Asalning nimasi shirin? yoxud to'ylarda me`yordan chiqish oqibatlari

854

Xo'ja Nasriddin umrida birinchi marta bozordan qand xarid qilayotganda baqqol buni ko'p iste`mol qilsa, og'izni taxir bo'lishini ta`kidlagan ekan. Afandi bunga qanday javob bergani o'z yo'liga. Lekin bugungi to'ylarni ko'rib, dabdababozliklarni eshitib, beixtiyor kishi xayoliga baqqolning ibratli gapi kelishi aniq.

Binobarin, keyingi payt­larda dabdabali to'y qilaman, deb boshiga ortiqcha tashvishlarni orttirib olayotgan yurtdoshlarimiz soni kam emas. «Sendan men kammi?» qabilida ish tutib, kimo'zarga ish ko'rayotganlar bisyor. To'yxonalar tirband. Ilgari odamlar do'kondan noyob mol olishga turnaqator tizilishar edi, endi esa to'ylarga xizmat qiladigan otarchilar uyiga yaqin borib bo'lmaydi. To'y ro'yxati bilan liq to'ldirilgan semiz-semiz daftarlar kuniga bir necha marta ochilib-yopiladi. «Menikiga boring», deya yalinishlar… Bularning hammasi bir kunda o'tadigan to'ylar uchun, o'zini ko'rsatib qo'yish uchun, «menday to'y qilish uchun senga yo'l bo'lsin», degan pisandalar uchun… Nahot, shunday xashaki tuyg'ular quli bo'lib qoldik, deya yoqangni ushlamaslikning iloji yo'q.
To'yga taklif etilgan bejirim qog'ozlardagi so'zlarni o'qib, g'ururlanasiz. Siz uchun yo'llarga intizor ko'zlar, to'kin dasturxonlar. Tantanada ishtirok etgach havasingiz keladi: to'yni shunday to'kin qildi, mezbonning uyi jannat bo'lsa kerak?..
Chuchvarani xom sanabsiz. Bir to'yda shahardan kelgan mehmon uyiga qaytib ketolmay tunab qolishiga to'g'ri kelibdi. Aqalli qo'liga birorta ohorli sochiq tutolmabdi butun elni chaqirgan shovvoz… Uyi ham aftodahol. O'qishga kitob so'ragan ekan, topilmabdi. Ertasiga og'aynisiga achchiq ­gap­lar aytibdi:
— Mendan xafa bo'lma, do'st achitib gapiradi. Shuncha noz-ne`matni isrof qilib to'y berguncha, tuzukroq imorat qursang bo'lmaydimi? Bolalaringni o'qitsang, uyingda sharoit qilsang…
— E og'ayni, odamlarning to'yida ko'p bo'lganman, vaqti kelganda davralarda katta gapirganman, — degan javobni olib, unga ortiqcha gapirish befoyda ekanini sezibdi.
Bundaylar misqollab yiqqan, jonini jabborga berib to'plagan boyligini bir kunda xazon bargiday sochsa, yana biri qishlog'iga to'y berishni ep bilmay uzoq shahardagi to'yxonada bazmu jamshid uyushtiradi. To'yda ko'rsatilgan hotamtoylikni aytib kelishi uchun qish­log'idan odamlarni terib-terib chaqiradi. Nima niyatda bunday qilganini hamma biladi, lekin indamaydi. Chunki u qish­log'idagi tadbirlarga qo'shilmaydi. U o'z vaqtida uzatganlarini yig'ib olsa, bas. Qoshiq ham moy, tovoq ham. Ishqilib, bir kunda o'tadigan to'yda o'zini ko'rsatib qolsa bo'ldi-da…
…Dunyoning rivojlangan mamlakatidagi do'stining to'yida ishtirok etib kelgan kishi gapirib bergan mana bu holatga e`tibor bering: U yerdagi to'yga bor-yo'g'i 40-50 nafar odam yig'ildi. Uy egalari va ularning yaqin mehmonlari. To'y tamom bo'lgach, bo'layotgan voqealardan hayratlanib, ­do'stimdan so'radim:
— Ey, uyalmaysanmi, «millioner» degan noming bor. Shu ham to'ymi?
— Ha, nima bo'pti, nimasi kam?..
— Men kamida ming nafar odam qatnashadi, 7-8 joydan san`atkor keladi, deb o'ylasam…
Shu joyda gapim og'zimda qoldi.
— Men ne-ne mashaqqatlar bilan yiqqan daromadimni bir kunda sochib yuborsam, ertaga tadbirkorligim qanday rivoj­lanadi?.. Moliyaning qonuni: Foyda olmasang kasodga uchraysan, tiyinlardan so'mlar hosil bo'ladi. Men iqtisod talab­lariga amal qilmasam, millioner bo'lolmas edim. E, yiqqan odam sarflashni ham bilishi kerak-da…
Bu gaplar mehmondo'st, tanti, bag'ri keng o'zbekka aslo ta`na emas. To'g'ri, hamma ham bir xil emas, topgan boyligini e`zozlab, uni yanada ko'paytirish uchun jon kuydirayotganlar juda ko'p. Lekin ba`zi bir yurtdoshlarimiz ulardan o'rnak olish o'rniga manmanlik, bir kunlik hotamtoylik, to'y orqali soxta obro' orttirish yo'liga kirib qolayapti.
Rosti, ko'nglida saxovat qilish tuyg'usi bor ekan, to'yga sarflanadigan mablag'ning bir qismiga maktab kutubxonalari uchun kitoblar olib bersin, mahallasidagi beva-bechora, yetim-esirlarga qarashsin. Bu bilan ham kimgadir yaxshilik ulashgan, ham savobga qolgan bo'ladi-ku?!
…Bir kunlik to'y o'tadi-ketadi. Qarz evaziga soxta obro' orttirish uchun qilingan harakatlar hech qanday ahamiyatga ega bo'lmaydi. Ortidan qarzni to'lash muammosi bo'y ko'rsatadi. Kelinning chillasi chiqmasdan turib, kuyov bo'lmish xorijga yo'l oladi. Dardi ichida bo'lgan ota mahalla-ko'ydagi tadbirlarga ko'kragini ko'tarib borolmaydi…
Hammani to'yga yetkazsin. To'yda birgina me`yorga amal qilinsa, olam guliston. Yo'qsa, baqqol Xo'ja Nasriddinga ta`kidlagani kabi shirinning taxiri chiqadi.

Pardaboy TOJIBOEV,
jurnalist

Boshqa xabarlar