Qadr kechasining yetti alomati

1,281

Ramazon — payg'ambarlar orzu qilgan oy. Bu oy Qur`on o'qish, xayr-u saxovat ulashish va mehr ko'rsatish mavsumidir. Ayniqsa, bu oyda muborak bir kecha bo'lib, u ming oydan yaxshiroq deya ta`rif qilinadi. Kim o'sha kechani ibodat bilan o'tkazsa, boshqa paytda ming oy ibodat qilgandan ko'p savobga erishadi.

Islom dinida «Laylat ul-qadr» — Qadr kechasi ulug'lanishi barchaga ayon haqiqat. Ushbu muborak kechani musulmonlar orziqish bilan kutadi, alohida ehtirom bilan ibodatlar va yaxshi amallar qiladi. Qadr kechasining aniq qaysi kunda bo'lishi ma`lum emas. Bu borada olimlar o'rtasida juda ko'p va kuchli ixtiloflar mavjud. Faqihlar tomonidan Qadr kechasining qachon bo'lishi haqida qirqdan ziyod fikr va taxminlar aytilgan. Aslida, Qadr kechasi qachon bo'lishini Alloh taolodan o'zga hech kim bilmaydi.
Mazkur muborak kecha ramazon tunlaridan biriga yashiringan. Demak, insonlar vaqtning har lahzasini g'animat bilishi kerak, barcha tunlarni qadr bilib, har bir soniyadan ijobat onlari sifatida unumli foydalanmoqlari darkor. «Laylatul-qadr» so'zi yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kecha, degan ma`nolarni bildiradi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Ramazon oyi kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh sizlarga bu oyda ro'za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do'zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo'lsa, mahrum qilinadi», dedilar (Imom Nasaiy).
Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o'n kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgi-yu ­keyingi gunohlarini kechiradi. U toq kechada bo'ladi. To'qqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

Qadr kechasining yettita alomati
1. Qadr kechasida sokinlik hukm suradi. Atrof musaffo, yorug', xuddi sukunatga o'ralgan yog'duli oy charaqlab turgandek bo'ladi.
2. Osmondagi yulduzlar uchmaydi, boshqa jismlar qaltis harakat qilmaydi. Kasalliklar paydo bo'lmaydi.
3. Havo mo'`tadil bo'ladi, juda issiq ham, juda sovuq ham bo'lmaydi.
4. Ertalab quyosh qizarib, tog'oraga o'xshash, yog'dusi juda zaif bo'lib ufqdan bosh ko'taradi. Chunki o'sha tun va kunda ko'p farishtalar yerga tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini ham to'sib qo'yadi.
5. Qadr kechasida yomg'ir-qor yog'maydi, yog'sa ham o'ta mayin va yoqimli bo'ladi. Sho'r suvlar chuchuk bo'ladi.
6. Daraxtlar o'z shoxlarini yerga egiltirib turadi.
7. O'sha kuni shaytonlar chiqishiga yo'l qo'yilmaydi.
Qadr kechasining Ramazon oyiga yashirilishining hikmati o'lim vaqtini va qiyomatni yashirish hikmati kabidir. Shuning uchun Qadr kechasi mo'minlar toat etishga rag'bat va harakatni kuchaytirishi, g'ofil va dangasa bo'lmasligi lozim.
Barchamizni Qadr kechasini topishga muvaffaq aylasin.

Zulfiya XOLMUHAMMEDOVA
tayyorladi.

Boshqa xabarlar