Hayrat va havas og'ushida

828

 

Registon. Qadimiy va hamisha navqiron bo'lgan Samarqand faxri – Registon ko'plab xalqaro anjumanlarga oshiyon bo'lgan.U yer yuzining barcha qit`alaridan kelgan sayyohlarning doimiy  e`tiborida.

Xalqaro konferensiya qatnashchilari ham  bu muhtasham go'shaga tashrif buyurishdi. Mahobatli Sherdor, Tillaqori va Ulug'bek madrasalarini tomosha qilayotgan minglab sayyohlar qatoriga ular ham qo'shilishdi. Dunyoga ne-ne ulug' zotlarni yetkazib bergan bu mo'`tabar maskan har qanday kishida hayrat va havas uyg'otadi.

  • Samarqandga ilk bor bundan 35 yil ilgari kelib ketgan edim, – deydi Afg'oniston Respublikasi Ish beruvchi va ishchilarning milliy ittifoqi raisi muovini G'ulom Ali Baryor. – Bu qadimiy shahar o'sha davrlarda ko'zimga mung'ayib, tarixiy obidalar nursiz ahvolda ko'ringan edi. Bugungi Samarqand tarovatidan esa qadimiy ajdodlar merosiga bo'lgan hurmatdan aqlim lol qoldi. Registonni asl holatiga keltirguncha ozmuncha muhnat qilinmagani ko'rinib turibdi. Bu yerdagi obodonchilik, bunyodkorlik ishlari o'ta nozik did bilan amalga oshirilgan. Samarqand haqiqatdan ham inson bir ko'rmasa armonga aylanadigan shahar bo'libdi.

Tillaqori madrasasida Xitoy  Kasaba uyushmalari xalqaro bo'limi mudiri An Jin Xul bilan muloqotda bo'ldik.

  • O'zbekistonga birinchi marta tashrif buyurishim, – deydi u. – Dunyoda go'zal yurt va shaharlar ko'p, ammo ular orasida bu mamlakat menda boshqacha taassurot qoldirdi. Mehmondo'st, samimiy, yuzlaridan nur yog'ilib turgan odamlar bilan uchrashganimdan hayajonimni yashirolmayapman. Bugun Registonda turib, yuragimga bir tilakni tugdim: kelgusi gal Samarqandga ota-onamni ham olib kelaman. Ular bu ajib diyorni ko'rib hayratga tushishi aniq.

Xalqaro konferensiya qatnashchilari  bu yerda uch guruhga bo'lingan holda shahardagi Mirzo Ulug'bek observatoriyasi, Xo'ja Doniyor maqbarasi, Siyob bozori va boshqa ziyoratgohlar, tarixiy maskanlar, ishlab chiqarish korxonalari va mahallalarga yo'l olishdi.

Boshqa xabarlar