«Jinoyatchi…» — kitob! yoxud muqovasiga mos «ajabtovur» matoh haqida masal

280

Biz tomonlarda otasining akasini «katta ota» ham deyishadi. Umr oqar daryo ekan — kechagina «katta ota»lar ortidan ergashib, erkalanib yurgan bola edim. Bugun esa o'zim katta otaman. Baxti butun bo'lgur nabiralarimning kitobga mehri baland. Ular yilda bir-ikki bor mehmonga kelishadi va har safar kutubxonamning tit-pitini chiqarib ketishadi. Men esa «qush uyasida ko'rganini qilayotgani»dan xursand bo'laman.

To'g'risi, imkon bo'lganda nabiralarimni kitob bilan siylab turaman, lekin kunlardan bir kuni ular o'z sovg'am bilan o'zimni savollarga ko'mib, asabim buzilishiga sababchi bo'lishadi, deb hecham o'ylamagan edim. Hammasi «bahri bayt»dan boshlandi…
Yaqinda qishloqqa borgan edim. Bahona-yu sabab bilan hamma qarindosh-urug' katta hovliga to'plandi. Kechqurun bolalar (nabira va jiyanlar) ikki guruhga bo'linib, bahri baytni boshlab yuborishdi. Vaqtni hisoblab turuvchi hamishagi hakam — kamina.
Shunday qilib, avval she`rlar o'qildi, so'ng ismlar «elak»dan o'tkazildi. Kim ko'p topishga topishmoqlar ham aytildi. ­Navbat poytaxt shaharlar va mamlakatlarning nomiga keldi-yu, o'yinning shu sharti bilag'on Boburning «bebosh»ligi bois ­boshlanmasdan «barbod bo'ldi».
— I-e, to'xtanglar-da, — dedi u. — ­O'yinning shu joyiga kelganda nuqul, meniki to'g'ri, seniki noto'g'ri, deb o'rlashib qolamiz. Kelinglar, katta otamdan so'raymiz. Ko'ramiz, kimniki to'g'ri chiqarkan?
Boburning gapi hammaga ma`qul keldi va birin-ketin savollar yog'ila boshladi.
— Qatar to'g'rimi — Katar?
— Qohira bo'ladimi Kohira?
— Quvayt Kuveyt deyiladimi?
— Qozog'iston deb yoziladimi yoki Qozoqiston?
Avvaliga, bunday «qiziq» savollarga javob bera turib, «ha, endi, Yaponiyani «Yiponiya» deydigan, «Q» tovushini «K» deb talaffuz qiladigan «madaniyatli savodli»lar ko'p, «olim»lar ham bor. Bu bolalar ham o'shalarning kasriga qolib, chalg'ib-chalkashib yurgan ekan-da» degan xayolga bordim va keyingi savollarni kutdim.
Keyingi savollar esa «Vpetnam», «Frantsiya», «Mo'quliston», «Qirqizis­ton», «Polpsha»… tarzida «quyushqondan chiqib ketdi». Ortiq chidab turolmadim — ovozim balandroq chiqdi: o'qigan kitoblaring qani?
Kitobni keltirishdi. «O'zingiz sovg'a qiluvdingiz», deyishdi. Esladim: bu kitobni o'zim sotib olgan edim. Bir qarashda e`tiborni tortadigan kitobni o'shanda shunchaki varaqlab ko'rgandim, xolos. Endi esa…
O'zimni majburlab, kitobni o'qib chiqdim va hayratdan yoqamni ushladim. Nega desangiz, unda imloviy xatolar g'ij-g'ij, jumlalarning «oyog'i osmonda». Kamiga savol-javoblar takrorlangan. Misollar deysizmi? Marhamat…
Muqovani shundoq ochishingiz bilan ilk xato sizga «peshvoz» chiqadi: «ajabtovur» so'zi «ajabtobur» deb yozilgan. Bunday g'alizliklar matnda, davlat va poytaxt shaharlarning nomlarida juda ko'p uchraydi. Ularni ko'rib, «Imlo o'zgarmaganmi?» degan xayolga ham bordim. Qo'shni Afg'onistonning «Afqoniston», poytaxti «Kobul», pul birligi esa «afqon» ekanligini shu kitobdan «bildim». Rubl, peso, yuan, funt-sterling, manat kabi pul birlik­laridan xabarim bor edi. Ammo «rublp», «ppeso», «yuanp», «funt-strelin», «manta»…larni eshitmagan ekanman.
