Bolalarga bering dunyoni!

1,764

Kasbi tumanining Qamashi qishlog'ida davlat va xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan «Parvoz» nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasida 100 nafardan oshiq o'g'il-qiz tarbiyalanmoqda.

Yaqin-yaqingacha bu hududda bolalar bog'chasi bo'lmagani ota-onalarning e`tiroziga sabab bo'lib kelayotgandi. Chunki 20 ming nafar aholi istiqomat qiladigan katta bir ­qishloqda maktabgacha ta`lim muassasasi faoliyat yuritmas, bolalarni o'qishga tayyorlash ishlari dolzarb muammo edi. Davlatimiz rahbarining bolalarni maktab­­ga sifatli tayyorlash ishlariga katta e`tibor qaratishi tadbirkor murabbiya Elmira Hasanovani ruhlantirib yubordi.
Asli kasbi o'qituvchi, harakatlari izlanuvchanlikka, tadbirkorlikka mo­yil Elmira opa qishloqda nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasi ochdi.
Kuni kecha bu muassasada agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Kasbi tumani kengashi tashabbusi bilan 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag'ishlangan, «Bolalarga bering dunyoni!» deb nomlangan bayram tadbiri uyushtirildi.
Bolajonlarning qisqa muddatda (ikki oy davomida) rus va ingliz tillarini yaxshigina o'rganishgani barchani quvontirdi. Xorijiy tillarda biyron-biyron she`r o'qiyotgan o'g'il-qizlarga havas qildik, ularga yanada yuksak parvozlar tiladik. Jajji bolalar tomonidan ijro etilgan raqslar dillarga xushnudlik ulashdi.
O'z navbatida, bayram qahramonlariga tuman hokimligi hamda agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Kasbi tuman kengashi tomonidan sovg'alar ulashildi. Viloyat qo'g'irchoq teatri tomonidan namoyish etilgan quvnoq tomoshalar barchaga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi. Mashhur turk shoiri Nozim Hikmat «bolalarga bering dunyoni!» deya xitob qilganida jajji farzandlarning shunday quvonchli onlarini nazarda tutgan bo'lsa, ajabmas.

Akmal ABDIEV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar