O'ZBEK O'ZGARADIMI? yoxud eski odatlardan qachon qutilamiz?

228

URF-ODAT VA ZAMON

O'zbek xalqining qadimiy urf-odatlari juda ko'p. Urf-odatlar esa madaniyatning bir qismi hisoblanadi. Odatda yuksak madaniyatli xalq deganda zamon o'zgarishi bilan eski, o'z vazifasini o'tagan va yangi davrga mos kelmaydigan urf-odatlarni tark etib, boshqalar havas qiladigan rasm-rusumlarni joriy qilgan xalq tushuniladi. Masalan, o'rta asrlarda davlat arboblari, yirik yer egalari va ruhoniylar vafot etsa, hafta-o'n kun, ba`zan qirq kun va undan ortiqroq muddatda tuya, buqa, qo'ylar so'yilib, yetim-esir, musofir va gadolarga ovqat tarqatilgan. Bunday ehson o'z vaqtida o'zini oqlar edi. Chunki aholining deyarli aksariyat qismi ishsiz, tinimsiz o'zaro urushlar hukm surar, toj-u-taxt egallash niyatida ota bilan bola, meros talashgan shahzodalar nizo-janjallari natijasida tinch­lik yo'q edi. Yurt vayron, dehqonning ekin-tekini payhon bo'lgan, uning ustiga tinimsiz bosqinchilik yurishlari oqibatida lashkarning oziq-ovqati, qurol-yarog'lari uchun olinadigan soliq oshib ketgan, aholining tinkasi qurib qolgan edi.
Bular endi burungi gaplar, albatta.

URF-ODAT QULI

Afsuski, eski odatlardan birdaniga qutilish mushkul. Bunga juda ko'p misol keltirish mumkin. Hozir ham kishi vafot etganda dosh­qozonlarda osh damlab, 300-500 nafar odam chaqirib, ehson oshi tarqatish urfi amalda. Dasturxonlar esa noz-ne`mat ko'pligidan lorsillaydi. Turfa mevalar, qand-qurs, shirmoy non va shirinliklarni ko'rgan kishi «bu ta`ziyami yoki to'y?» deya o'ylanib qolishi aniq.
Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: Xo'sh, shuncha noz-ne`mat kimga atalgan? Qo'li kalta va beva-bechoragami? Taassufki, bunga ijobiy javob berish qiyin. Chunki to'yxona atrofi qimmatbaho mashinalar bilan to'lib ketadi. Bu yerga kelgan odamlarning oliftalarcha kiyinib olganini esa aytib o'tish ortiqcha. Ularning ko'pchiligi g'ijingancha, «Obbo, yana oshmi? Odamni tinchgina dam olishga ham qo'ymaydi» deya tong saharlab uyqudan turadi. Ba`zida shaharning narigi chekkasidan bu chetigacha 30-40 km. yo'l bosib kelishadi. Bir luqma osh yeydimi-emaydimi, kamida 5-6 ming, ko'pi 50-100 ming pul sarflab oshga kelib-ketadi. Ular ochligidan emas, urf-­odatlarning quli bo'lgani uchun shunday qilishadi.
Qolaversa, bu «shuncha odamlarga osh berdim», deb soxta obro' orttirishning bir yo'li, xolos. Bu qachonlardir ijtimoiy-iqtisodiy tanglik sharoitida yuzaga kelgan urf-odatning sarqiti ekanini hamma ham birdek tushunib yetgani yo'q.

