«Shuncha bo'lurmi hay-hay?!»

946

To'y. Ajabki, kishilarning ne-ne orzusi, quvonchi, baxtiyorligini o'zida jam etadigan ushbu marosim parodoksal holatda turmushdagi turli illatlarga sabab bo'layotgani ham bor gap. Tabiatan mehmondo'st, qo'li ochiq xalqmiz. Elga osh berish, ko'pning duosini olishga bo'lgan intilish mentalitet nuqtai-nazaridan milliy o'zligimizning bir bo'lagiga aylangan. To'ylarga yetkazsin, har kuning to'y bo'lsin, degan tilak har birimizga doimiy hamroh…
To'y uchun uy boshi mol boqadi, yig'inadi, terinadi. Onalarimiz o'zi uchun aziz bo'lgan narsasini farzandi yo nabirasining quvonchli kuniga hadya, degan niyatda sandiqning tubiga tashlab qo'yadi. To'yga taniqli hofizlarni chorlab, to'yimning dovrug'ini yetti mahallaga doston qilaman, deganlar va ularga ko'r-ko'rona ergashayotganlar qancha. Aslida-ku orzuga ayb yo'q. Hech kim xursandchilik kunining boshqanikidan kam bo'lishini istamaydi. Xalqimiz ruhiyatidagi bu istakni, eng qizig'i, san`atkorlar ham biladi. Va mana shu bilgi bugun ularning tegirmoniga suv quyayotganday… Negaki, to'ylardagi dabdabalar, yallachilarning narx-navosi bugun ko'pchilikni, xususan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ham xavotirga solmoqdaki, jamiyatdagi bir og'riqli nuqta o'laroq qolayotgan mazkur masala tez-tez haqli munozaralarga sabab bo'layapti.

Tajriba

Tahririyat bu borada ijtimoiy tarmoqlarda kechayotgan munozaralarni o'rganishga qaror qildi. Bir to'y bahonasida taniqli san`atkorlar bilan bog'lanishga to'g'ri kelingani haqida fikr o'rtaga tashlandi. Bunga Nargiza Murodovaning «Xabar.uz»da chop etilgan «Nega xonandalarning xizmat haqi buncha qimmat?» nomli maqolasi sabab bo'ldi. Masalan, Ulug'bek Rahmatullaevning prodyusseri qo'shiqchi to'yni to'liq o'tkazib berolmasligi, dasturi yarim yoki bir soatlik ekani, soatiga 3,5 ming dollar to'lov qilish lozim bo'lishini bildirgan. Shahzodaning prodyusseri ham xuddi shunday tartibda ­dasturi mavjudligi, bir soatlik xizmati 5 ming dollar atrofida ekanini aytgan. boshqalarning ham narxi shundan kam bo'lmasligi, bitta to'yning o'zi qanchaga tushishi-yu bu pulga qish­loqda ikki-uchta to'y o'tkazish mumkinligi, to'ylarda san`atkorlar xizmatini qat`iy tartibga solish lozimligi haqida dolzarb post qoldirildi.
Aksariyat foydalanuvchilar ushbu fikrni quvvatlab, bu holatni tanqid qilib chiqdi. Kimdir kelgan «yulduz» katta pul olsa-da, fonogramma orqali kuylashini aytsa, kimdir san`atkorlarni soliqqa tortish lozimligi, yana kimdir bunga odamlarning o'zi sababchi bo'layotganini ta`kidladi, boshqa birov mavzuning o'zga jihatlarini ochiqladi.
— O'zimiz shu «yulduz»larni ko'taramiz va yana norozi bo'lamiz! Palonchining to'yiga Ozodbek kelibdi, palonchinikiga Yulduzxon, deb shov-shuv qilamiz, — deydi jizzaxlik Hayot Qosimov. — Boylar ko'p, pulni nimaga yoki qaerga sarflashini bilmaydi, mahalladagi kambag'alga yordam berishga ziqnalik qilishadi (hammasiyam emas). Bizning shahrimiz kichikroq bo'lsayam, mahallalarda ovozi borlar bor, fonogrammasiz aytishadi, to'yga kelgan xalqni rosa o'ynatadi! Puliga kelsak hamyonbop! Hamma ayb o'zimizda, bir-ikki oy o'sha «yulduz»larni to'yga aytmang, ana keyin ko'rasiz!..
— Mumtoz yo'nalish ­bo'yicha Konservatoriyada tahsil olganman. Jonli ijro shiorim! O'zimga yarasha muxlislarim bor. Xonandalar haqida ko'p tanqidlarning guvohi bo'laman. Iltimosim, bunday qilishdan oldin ularning rek­lama uchun sarflayotgan xarajatlari bilan ham tanishinglar. «Obodim yor» deb nomlangan qo'shig'imni radio, televidenieda aylantirishga bir oylik o'rtacha reklama uchun 15 000 dollar sarflandi. Undan tashqari, bir yillik lisenziya 1000 dollar hisobida. Lisenziya olganim uchun har oyda 180 000 so'm soliq to'layman. Qo'shiq klip holiga kelguncha 6000 dollar ketdi. Bu faqat bitta qo'shiq uchun sarflangan xarajatlar, xolos, — deydi Gulzoda Xudoynazarova. — Rahmatjon Qurbonovlar davrida televideniega xonandalarni chaqirib, pul to'lab chiqarishgan. Vaholanki, bunday ijrochilar juda-juda ko'p! Ammo ularda mab­lag' yo'qligi uchun taniqli bo'lisha olmayapti. To'rtta fonogramma aytadigan «qimmat» san`atkorlarni jazolash maqsadida to'lovlar yanada oshirilishi mumkin, ammo ular bu summani to'lab ijodini davom ettiraveradi. Buyoqda yana jabr ko'radiganlar haqiqiy jonli ijrochilar, o'zbek san`ati fidoyi­lari bo'ladi! Chunki ularda bunday mablag' yo'q…

