Ko'z qarog'i, baxt bog'i

436

Oilada go'dak dunyoga keldi: endi hammasi boshqacha bo'ladi. Dunyo tashvishlaridan ovunchoq, ko'ngilni-yu ko'zni quvnatuvchi jajji olam. Go'dak isi, farzand taftini tuygan odam borki, dunyodagi eng buyuk ne`mat — dilbandining ko'zlariga boqish, uning biyron tillaridan yangraguvchi shirin so'zlarni eshitish, ko'zmunchoqdek qarog'laridan baxtning suvratini topish ekanini qalbdan his etadi.

Ota-bobolarimiz farzandni bejiz «jannatning gul-u rayhoni» deya e`zoz etishmagan. Bolajonligi bilan ta`riflanadigan o'zbek millati har qadam, har nafasda, avvalo, «bolam» deydi. Aslida, ­dunyoning barcha xalqi, millati ham bolani yaxshi ko'radi, u bilan ovunadi. Ammo ularning aksariyati farzandni oilaning voyaga yetgunga qadarlik mehmoni sifatida qabul qiladi. Biroq o'zbekkina bolasi, bolasining bolasi, hatto undan keyingi avlodlari bilan ham bir tom ostida yashash, bir qozondan osh yeyishni eng katta baxt — piri badavlatlik deb anglaydi. Piri badavlatlik esa oliy rutba, eng sharafli mavqedir.
Xalqining fazilatlari, insonparvarlik tamoyillarini siyosatda ham, qonunchilikda ham keng aks ettirgan davlatimiz bola huquqlari, uning manfaatlarini ifoda etuvchi qator qonun hujjatlari tizimini amalda qo'llab kelmoqda. Bu borada har tomonlama rivojlanishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Avvalo, qonun me`yorlarida «bola kim?» degan tushunchaga aniqlik kiritib oladigan bo'lsak, «Bola huquqlari to'g'risida»gi Konvensiyaga muvofiq, 18 yoshgacha bo'lganlarning barchasi bola hisoblanadi. Statistikaga nazar tashlasak, mamlakatimizda umumiy aholining 40 foizini aynan 18 yoshgacha bo'lganlar tashkil etadi. Demak, farzandini o'zidan-da a`lo bilguvchi, o'rigidan danagi shirin ekanini ming yillardan beri uqtirib kelgan xalqning bolalar bilan bog'liq bundan-da iqbolli kunlari hali oldinda.

* * *

Okean ortidagi nufuzli ta`lim muassasalarida o'zbek ilm-fani taraqqiyoti yuzasidan ma`ruzalar o'qib kelguvchi ustozimiz, o'zbek kompyuter lingvistikasi faniga tamal toshi qo'ygan professor Abdumajid Po'latov saboqlar chog'ida: «Eng yaxshi ota-ona farzandiga vaqtida erkinlik bera olgani, eng yaxshi farzand esa ota-onaga muammo tug'dirmaydigani», deya ko'p ta`kidlardi. Hayotda ko'p bora isbotini topgan bu haqiqatni qonun talablarimizda ham uchratish mumkin. Bola uchun yaxshilik qilmoqchimisiz, qonunlarga nazar soling — adashmaysiz! Nazorat jilovini andak bo'sh qo'ymoqchimisiz, yana huquqiy me`yorlarga tayaning — qoqilmaysiz. Zero, demokratik davlat bundagi barcha ehtimolliklarni nazarda tutgan.
Davlatimiz tomonidan ratifikasiya qilingan «Bola huquqlari to'g'risida»gi Konvensiyaning 32-moddasida ishtirokchi davlatlar tomonidan bolani iqtisodiy ekspluatasiyadan hamda uning sog'lig'i uchun xavf-xatar yetkazishi mumkin bo'lgan yoki ta`lim olishiga to'sqinlik qiladigan yoxud sog'lig'i, jismoniy, aqliy, ma`naviy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar keltiradigan har qanday ishlardan himoya qilish huquqining e`tirof etilishi, shuningdek, ishga qabul qilish uchun eng kichik yoshning belgilab berilishi kerakligi kafolatlangan.
Mamlakatimiz mehnat qonunchiligida voyaga yetmagan xodimlarga qo'shimcha kafolat va imtiyozlar nazarda tutilgan. Bunday kafolat va huquqlarni belgilashda mehnat qonunchiligi, eng avvalo, xalqaro hujjatlarga asoslanadi. Mehnat kodeksining 77-moddasida «Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta`lim maktablari, o'rta maxsus kasb-hunar o'quv yurtlarining o'quvchilarini ularning sog'lig'iga hamda ma`naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta`lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o'qishdan bo'sh vaqtida bajarish uchun ular o'n besh yoshga to'lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o'rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishiga yo'l qo'yiladi» deb belgilangan.
Mehnat kodeksida voyaga yetmaganlarning mehnatiga oid kafolatlar va imtiyozlar, ularni ishga qabul qilish, mehnat sharoitini belgilash va mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog'liq munosabatlar ham tartibga solingan. Boshqacha aytganda, mehnat munosabatlarida qonunchilik voyaga yetmaganlarga qo'shimcha imtiyoz va kafolatlarni nazarda tutadi. Xususan, belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi va boshqa organlar tomonidan yuborilgan, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarni ish beruvchi ishga qabul qilishi shartligini kafolatlaydi.
Bundan tashqari, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxs­lar mehnatiga oid huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqda bo'ladi. Mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta`tillar va boshqa mehnat shartlari sohasida ular uchun mehnat to'g'risidagi qonunlar va boshqa me`yoriy hujjatlarda belgilangan qo'shimcha imtiyozlardan foydalanadi. Qo'shimcha imtiyozlarga esa qisqartirilgan ish vaqti muddati tatbiq etilishi, uzaytirilgan ta`tillar berilishi, tungi ishlar, ish vaqtidan tashqari ishlar va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish ta`qiqlanishi kiradi.
O'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog'ligi, xavfsizligi yoki axloq -odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo'lgan mehnat ­sharoiti noqulay ishlar, yer osti ishlari va boshqa ishlarda foydalanish ta`qiqlanadi.
Demak, qonunchilikning barcha asoslari voyaga yetmaganlarning mehnati muhofazasini kafolatlaydi hamda ularga imtiyozlarni belgilaydi.