Ajabo, ajab… «P» harfi kitobga «pashshaday yopishgan», aniqrog'i, «yopishtirilgan». Oqibatda butun boshli davlatlar va poytaxt shaharlarning nomi hamda ulug'vor, nurli so'zlar kitobga «sochib tashlangan» «p»ning dastidan «yig'lab turibdi». Misollar shunchalik ko'pki, ayrimlarini keltirib o'tsam, qolganlari «xafa bo'ladi».
Keling, futbol haqida gaplashamiz. Bundan 10-15 yil burun «Manchester Yunayted»da Duayt York degan hujumchi o'ynardi. Unga terma jamoadagi vatandosh­lari bilan birga jahon chempionatida to'p tepish nasib qilgan. Agar O'zbekiston 2005 yil kuzda Bahrayn bilan (kitobda Bahreyn) Toshkentda 1:1, mehmonda 0:0 o'ynamaganida edi, keyingi bosqichda Duayt York yurtimizga kelardi, biznikilar esa Trinidad va Tobagoga borishardi.
Trinidad va Tobago Shimoliy Amerikada joylashgan. «Antiqa» kitobda Shimoliy Amerika davlatlari haqida ham ma`lumotlar berilgan, biroq ro'yxatda Duayt York vatani yo'q-da!
Endi shu «o'zimiz»ning Osiyodagi ­Falastin davlati haqida qisqacha so'z yuritsak. Nima demoqchiligimni darrov fahmladingiz chog'i. Xalqaro hayotda tez-tez tilga olinadigan Falastin «ajoyib» kitobda «qit`adoshlari» qatoridan «tushib qolgan». «Xorijiy Yevropa»… Yo'g'-e? Ol-a, agar kitobda aytilganidek, Yevropa «xorijiy Yevropa» bo'lsa, u holda qolgan qit`alarga ham shu maqomni berib, qora qit`ani «xorijiy Afrika», Osiyoni esa «mahalliy Osiyo» deyish kerak ekan-da-a?!.
Bir paytlar «xorijiy Yevropa»da Yugoslaviya degan davlat bo'lardi. O'tgan asrning 90-yillaridan parokanda bo'la boshlagan Yugoslaviya 2003 yilga kelib butunlay bo'linib ketdi. Undan Xorvatiya, Serbiya, Sloveniya, Makedoniya, Chernogoriya, Bosniya va Gersogovina davlatlari ajralib chiqdi. Bu davlatlar «yoshligi» uchunmi, negadir kitobning «Evropa davlatlari» qismiga kiritilmagan. Ammo… hozirda dunyo xaritasida yo'q Yugoslaviya «yo'qdan bor» qilingan. U yevropadagi 40- davlat ekan. Ana ma`lumot, ana saviya, ana…
Xullas, 128 betli kitobda ayanchli xatolar «achib yotibdi».
«Bir kishi — hamma uchun, hamma — bir kishi uchun». Mazmunan yomon emas, lekin «moda»dan, aniqrog'i, sobiq tuzumdan qolgan shior. Shunday emasmi?
Kitobda ayrim geografik nomlarning lug'aviy ma`nosi berilgan va yana «kashfiyot» qilingan: binokl — «ikki ko'z», titan — «o'lmas xudo», neptun — «daryo xudosi», exolot — «exo xudosi» … «Binokl» va «xudo»larning geografik nomga nima aloqasi borligini ko'p o'ylasam-da, baribir tushunmadim. «Binokl»ning o'zbekcha durbin bo'lishini yosh bola ham biladi, shekilli.
Rasm va Surat. Kitobda ularning farqiga borilmagan. Suratdagi… rasm, rasmdagi… surat. Eslatma: rasm chiziladi, surat olinadi.
Ko'chadagi reklama va e`lonlarda «er» so'zining «er» deb yozilishi ko'p uchraydi. Bunday chalasavodlik kitobda ham kuzatilsa, ayting-chi, nima qilish kerak?