Muhokama munozaraga chorladi

Yaqinda «O'zbekkonsert» davlat muassasasida san`atkorlarning to'y-marosimlarda ishtirok etishi masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda bitta to'yda bitta san`atkor bo'lishi kerak, degan mazmundagi taklifga shoir Bobur Bobomurod «Bir to'y uchun bitta san`atkorni juda kam deb o'ylayman. Mayli, yo'nalish bo'yicha chaqirishsin. Kimdir, albatta, ustoz san`atkorni xohlaydi, maqom xohlaydi. Kimdir esa estradani xohlaydi», deya fikr bildirgani ham ko'pchilikning dilidagi gaplarni tashiga chiqardi.
Bu bo'yicha quyidagi fikr o'rtaga tashlandi: «Shoirimiz bitta narsani nazarda tutgan ko'rinadi: bitta san`atkor bitta to'yni o'tkaza olmaydi! Aniqroq aytganda, hozirda juda ko'plab qo'shiqchilar (ular san`atkor emas!) yarim soatlik fonogramma ­diskini olib, to'yxonalarga o'zlarini birrovga ko'z-ko'z qilib kirib-chiqishadi. U yerda san`at, haqiqiy ijro, jonli ijro degan gaplarning urvog'iyam yo'q. Agar haqiqiy san`atkor bo'lsa, halollab mehnatiga yarasha haqqini olsin. Yetmishdan oshgan Sherali Jo'raev uch soat jonli konsert berayapti, bunday xizmati uchun san`atkorga munosib haq to'lash kerak. Ammo og'zini qimirlatib, maynavozchilik qilib ketayotgan «yulduzcha»larning yo'lini to'g'ri o'zanga solish vaqti keldi. Talab to'g'ri qo'yilishi lozim. Biz san`atkorlarning halol mehnatiga munosib baho beraylik, ammo xalturachilarning ham bu sohadan ketish vaqti kelganini qat`iy turib aytishimiz kerak. San`atni uning ichidagilar buzmasligi lozim…». Tarmoqda qoldirilgan ushbu post ham qizg'in munozaralarga sabab bo'ldi.
— Nega kam bo'larkan?! Juda yetadi-da. Biz tomonlarda bitta san`atkor bilan ham to'y juda maromida o'tadi, — deydi ijtimoiy tarmoqning Gulchehra Sharipova ismli foydalanuvchisi. — Toshkentcha odatning hecham keragi yo'q. Umuman, mashhur san`atkor kelgan to'yni to'y deb aytolmayman. Bu bilan hech kimning shaxsiyatiga tegmoqchimasman-u, to'y to'y emas, shouga aylanib ketadi. Ayniqsa, u bilan rasmga tushish uchun turnaqator bo'lib turgan muxlislar, kelin-kuyovga tupurib qo'ygan boyvachcha mehmonlar, pul qistirish ilinjida «yulduzchalar» atrofida shirakayf raqsga tushayotgan yoshlar… Xullas, oddiy bitta yaxshi xonanda bilan o'tgan to'yga nima yetsin? Pul ishlash uchun kerak bo'lsa o'zi ham raqqosalar oldida turvolib qilpanglaydiganlarning kimga keragi bor?
— To'ylar haqidagi o'ylarni o'qir ekanmiz, jamiyatimiz qanchalar tubanlashib ketganiga qayta-qayta ishonch hosil qilmoqdamiz, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Azamat Ziyo. — Yuzaki qaraganda, barcha millat, ma`naviyat, san`at haqida qayg'urgandek, aslida esa «qassobga moy qayg'u, echkiga jon». Fojiamiz ham shunda! Aynan shu sababdan ham Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Oybek, Behbudiy, Fitrat….va yana ­ko'plarni qo'ldan berdik. Lekin aqlimiz kirmadi, kirmadi. To'y, undagi otarchining soni muhimmi yoki ikki yoshning baxti, yangi tug'ilayotgan oila, bo'lajak farzandlar — o'zbekning ertangi kuni, saodati muhimmi? Ko'p gap — eshakka yuk! Safsatalar vaqti o'tdi. Shartta kesib, oqilona to'xtamga kelish zarur. Keyin kech va og'ir bo'ladi. Mohiyat e`tibori bilan ­aytganda, to'y san`atkorsiz, janoza imomsiz ham o'tadi. Negaki, millat bor ekan, hayot to'xtamaydi. Qolgan barchasi to'qlikka sho'xlik, ma`rifatsizlik va xudbinlikdandir.
— Falon ming dollar olib to'yga borayotgan qo'shiqchini oqlamayman, lekin o'shancha pul berib uni to'yiga olib borayotgan johildan xafaman, — deya ­kuyinib yozadi taniqli jurnalist Ro'ziboy Qo'ldoshev. — Bu kabi aytishga ham uyaladigan illatlarimizdan qachon va qanday qilib qutular ekanmiz-a?
Muhokamaga qo'yilgan fikrga aksariyat foydalanuvchi to'y o'tkazishga bitta san`atkor yetadi degan gapni ma`qullagan. O'z-o'zidan ayonki, bunday dabdaba ortidan quvib, san`atkorlarni turnaqator qilib qo'yib, orzu-havas ortidan bor-budini sochib, ertasi kun bosh changallab o'tirgandan ko'ra, ketgan mablag'ni yoshlarning kelajagi uchun sarflagan ma`qul degan xulosa kelib chiqadi…

