Bag'rikenglikka qo'yilgan haykal

706

Ikkinchi jahon urushi yillarida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov (1890 — 1970) va uning xotini Bahri Akramova (1903 — 1987) turli millatlarning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini asrab olib, ta`lim-tarbiya berishdi.

Ular turli millat vakillari bo'lgan 13 nafar va urushdan so'ng yana 3 nafar bolani o'z qaramog'iga olib, aksariyatiga o'zlari ism qo'yishdi. Habiba, Vova, Shuhrat — rus, Hamidulla — ukrain, Rafiq, Rahmatulla — tatar, Xolida – moldovan, Samug' — chuvash, Yo'ldosh, Ergash — yahudiy, Halima — qozoq, Qoravoy, Ne`mat, Muazzam, Hakima, Ulug'bek — o'zbek. Temirchi Shomahmudovning katta oilasi haqidagi xabar uzoq-uzoqlarga, hatto frontgacha yetib borgan edi. Bu haqda eshitgan harbiylardan biri katta leytenant Levitskiy ­Shoahmad otaga bir necha yuz rubl jo'natadi. Shoahmad ota esa bu pullar evaziga yana bir ukrain bola — Sanya Brininni o'z bag'riga oladi.
Yana ko'plab o'zbek oilalari Shomahmudovlar singari jasorat va qahramonlik ko'rsatishdi. Ta`kid­lash joizki, o'sha yillarda o'zbek oilalari jami 4,5 ming nafardan ziyod yetim bolani asrab olishgan. Shomahmudovlar kabi samarqand­lik Samadovlar 13 bolani parvarishlab o'stirgan. Shonli tariximiz sahifalaridan joy olgan bunday insonlar hayoti yozuvchi Rahmat Fayziyning «Hazrati inson» romani, «O'zbekfilm» kinostudiyasining «Sen yetim emassan» filmi yaratilishiga asos bo'lgan.
Shomahmudovlar sharafiga 1982 yilning 26 mayida Toshkentda Xalqlar do'stligi monumenti ochildi. Haykaltarosh ­D. Ryabichev, me`morlar L. Adamov, S. Odilov tomonidan ishlangan yodgorlik majmui keyinchalik Toshkent shahrining kirish joyiga ko'chirilgan edi. Bugun esa mazkur haykal avvalgi joyiga — Shayxontohur tumanidagi «Xalqlar do'stligi» maydoniga qaytarildi. U yerdagi san`at saroyi va metro bekati ham avvalgi «Xalqlar do'stligi» nomini oldi.
Maydon bugun gavjum. Yosh-u qari monumentga nazar solarkan, zamonaning achchiq sinovlarida ham ushbu oilani tark etmagan mehr-muhabbat, insoniylik va samimiylik nafasini his qilishgan bo'lsa, ajab emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyov Shomahmudovlar ko'rsatgan qahramonlikning ahamiyati haqida to'xtalib o'tarkan, «Bizning bag'rikengligimiz ota-onamizdan qolgan. Ilohim, bolalarimizga ham o'tsin. Ana shu adolatdan bo'ladi» deganlari bejiz emas.
O'zbek xalqining bag'rikengligi va mehmondo'stligini aks ettiruvchi bunday monumentlar bugungi osoyishta, farovon hayotga shukronalik hissini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ozoda RO'ZIQULOVA

Boshqa xabarlar