning o'z tarixi, murakkab vaziyatlardagi bahosi bor.
El sevgan adib Shuhrat domlaning qariyb ­oltmish yil davomida dunyo yuzini ko'rgan asarlarini ham, yozuv stoli va shaxsiy arxivida qolgan noma`lum ijod namunalarini ham o'zbek milliy ma`naviyatidan ajratib bo'lmaydi. O'tgan XX asr mobaynida yozilgan muayyan janr­dagi asarlarning xalq madaniyati tarixidagi o'rni xolis belgilanar ekan, adib asarlari ham o'zining munosib bahosini olishi shubhasiz. Axloqiy pok­lik va botiniy go'zallik, qadriyatlarga sadoqat, og'ir kunda bardoshli, oilada va jamiyatda murosa va totuvlik uchun muqaddas so'z va qalam bilan kurashgan adib Katta adabiyotga daxldor mavzularga qo'l urdi hamda ularning o'ziga xos talqinini yaratdi.
«Shinelli yillar» romani «baxtsiz hodisa» ro'y bermasdan avval yozila boshlangan edi. Ammo uning tugallanishi 55-yillardan keyinga to'g'ri kelgan. Shu romanni qayta ishlab, oqqa ko'chirish uchun otam 47 kun uydan chiqmay, yozuv stoliga muk tushib ishlagan ekan. Bu asar o'sha paytda juda qo'lma-qo'l bo'lib ketgan, hatto rus tiliga tarjima qilinib, ­Moskvada katta adadlarda bosilgan ham. O'shanda sobiq Mudofaa vazirligi va kitobni chop etayotgan «Voenizdat» nashriyotidan xat olgan. Unda ushbu kitobdan kelayotgan tushumlar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, xususan, nogironlarni moddiy rag'batlantirishga yo'naltirilgani haqida xabar yozilgan ekan. Urush ko'rgan, uning jabrini tortgan adib uchun bu, albatta, quvonchli hol edi.
«Oltin zanglamas» romani o'sha paytdagi senzura chig'irig'idan eng og'ir o'tgan roman desak, adashmagan bo'lamiz. Ma`lumki, bu roman «Sharq yulduzi» jurnalining bir necha sonlarida bobma-bob e`lon qilinayotganida ko'rinmas kuchlar tomonidan to'xtatib qo'yilgan edi. Buning birlamchi sababi asarda qalamga olingan voqea bo'lsa, boshqa tarafdan o'sha paytdagi «sovet adabiyoti»da ham, milliy adabiyotimizda ham Stalinni qoralagan dastlabki asarlardan biri edi. Buni «hazm qilish» rahbarlar uchun oson bo'lmagani kunday ravshan. Roman juda mashhur bo'lib ketgan va so'zma-so'z tezkor tarjima qilingan. Shu tarjimaga bir ko'zim tushgandi. Aslida, «Moskvada nashr etamiz» degan bahona bilan olib ketilgan bu tarjima qo'lyozmasi vaqtlar o'tib arxivlarda qolib ketgan. Keyinchalik bu asarga yana bir qiziqish tug'ildi. Asar asosida film yaratish taraddudida otam bilan maslahatlashishdi, ssenariy tayyorlandi. Lekin negadir bu ish ham oxiriga yetmadi. Ammo otamning asarlari ichida eng ko'p va qayta-qayta nashr etilgani ham shu roman bo'lsa kerak.
Uchinchi romani — «Jannat qidirganlar» asari boshidan ham qiziq tarixlar o'tdi. O'zimizga begona bo'lmagan bir kishining Markazqo'mga yuborgan xatida dadam millatchilikda ayblangan edi. Xullas, qo'lyozma yana senzura tegirmoniga tushdi, Moskvadan vakil keldi. Asar Markazqo'mda muhokamaga qo'yildi. Unda o'sha paytning atoqli ziyolilari Izzat Sulton, Matyoqub Qo'shjonov, Turob To'la, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov kabi yigirma nafarga yaqin atoqli adiblar, olimlar ishtirok etish­­di. Majlisda bir ovozdan bu asarda hech qanday millatchilik ruhi yo'qligi, o'z zamonasining yangi mavzudagi yaxshi bir asari ekani e`tirof etilgan. Shundan keyin «Jannat qidirganlar» katta nusxada nashr etila boshlangan.