«Ovozasi olamni tutsin»

Istaydimi-yo'qmi, yaxshi niyat bilan to'y boshlagan har qanday kishi ko'ngliga bir o'y kelishi bor gap: bir to'y bo'lsinki, ovozasi olamni tutsin, dushman ko'zi o'yilsin. Ana shu «hoyu-havas» azal-azaldan qon-qonimizga singib ketgan, desak to'g'ri bo'lar balki. Jadidlar davrida ham bu borada fikrlar bildirilgani, o'tgan asrda suratga olingan «Mahallada duv-duv gap» filmi qahramoni bitta qo'zini o'nta qo'y, deya maqtanishi ham shundan darak beradi. Ana shu «havas» insonni nimalarga yetaklamaydi. Oilada hamma narsa yetarli bo'lsa, bilinmas, ammo oqibati o'ylanmay ko'tarilgan qarz-qavola ortidan paydo bo'lgan notinchlik, yoshlarning ham kelajak rejalarini tuzib baxtdan sarmast bo'lish o'rniga tinchi buzilishi va boshqa-boshqa dilxiraliklar… Bu borada atrofimizda jonli misollar qalashib yotibdi.
Yana bir achchiq haqiqat. Ko'pchilik san`atkorni qo'shig'i uchun emas, to'yimga falon-falon artistlar keldi, deya maqtanish uchun aytayotgandek. U qanday qo'shiq kuyladi yoki diskni qo'yib og'zini qimirlatib ketadimi, bu mehmonlarga yoqadimi-yo'qmi buni xayoliga ham keltirmaydi. Faqatgina to'yda o'sha yulduz ko'rinish bersa bo'ldi. U uchun qancha-qancha mab­lag' sarflayotganini o'ylab ham ko'rmaydi. Buning ortidan to'yning ovozasi «olamga yoyilsa»… Nazarimizda, bu illatdan qutulish payti kelganini xalqimiz ongiga singdirish kerak bo'lgan payt keldi.
— Bitta to'yda bitta san`atkor bo'lsin, degan ­fikrni kim aytgan bo'lsa ham otasiga rahmat, — dey­di filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov. — Bu qonun bilan belgilab qo'yilsa, nur ustiga nur bo'lardi. Avvalo, birrovga kelib, o'n daqiqa aytadimi-yo'qmi, otning kallasidek pulni shilib ketayotganlar o'ziga keladi. Narx ham pasayadi. O'rtada raqobat kuchayib, haqiqiy iste`dodlar ajraladi. Bu sohaga adashib kirib qolganlar «disk»ni bir joyga yig'ishtirib qo'yib, chin kasbini topadi. Ya`ni, butun boshli to'yda oxirigacha xizmat qilish haqiqiy iste`dod bo'lmasa, har kimning ham qo'lidan kelavermaydi. Kimlardir jonli ijro talab qilib qolsa, «hunari» oshkor bo'lib qolishini yaxshi biladi. Eng asosiysi, xalqimiz to'yimda falon-falon yulduzlar ko'rinish bersin, degan shaytoniy o'ydan qutuladi. O'zi yoqtirgan yaxshi bir san`atkorni aytib qo'ya qoladi. To'y ham to'ydek o'tadi.
