Yuksak ishonchga munosiblik mas`uliyati

616

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakat hayotida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jamiyatimizga yangicha nafas, teran nigoh, mutlaqo o'zgacha ruh, odamlar tafakkurida keskin ijobiy burilishlar yasaganini ta`kidladi. Davlatimiz rahbari 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta`sirchan omil ekaniga asosiy e`tiborni qaratdi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Milliy teleradiokompaniya, Madaniyat vazirligi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi va «Uzreport» axborot agentligi kabi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o'tkazib kelinayotgan «Oltin qalam» Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov xalqaro jurnalis­tikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, mazkur tanlov media sohasi vakillarining fuqarolik pozisiyasini namoyon etishi hamda jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy mushohada va o'z faoliyatlariga yangicha yondashuvni takomillashtirishda muhim omil bo'lmoqda.
Bu yilgi «Oltin qalam» XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 523 nafar jurnalist 7100 dan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. Hakamlar hay`ati xulosasiga ko'ra tanlovning Bosh milliy mukofoti berilmadi. Tanlov ishtirokchilari orasidan televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo'nalishlari bo'yicha g'oliblar, shuningdek, «OAVda kitobxonlik madaniyati targ'ib qilingan eng yaxshi material uchun», «Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun», «Eng yaxshi matbuot xizmati» va «Eng yaxshi fotoreportaj uchun» rag'batlantiruvchi mukofotlar sohiblari aniqlandi. Taqdim etilgan ishlarni o'rganishda bugungi shiddatli davr talablari, teran tahlil, so'zga mas`uliyat, ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv kabi jihatlarga asosiy e`tibor qaratildi.
Taqdirlash marosimida YuNESKO, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegasiyasi, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining filiali (RESSA), YuSAIDning Sil kasalligiga qarshi kurash dasturi, DVV International (Germaniya), Gyote instituti, «Mintaqaviy muloqot» (Sloveniya) kabi xalqaro tashkilotlarning O'zbekistondagi vakolatxonalari, AQSh, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va Xitoy Xalq Respublikalarining elchixonalari, shuningdek, milliy hamkorlar — O'zbekiston Kasaba uyushmalari federasiya­­si, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham o'z mukofotlarini topshirdilar.
Tadbir doirasida taniqli san`at ustalari, o'zbek milliy estradasining yulduzlari va yosh san`atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

O'zA

Boshqa xabarlar