XORIJ TAJRIBASI

Shu o'rinda bir voqeani bayon etishni lozim topdik. Bir guruh o'zbekistonlik olim va ziyolilar bilan Eronda o'tkazilgan kitob yarmarkasiga bordik. Kitob ko'rgazmasining sahni shunchalik ulkanki, bir boshidan ikkinchi boshi ko'rinmaydi. Yetti yoshdan-etmish yoshgacha bo'lgan kishilar xuddi umumxalq sayliga kelganday bu yerga oshiqishgan. Endigina maktab yoshiga yetgan-etmagan o'g'il-qizlar qo'lida bir dasta pul, bir xalta-bir xalta kitob sotib olib, zo'rg'a orqalab ketayotgan holatni ­ko'plab ko'rish mumkin. Bu yerda kitob o'qishga qiziqish favqulodda zo'r ekan. Havas qilsa arzigulik.
Eronda to'y marosimi ham juda ixcham o'tar ekan. Bu yerda yoshlar maxsus salon yoki restoranda eng yaqin qarindosh, do'st-yoronlarini chaqirib, 50-100 nafar kishilik to'y marosimini o'tkazishadi. To'y, odatda, soat 19:00 ga tayinlanadi. Dasturxonga ho'l meva, shirinlik va choy qo'yiladi. Milliy musiqa chalinadi, yosh qizaloqlar o'yinga tushadi, kattalar kelin-kuyovga bir dasta gul berib tabriklaydi, keyin o'tirib suhbat qurishadi. Soat 22:00 da kechki ovqat tortiladi. Kechki ovqat odatda suvga pishirilgan guruch bilan kabob yoki tovuq bo'ladi. Shu bilan soat 23:00 da to'y tugaydi.
Saudiya Arabistoni Eron, Afg'oniston va boshqa musulmon davlatlarining ko'pchiligida oilada kimdir vafot etsa, uning fotihasini uch kun masjidda o'tkazishadi. Yuz-ikki yuz kilolik osh damlab, odamlarga tarqatish uyoqda tursin, hatto kelganlarga choy ham taklif qilishmaydi. Bu dunyodan o'tganlarni eslab o'tkaziladigan barcha marosimlar uyda, o'z yaqinlari davrasida bo'lib o'tadi. Bizdagi isrofgarchiliklar, xo'jako'rsinga «men sendan kammanmi?» qabilidagi kim­o'zarga osh tarqatishlar bu mamlakatlarda umuman yo'q.

BIZDA…

Bizdagi kelin uzatish dabdabasi uncha-muncha milliarderning ham xayoliga kelmasa kerak. Kelin sarposi, mebeli, ba`zi xonadonlardagi katta uchastkani qurib qo'yib, kelin tomonga hamma jihozlarini yuklashi, televizor, kir mashina, hatto kuyov bolaga yangi mashinagacha olib berish… Bu ro'yxatni yana davom ettirsa bo'ladi. Hozir yosh kelin-kuyovlar aksariyat hollarda biror oliy o'quv yurtida o'qiydi. Ularning o'qish xarajatlari, kiyim-kechagi, yeyish-­ichishi esa ota-onaning zimmasiga tushadi. Ota-onasi bularni ta`minlashga qodir bo'lsa-ku, olam guliston. Agar aksi bo'lsa-chi? Zero, hamma oila ham iqtisodiy jihatdan baquvvat emasku?!
To'y o'tkazish borasida ko'pchilikda taqlid hissi kuchli. Kimdir dabdabali to'y o'tkazsa, uni ko'rgan bosh­qalar ham qo'lidan kelsa-kelmasa unga taqlid qiladi. Bunday taqlidlar oqibati urush-janjal, oila buzilishi kabi turli ko'ngilxiraliklarga olib keladi. «Ko'rpangga qarab oyoq uzat» degan dono naqlga amal qiladiganlar nihoyatda oz.
Bunday taqlid yoshlarni boqimandalik, tekinxo'rlik, molparastlik va ma`naviy qashshoqlikka undashi bilan yanada tashvishlanarli.
To'qlikka sho'xlik, taqlidchilik bilan qayoqqa qarab ketyapmiz? Nahot, qilayotgan ishlarimizni aql tarozisiga solib, o'ylab ko'rolmasak? Hamma uchun ma`qul bo'lgan, hamma ko'rib havas qiladigan urf-odatlarni joriy qilishga xalqimizning kuch-qudrati yetmaydimi? Bu kabi savollarga tezroq javob topishimiz kerak.

XULOSA

Alisher Navoiy hazratlari bir o'rinda «Tabiatg'a har neki odat o'lur, chu vaqt o'tg'ay odat tabiat o'lur», deya ta`kidlagan. Inchinun, hamma urf-odatlarni ham yuksak milliy qad­riyat deb hisob­lash joiz emas. Chunki vaqt o'tishi bilan ba`zi odatlar eskiradi, zamon talablariga javob bermay qoladi. Bu tabiiy hol aslida. Shu ma`noda turli marosimlarni ixchamlashtirish to'g'risidagi hukumat qarori juda to'g'ri va ayni vaqtida qabul qilindi. Zero, qachonlardir bu zamonga mos kelmaydigan urf-odatlarimizni o'zgartirishimiz kerak-ku?! Ana shunda sarlavhadagi savolga ham javob topiladi.

Ahmadjon QURONBEKOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik
instituti professori

Boshqa xabarlar