Aslida, otamning taqdiri hamisha sinovlar, ziddiyatlar, murakkabliklar, taz­yiqlarga hamroh edi. Birinchi marta o'tgan asrning 30-yillari oxirlarida «Usmon Nosirga yaqin kishi» sifatida ta`qibga olingan bo'lsa, keyinchalik ham goh u ko'rinishdagi, goh bu ko'rinishdagi ayblovlarning keti uzilmagan. O'sha birinchi tazyiq bosh­langanda otam harbiy xizmatga chaqiriladi, keyin Bokudagi ikki oylik ofiserlik kursini tamomlab, shu bilan urushga ketadi. Urush oxirlab qolganda og'ir yarador holda jangdan qaytgan.
Keyingi ta`qiblar bu, tabiiyki, 50-yillar suroni. O'sha voqealar asnosida otam 21 kun tergovda bo'lgan. Keyinchalik Maqsud Shayxzoda bilan suhbatlashganida, u kishiga «Domla, men podvalda yotganimda kameraning panjara bosilgan darchasida yoqasida ipi osilib turgan ko'ylakni ko'rgandek bo'ldim», deganlar. Bu gapni aytishlaridan maqsad u payt­larda Shayx aka yoqasi ipli ukrainka ko'ylak kiyib yurgan. Agar Shayxzodaning o'sha yillardagi suratlariga e`tibor bersangiz, aksariyatida shunaqa bichimdagi ko'ylaklarda rasmga tushgan. Ikkovlarining suhbatidan ular o'sha kunlari yonma-yon kameralarda o'tirib so'roq berishgani ayon bo'ladi. O'sha tahlikali va g'irrom kunlarda o'zbekning ziyolilari, rostgo'y farzandlari boshida mana shunaqa o'yinlar, xo'rlash va ayblovlar bor edi.
Ba`zilar Shuhrat domla juda og'ir hayot kechirgan, boshidan qora kunlar ketmagan, omadsiz yashagan, ro'shnolik ko'rmagan, deb o'ylashgan, gapirishgan ham. To'g'ri, ular otamga joni achib, kuyunib aytgan. Lekin aslida, matonatli insonlar, kechirimli kishilar, bardosh­­li, bag'rikeng odamlarga bunday sinovlar doimiy hamroh bo'lar ekan. Qolaversa, o'zini himoya qila oladigan, haq so'zni ayta biladigan kishilarga har qachon ham yengil bo'lmagan. Lekin buni «omadsiz», «baxtsiz» deyish noto'g'ri. Chunki otam shuncha sinovlarga qaramay, doim ijod bilan mashg'ul bo'ldi, oxirgi 25-30 yil hech qaerda ishlamay, faqat yozdi. Shu asosda ko'pchilikka mashhur va sevimli bo'lgan «Dunay sohillari», «Kavkaz daftari» turkumlari, «Shaydo ko'ngil», «Hali tun uzoq» va «Sening sevging» kitob­lari dunyoga kelgan. Otamning adabiyotdan kuch olishi, ijoddan sabot topishi haqida o'ylasam, xayolimga shu she`r keladi. Bu mo'`jaz she`r otamning hayot va ijod pozisiyasi edi, desam yanglishmayman.

Yon, chirog'im, tongga qadar yon,
Yorug'ingdan yorisin jahon!
Yon, chirog'im, qalbim kutar, yon,
Yon, chirog'im, orom olsin jon!

Sen yonib tur, men qilay ijod,
Qarzim ko'pdir eldan, yurtimdan.
Umrim o'tgach, qarab ortimdan
Demasinlar: — Ko'rdi bo'sh hayot!

Yon, chirog'im, tongga qadar yon!

Bobur ALIMOV

Boshqa xabarlar