To'y ham qadriyat. Uning o'ziga xos qonun-qoidalari, ota-bobolardan meros urf-odatlari bor. Buni yaxshi tushungan kishi aslo kam bo'lmaydi. Shunga qarab o'zi, oilasi, xalqi va yurtiga manfaat keltiradigan reja asosida yaxshi kunini o'tkazadi. Ana shu ­xislati uning ma`naviyatini ko'rsatish barobarida jamiyatni ortidan ergashtirishga ham xizmat qiladi. O'ziga to'q xonadonlar bu borada manmanlikka berilish o'zgalarga behurmatlik ekanini tushunadi, bundayroqlari esa ko'rpasiga qarab oyoq uzatadi.
Shu o'rinda O'zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning to'yda dabdababozlikka berilib, oqibatda qanday holga tushib qolgan kishi haqidagi ­satrlari xayoldan o'tadi:

…Amakim shunaqa to'y berib elga,
Ertangi ovoza gashtini surar.
Topgan-tutganini sovurib yelga,
Eshik panasida bo'zrayib turar.

Do'ppini bir chetga qo'yib…

Shu o'rinda yoshligimda bo'lgan bir voqeani yodga olsam. Qishloqda bo'lgan to'yga voha tarafdan taniqli, yoshi ulug' baxshi kelib qoldi. Odamlar uning shirali ovozidan mast bo'lib, qayta-qayta iltimos qilib bazm tugaguncha jonli ovozdagi dostonlar-u do'mbira sehriga mast bo'lib o'tirishdi. Quloqni teshadigan musiqa ovozi yutib yuborayotgan mahalliy san`atkorlar borligi butkul unutildi. Baxshi xalqning bu e`tibori-yu e`tirofidan ko'ngli tog'dek ko'tarilgan, qo'yib bersa, tuni bilan ham kuylaydigan… Demak, xalqning ko'nglidan chiqish, o'sha to'yni uzoq vaqt eslab yurishi uchun bitta haqiqiy iste`dod yetib ortar ekan. Buni do'ppini bir chetga qo'yib o'ylab ko'radigan payt keldi.

Og'riqli nuqta… Insonga aslo tinchlik bermaydigan dard. Qachonki davolansa, ko'ngil xotirjam bo'ladi. Ammo bu og'riq birgina kishining emas, butun jamiyatniki bo'lsa-chi? Bunga butun el birgalikda kurashib, shifo axtarmasa, u gazak olib ko'paysa ko'payadi-ki, aslo ortga chekinmaydi. Xalqimizning o'tmish va bugungi og'riqlaridan biri bo'lgan to'y mashmashasiga o'z vaqtida davo chorasini ko'rmasak, ertaga kech bo'lishi tayin. O'zimiz esa kelajakda ham unday qilish kerak, bunday qilish kerak, deb yurgan bo'lamiz.
Siz nima deysiz, qadrdon?

Salim ABDURAHMONOV
tayyorladi.

Boshqa xabarlar