Qo'l bilan berib…

45

Savol: Tanishimga — 15 000 000 so'm qarz berdim. Ammo notariu­s­­da qarz shartnomasini rasmiylashtirmadim. Tilxat olish bilan kifoyalandim. Notariusda shartnomani rasmiylashtirishning ustun tomoni nimada? Bunda guvohlar kerakmi? Shular haqida ma`lumot bersangiz.

K. ERGAShEV,
Norin tumani

Javob: Jismoniy shaxslar o'rtasidagi qarz shartnomasi, agar uning summasi eng kam ish haqi miqdorining 10 baravaridan oshsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi kerak. U qarz oluvchining unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki ashyolarning muayyan miqdori berilganini tasdiqlaydigan tilxati bo'lganda ham yozma ­shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.
Shu sababli agar siz eng kam ish haqining 10 baravaridan kam summani qarzga bermoqchi bo'lsangiz, bitimni notarial tasdiqlash talab etilmaydi — yozma qarz shartnomasi yoki qarz oluvchining tilxati kifoya. Qarz shartnomasini tuzish chog'ida qonun guvohlarning bo'lishini talab etmaydi.
Agar siz katta summani qarzga bermoqchi bo'lsangiz, ushbu bitimni notariusda tasdiqlashga harakat qiling. Notarius notarial harakatlarni sodir etish uchun murojaat qiluvchining shaxsini aniqlashi, yuzma-yuz suhbat vaqtida fuqarolarning huquqiy layoqatini aniqlashi, taraflarning haqiqiy niyatlarini belgilashi, murojaat qilgan shaxslarning iltimosiga ko'ra qarz shartnomasi loyihasini tuza olishi notarial tasdiqlashning ijobiy tomonlaridir.
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to'g'risidagi yo'riqnomaga ko'ra, qarz shartnomasi xohlagan notarial idorada tasdiqlanishi mumkin. Unda qarzning qaytarilish muddati, joyi va majburiyat bajarilishi usullari haqida notarius tomonidan tushuntirish berilgani ko'rsatilishi kerak. Lozim bo'lsa, notarius taraflarning xohish-istaklarini aniqlash maqsadida ariza olishi mumkin.
Agar sizda notariusga murojaat qilish imkoniyati bo'lmasa yoki ma`lum sabablarga ko'ra shunday qilishni xohlamasangiz, yurist yoki advokatga murojaat qilishingiz mumkin.

Huquq va xalqaro hayot bo'limi

Boshqa xabarlar