Ko'zbo'yamachilikmi yoki?..

96

Bir gal poytaxtga taksida kelarkanmiz, haydovchining harakati e`tiborimni tortdi. U har bir viloyat chegarasiga yaqinlashganda, xavfsizlik kamarini taqar va chegaradan o'tgach yechib qo'yardi. Bu holatdan hayron qolib turganimda, hamrohlarimizdan biri haydovchiga gap qotdi:

— Kechirasiz-u, nega peshonangiz g'urra, ko'zlaringizning tagi ko'kargan? Nima bo'lgan o'zi?
Haydovchi miyig'ida kulib qo'ydi-da, bo'lib o'tgan voqeani so'zlay boshladi:
— Uch-to'rt kun oldin kafeda yaqin ­do'stimning tug'ilgan kunini nishonladik. Bazm tugagach, spirtli ichimlik ichganim uchun mashinani o'sha joyda qoldirdim va taksida uyga yo'l oldim. Biroz yurgach, to'satdan ko'chani kesib o'tayotgan yosh bolali ayolni ko'rib haydovchi mashinani keskin to'xtatdi. Orqada kelayotgan avtomobilning zarb bilan kelib urilishi oqibatida old o'rindiqda o'tirganim uchun beixtiyor oldinga qalqib ketdim. Oyna sinib, peshonamni kesib yubordi.
Buni eshitib, haydovchi bilan birga yonidagi yo'lovchi ham xavfsizlik kamarini taqishi kerakligini xayolimdan o'tkazdim. O'ylab kelayotgan gaplarimni aytishga imkon topilganidan foydalanib, haydovchiga dedim:
— O'shanda xavfsizlik kamarini taqqan bo'lganingizda, bu ko'ngilsizlikning oldi olingan bo'lardi. Kuzatib kelayapman, siz hozir ham faqat yo'l nazoratchilarini ko'rgandagina kamarni taqib, o'tishingiz bilan yechib tashlayapsiz. Aslida, kamar ehtiyot chora uchun emas-ku?
— Ha, to'g'ri aytasiz. Ammo shu kamarni taqsam, nimagadir yuragim siqilgandek bo'laveradi-da, — dedi haydovchi xijolat chekkancha va xavfsizlik kamarini taqib oldi. Yonidagi yo'lovchi ham shunday qildi.
Yo'lda davom etar ekanmiz, suhbatimizni isbotlamoqchi bo'lgandek, yo'limizni bir qora it kesib o'tdi. Haydovchi shoshilinch tarzda tormozni bosdi. Orqa o'rindiqda o'tirgan bo'lsak-da, biz ham oldinga otilib ketishimizga bir bahya qoldi. Cho'chidikmi, hamma bir zum jim bo'lib qoldi. Oradagi jimlikni haydovchining o'zi buzdi:
— Xudoga shukur, singlim, sizning gapingiz asqotib, bizga hech nima qilmadi. Kamarni taqqanimiz foyda berdi.

Dilafro'z O'rol qizi
Navoiy viloyati

Boshqa xabarlar