Ochilgan yara

252

Assalomu alaykum, hurmatli tahririyat! Gazetangizning shu yil 26 may kungi 26-sonida chop qilingan «Ilmsizlikdan kim manfaatdor?» nomli maqolani zo'r qiziqish bilan o'qib chiqdim. Uning muallifi, professor Abdurahim Erkaevga kattadan-katta rahmat. Muallifning barcha fikrlariga qo'shilaman. Chunki oliy o'quv yurtlarida ahvol chindan ham islohotga muhtoj. Men ­institutni 1978 yilda bitirganman. O'sha vaqtlarda o'qituvchi-domlalarning talablari juda qattiq edi.

Yaxshi eslayman: talabaning daftar-kitobi bo'lmasa yoki tegishli fanni konspekt qilmasa, darsdan chiqarib yuborilar edi. Imtihon paytida barcha dars­larning konspekti birma-bir ko'rib chiqilib, ularni talabaning shaxsan o'zi yozganiga ishonch hosil qilingandan so'nggina kurs ishi, sinov yoki imtihon bahosi qo'yilardi. Eng muhimi, o'qituvchilar tomonidan darslar vijdonan o'tilar, talabalarning bilim olishlariga katta e`tibor berilardi. Hozir-chi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob berish anchayin mushkul.
E`tibor berilsa, keyingi 10-15 yil mobaynida oliy o'quv yurtiga o'qishga borayotgan ko'pchilik talabalarning qo'lida na daftar, na kitob, na konspekt bor. Haqli savol tug'iladi: ular qanday qilib bilim olmoqda? Hech narsa yozmasa, konspekt qilmasa, kitob o'qimasa, «referatlar»ni ko'chadagi internet-kafelarda tayyorlasa — kelgusida ulardan qanday mutaxassis chiqadi?! Insonda eslab qolish qobiliyati o'zgargani yo'q-ku! Bunday bilim saviyasi past, o'z ustida ishlamaydigan «mutaxassis»lar maktabga borgudek bo'lsa, o'sib kelayotgan avlodga qanday bilim beradi, ishlab chiqarishni qanday ­boshqaradi, yangi texnologiyalar, innovasion g'oyalar, yangi mahsulotlarni qanday o'zlashtiradi, kasallarni qanday davolaydi, iqtisodiyotimizni yaxshilashga salohiyati yetadimi? Bunday savollarning sanog'i yo'q.
Kelajakda bilimli, kuchli va yetuk mutaxassislarga ega bo'lishni xohlasak, ta`lim-tarbiya, ayniqsa, ta`lim sohasida tub islohotlarni amalga oshirishimiz zarur. Bunday o'zgartirishlar maktablar uchun ham to'laligicha tegishli.
Yana bir narsa meni hayron qoldiradi. O'sha oliy o'quv dargohlari, kollej va maktab­larda hukumat va boshqa bosh­qaruv idoralarida, huquqni himoya qilish organlarida ishlayotgan amaldorlarning farzandlari yoki nevaralari ham o'qiydi-ku, axir! Ular yuzaga kelgan salbiy holatlardan xabardor emasmi? Shu tariqa yuzaga kelgan ayanchli holatda aybdor kimligi va ularga nisbatan qanday chora ko'rilayotgani sirligicha qolmoqda.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsam, xatolar dastlab aniqlanishi, so'ngra tuzatilishi lozim. Shu ma`noda bu kabi maqolalarning chop etilishi xato va kamchiliklarimizni aniqlashga xizmat qiladi. Tibbiyotda «Tashhis aniq bo'lsa, kasallikni davolash qiyin emas», degan qoida bor. Kamchiliklar ro'y-rost aytilgan joyda tez orada yechim ham topiladi. Bunga shubha yo'q.

Oltinjon TILLAEV,
Namangan shahri

Boshqa xabarlar