Kitob muallifini topish maqsadida ijtimoiy tarmoqqa kirdim. Garchi muallif bilan bog'lanib, savol-javob qilishning imkonini topolmagan bo'lsam-da, «qiziqarli» ma`lumotlarga duch keldim. Ma`lum bo'ldiki, «shunday» kitob bir emas, ikki marta nashr qilingan ekan. «Tirik sayyora» deb nomlanuvchi bu kitob «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan 2009 va 2013 yillarda 10000 nusxada chiqarilgan. Kamiga, har ikkala variant bugun Internetda sotuvda turibdi. Aslida esa har ikki variant bitta narsa. O'sha xatolar… o'sha mas`ullar…
Qo'l uchida chiqarilgan kitob beshta qo'ldan o'tib, «dunyoga kelgan». Demak, mual­lif Ahmadjon Mamatkarimov. U kishining kitobga o'ta «mas`uliyat» bilan yondashgani «…bu borada olib borilgan o'z tajribalarni keltirib o'tmoqchiman» deyishidan ma`lum. Afsuski, kitobda ­«tajribalarni» kabi ­«tajribalar» ko'p o'tkazilgan.
Taqrizchilar — Isomiddin Abdug'aniev, geografiya fanlari nomzodi, dosent. Muborakxon Payzieva, Farg'ona o'qituvchilar malakasini oshirish institutining geografiya kafedrasi mudirasi. Bu ilmiy darajali taqrizchilarning kitob­­ga «munosabati» yanada tushunarli. Ular muallifga, hoynahoy, «zo'r kitob bo'larkan, ­tabriklayman» deyishgan-u, qo'lyozmani o'qib ham ko'rishmagan. O'qishsa, bunday xatolarga yo'l qo'yilmasdi. Eng qizig'i, nimagadir ular 2013 yilgi nashrdan «badarg'a qilingan».
Har ikki safar ham kitobga muharrirlik qilgan Ulug'bek Rahimov va musahhih Inobat Tursunova ham o'z vazifasiga «o'ta jiddiy» yondashgan. Ularning kitobni «diqqat bilan o'qishgani» shundoqqina ko'rinib turibdi.
Men balkim, judayam katta mutaxassis emasdirman, lekin bitta narsani aniq ayta olaman: kitob jiddiy tuzatish va tahrirga muhtoj. Mutaxassis va muharrirlar bu kitobni, albatta, «xatm» qilishlari kerak. Agar shunday qilinmasa, buyam bir jinoyat… Axborot texnologiyalari, chet tili va lotin alifbosini bilish, o'zlashtirish borasida bolalar ham biz — kattalardan ancha ilgarilab ketgan. Buni aslo unutmaslik lozim. Unutsak, bilag'on bolalar oldida kim degan odam bo'lamiz?
Shu o'rinda bir mulohaza: agar hayotda biror kishi jinoyat qilsa, u qonun oldida javob beradi. Lekin «jinoyatchi» kitob bo'lsa-chi? Uni kim jazolaydi? Albatta, bu beo'xshov o'xshatishga e`tiroz bildirishingiz mumkin. Ammo «ajabtobur» kitob qanchadan-qancha bolalarni chalg'itib, noto'g'ri bilim olishiga sababchi bo'lsa, bu jinoyat emasmi? Masalaning ma`naviy tomonlarini ham hisobga olsak, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi yanada ortadi. Jinoyatga jazo muqarrar ekan, kitob ham, uning muallifi-yu noshirlari ham o'z «qilmishlari»ga javob berishi kerak emasmi?
Ha aytgancha, har ikkala variantda ham yer aholisi 6,5 milliard kishi (2008 yilgi ma`lumot) deb yozilgan kitobni Internetdan (sotuvdan) olib tashlash shart.
Xullas, bolalarni «bola» bilmaylik, ularni bema`ni va bo'sh kitoblardan asraylik!

Alijon ABDURAHMONOV,
jurnalist

Boshqa xabarlar