IShLARINGIZGA ULGURMAYaPSIZMI? Shunday bo'lsa, vaqtni tejashni o'rganing

498

Vaqtdan unumli foydalanib, ko'p ishlarga ulgurish choralari haqida o'ylab yurganimda, «Ishonch» gazetasida «Ongdagi bo'shliq — u vaqtni to'g'ri taqsimlash orqali yo'qoladi» sarlavhali maqolani (57-son) o'qib qoldim. Bildimki, unda ayni mening qarashlarimga uyg'un fikrlar aks etgan ekan. Ayniqsa, bo'sh idishga tosh, shag'al, qum, suvni navbati bilan joylashtirish usuli orqali vaqtga qanday munosabatda bo'lish kerakligi tushuntirib berilgani men uchun yangilik bo'ldi.

Darhaqiqat, kun davomida yoki hafta, oy, yil, hatto umr bo'yi bajaradigan ishlaringizni muhimidan nomuhimini ajrata olmasangiz, kutilgan natijaga erishishingiz qiyin. Eng yomoni, dildagi ko'p orzularingiz armonga aylanib qolishi mumkin.
Modomiki, shunday ekan, nima qilish kerak, degan savol tug'ilishi tabiiy. Taym-menejerlari tomonidan taklif etilayotgan oddiygina usullar bu borada mushkulingizni osonlashtiradi va vaqtni tejashingizga yordam beradi, deb o'ylayman. Quyida ushbu tavsiyalardan ayrimlarini e`tiboringizga havola etaman:
1. Shoshmang. Odatda shoshayotganimizda ko'pgina xatolarga yo'l qo'yamiz, so'ng esa o'sha xatolarni to'g'rilash uchun qimmatli vaqtimizni sarflaymiz.
2. Xavotirlanmang. Inson qanchalar ko'p hadiksirasa, shuncha ko'p darajada hech narsaga ulgura olmayotgandek tuyulaveradi. Unutmang: «Qanchalar ko'p vaqt yo'qotishdan qo'rqsak, uni shunchalar ko'proq yo'qotaveramiz».
3. Ertalab kun davomida bajarishni mo'ljallagan ishlaringiz ro'yxatini tuzing. Ulardan eng muhimlarini tanlang. Paret prinsipini qo'llang: muhim ishlarning 20 foizini tanlang va ular sizga 80 foiz kutilgan natijani beradi.
4. Ijtimoiy tarmoqlar va do'stlaringiz saytlariga ko'p vaqt ajratmang. Internetda muloqot chog'i o'zingizni nazorat qilishga odatlaning. Birov bilan suhbatlashmoqchi bo'lsangiz, qisqa xabar yozib yuboring yoki qo'ng'iroq qiling.
5. Supermarketlar taklif qilgan xaridni yetkazib berish xizmatlaridan foydalaning. Agar siz ma`lum miqdordagi xaridlarni olayotgan bo'lsangiz, yetkazib berish xizmati tekin. Kassa yonida yo'qotiladigan, yo'lingizga ketadigan vaqtni tejaysiz.
6. Doim narsalarni (ishda ham, uyda ham) o'z joyiga ­qo'yishni odat qiling. Biror hujjatni stolingiz ustidagi uyumlardan izlab topguningizcha qancha vaqt ketishini unutmang.
7. Rad javobi berishdan cho'chimang. Bu hech kimga yordam bermaslik degani emas. Lekin ish jarayoningiz bilan bog'liq yoki oilangiz bilan o'tkazishni mo'ljallagan vaqtingizni sarflovchi iltimoslarga rad javobi qaytarishning­hech yomon tomoni yo'q.
8. Kim bilandir uchrashishingiz kerak bo'lganda, oldindan qo'ng'iroqlashib, siz kutgan vaqtda kelishiga ishonch hosil qiling. Yo'qsa, dam olish yoki tushlik paytiga duch kelib qolishingiz mumkin.
9. Televizorga «yo'q» deng. Ketma-ket barcha dasturlarni ko'ravermay, faqatgina yoqtirganlaringizni tomosha qiling. Aks holda, televizor sizning vaqtingizni «eb qo'yadi».
10. Oilangizda majburiyatlarni taqsimlab chiqing va maishiy texnikalarni qo'llang. Butun oilaning yumushlarini faqat o'z zimmangizga olmang, balki oila a`zolari o'rtasida ishlarni taqsimlang. Kir yuvish yoki idish yuvish mashinalari orzu-havas vositalari emas, balki «kunda-shunda» yordamchilardir.
11. Sizga chindan ham yoqimli bo'lgan mashg'ulot bilan shug'ullaning. Ish jadvalingiz qanchalik tig'iz bo'lmasin, o'zingiz uchun ham vaqt toping. Ishdan tashqarida inson qanchalar hordiq chiqarishni bilsa, dam olish kunlaridan so'ng ham ishga shunchalar ko'p yangi g'oyalar bilan kuchga to'lib keladi.
Aytgancha, hisob-kitobli munosabatlardan biroz chekinib, osmondagi yulduzlar, quyosh botishi va tong otishini kuzatishni yoddan chiqarmang.

Nilufar OYMATOVA

Boshqa xabarlar