* * *

So'ngi ikki yil ichida ta`lim tizimini bolalar manfaatiga moslash, ularning ma`naviy-ruhiy olamini mustahkamlash uchun jiddiy harakatlar amalga oshirilmoqda. Birgina kitobxonlik, yoshlarni kitob­­ga «qaytarish» yuzasidan qilinayotgan harakatlar kelajak uchun muhim qadam, ilmga ishtiyoqni o'stirish borasida so'nib borayotgan umidlarni tiriltirish uchun cho'g' bo'ldi, deyish mumkin. Zero, dunyoni ilmi bilan boshqargan daholar hamisha kitobdan minnatdor bo'lishgan. Bolalariga kitob sovg'a qilgan, ko'p kitob o'qishni eng faxrli jihat bilgan farzandlarga ega millat hech qachon zulmatda qolmaydi.
* * *
Xalqimizning azaliy va muqaddas odatlari, ezgu dunyoqarashini o'z harakat dasturlarida ifoda etayotgan davlat va nodavlat tashkilotlari ham yosh avlodga oid ishlarga alohida mas`uliyat bilan yondashmoqda. Chunki bugungi bolalarning milliy taraqqiyot zanjirida oltin halqaga aylanishi mustahkam kelajagimiz va farovonlik garovidir. Bu azaliy haqiqat kasaba uyushmalarining so'nggi paytlarda omma orasida salmoqli samarasi bilan ko'zga tashlanayotgan ko'plab aksiyalarida namoyon bo'layotir.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan tashkil etilayotgan «Mustaqillik mening taqdirimda», «Baxtiyor bolalar mamlakati», «Kasaba uyushmalari — bolalarga» aksiyalari doirasida tashkil etilayotgan loyihalar nafaqat yosh avlod, balki boshqa ijtimoiy qatlamlar hayotida ham aks-sado berayotir. Mazkur tadbirlar, avvalo, bor mazmun-mohiyati bilan kasaba uyushma tashkilotlarining yoshlar hayotida muhim o'rin egallashiga xizmat qilsa, ikkinchi tarafdan navqiron avlodning har tomonlama barkamol, hech kimdan kam bo'lmaydigan yuksak salohiyatga ega bo'lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.

* * *

«Bola — podsho», deydi dono xalqimiz. Bu podsholik faqat o'yin-kulgidan iborat bo'lmay, ertangi farovon hayot uchun poydevor bo'ladigan bilim, o'zgalarga ham foyda keltira oladigan hunar o'rganish uchun imkoniyat hamdir. Teranroq o'ylab ko'rilsa, zumda o'tib ketuvchi bu vaqt biz kattalar uchun ham bir sinov. Bugun siz-u bizga umid-la ko'z tikib turgan o'g'il-qizimizga nimaniki ilinsak, ertaga shu harakatlar hosilini olamiz. Yaxshilik qilib eng buyuk ezguliklar bilan javob olaylik. Zero, donolar demishki, «bug'doy ekkan bug'doy olur».

Dildora RAHMONOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar