BOLAGA VAQT QADRINI O'RGATISh go'daklikdan boshlanadi

79

Ruhshunoslarning aniqlashicha, jajji bola quyidagilarga qarab vaqtni anglaydi: muhim hodisa, yorqin taassurotlar yoki biror voqeaning sodir bo'lishini kutish. Biron-bir hodisani katta odam «Bu o'tgan hafta sodir bo'ldi», deb aytsa, bola esa umuman boshqachasiga tasvirlaydi. Masalan: «Bu narsa menga qizil mashina olib berishganda sodir bo'lgan edi» yoki «Bu narsa buvimnikiga borganimizda bo'ladi», deb aytadi. Shunga ko'ra, bolalar uchun faqat ikki zamon mavjud: o'tgan va kelasi zamonlar. Hozirgi zamon haqida esa ularning tushunchasi shakllanmagan, hozirgi zamon deganda ular «aynan hozir», «shu soniya» deb tushunishadi.

Hatto eng jajji bolachalar ham o'zlari kundalik sodir bo'ladigan hodisalarni ko'rish va kuzatish orqali vaqtni idrok etadi: tong tundan keyin, tun esa kechki ovqat va ertak yoki alladan so'ng kelishini. Agar ota-ona har kuni «xayrli tong», shuningdek, «xayrli tun» tilaydigan bo'lsa, jajji bolakay vaqtning qanday o'tishini tushunishni tez o'rganib oladi. Lekin asosan bolakaylar tafakkuri kuzatish orqali rivojlanadi, mavhum tushunchalar bilan o'ylash esa ularga bir oz murakkabroqdir. Vaqt esa aynan mavhum narsalar kategoriyasiga kiradi — vaqtni ko'rib bo'lmaydi, eshitib va ushlab ham bo'lmaydi. Shunga qaramay barchamiz, yoshimizdan qat`i nazar, vaqtning o'tayotganini his qila olamiz. Hatto go'daklarda ham tabiiy vaqtni sezish hissi mavjud — ular o'zlarining biologik soatlari yordamida vaqtni mo'ljallay oladi.
Ta`kidlab o'tish joizki, qat`iy rejim (tartib)ga ega bolalar vaqt tushunchasini yaxshiroq anglaydi. Ularning organizmlari ma`lum ritmga moslashadi va biror vaqt oralig'i haqidagi tushuncha ularda tezroq paydo bo'ladi. Rejimi bo'lmagan bolalarda, masalan, tushlik tanovul qilish payti har kuni har xil bo'lgan bolalarda esa uning aksi bo'ladi.
Predmet sifatida esa soat bolalarni 3-4 yoshda qiziqtira boshlaydi. Ayniqsa, zehni o'tkir bolalar shu yoshdayoq vaqtni aniqlash salohiyatiga ega bo'ladi. Soat millarini aniq bilmasa ham 3-4 yoshdagi bolalar hatto o'z o'yinlarida ham vaqtning mutanosibligini belgilay oladi. Misol uchun, kattalarga taqlid qilgan tarzda o'z o'yinlarida qo'g'irchoq yoki ayiqchalariga «Soat uch bo'ldi, tushlik qiladigan payt bo'ldi», deb aytadi.

Bolaning tili shirin

Bolaning birinchi olti oyida nutqning ilk rivojlanishi boshlanadi — shu ilk rivoj­lanishi yordamida keyinchalik bolaning ona tilida talaffuzi shakllanadi. Jarayon kechikishsiz sodir bo'lishi uchun esa bola ko'proq kattalar bilan ularning «tili»da muloqotda bo'lishi kerak. Ko'pchilik ota-onalar esa endigina nutqi shakllanayotgan bolaga «yarimta» til bilan gapirib, katta xatolikka yo'l qo'yishadi. Natijada bolaga mutaxassis — logoped yordami zarur bo'lib qoladi.

Avval va keyin

Avvalambor, bolaning vaqt haqidagi tassavvurini rivojlantirish uchun 1,5-2 yoshda quyidagi tushunchalar bilan tanishtirish kerak: «avval», «keyin», «hozir», «oldin», «keyin», «yaqinda», «anchadan keyin» va hokazo.
Bularni bolaga o'rgatish uchun alohida ma`ruza yoki darslar kerak emas, faqatgina xatti-harakatlarga izoh berishning o'zi kifoya. Masalan, «Avval borib yuzimizni yuvamiz, so'ng nonushta qilamiz, keyin esa sayr qilamiz», deb izohlash lozim. Aynan shu bazaviy tushunchalar bolaning xotirasida chuqur joylashadi. Shuningdek, nafaqat kundalik ishlar, balki bolaga aytib berilayotgan har qanday hodisa yoki urug'dan o'simlik o'sib chiqishi, qurtdan kapalak paydo bo'lishi kabi tabiat qonunlari yordamida ham vaqt tushunchasini singdirib borish mumkin.

Hafta kunlari

Keyinchalik esa aniq vaqt oralig'ini bildiruvchi tushunchalarga ham o'tsa bo'ladi. Asta-sekinlik bilan bola bugun, ertaga va kecha kabi tushunchalarga ega bo'ladi. Buni ang­lash oson bo'lmasligi mumkin — boshida bolalar ko'pincha bu so'zlarni adashtiradi (Axir, bu haqiqiy mavhumlik-ku?!).
O'tilgan vaqt tushunchalarini mustahkamlash uchun bolaga ko'proq savollar berish darkor. Masalan, «Kecha bog'chada qanday o'yin o'ynading?» yoki «Ertaga qaerga borishimizni bilasanmi?». Bu tushunchalarni bola batamom o'zlashtirib olgandan keyin esa «indin» va «kechadan oldingi kun» tushunchalarini ham o'rgatsa bo'ladi. Shu bilan bir vaqtda bolani taqvimga, ya`ni hafta kunlari va oylarga o'rgatish mumkin. Bolaga chiroyli rasmlar bilan bezatilgan taqvim olib, xonasiga ilib qo'ysangiz bo'ladi.
Albatta, bola bir zumda barchasini eslab qololmaydi — pog'onama-pog'ona o'rganaversin. Har tong bolaga bugun qanday hafta kuni, sana va oy ekanini tanishtiring. Bolaga kecha va ertaga qanday hafta kuni ekanini taqvim yordamida aniqlashni o'rgatish mumkin. Bunday rasmlar ataydan uyushtirilgan bo'lib emas, balki o'yin, suhbat yoki biror bir reja muhokamasining bir qismi bo'lsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Bola hafta kunlarini yaxshiroq eslab qolishi uchun haftaning dushanba kuni kechki paytidan boshlab yakunlanib borayotgan kunni taqvimda belgilashni boshlang. Yakshanba kuni esa yetti kun o'tganini, ya`ni hafta yakunlanayotganini tushuntiring. Shunda bola ko'rish qobiliyati yordamida ham vaqt tushunchasiga ega bo'ladi.
Yana bir qiziqarli usul mavjud. Katta katakli taqvimga har bir kuniga piktogramma kabi oddiy rasmlar chizish mumkin. Bunday rasm aynan o'sha kuni sodir bo'lgan hodisani aks ettiradi. Masalan, arg'imchoqda uchish, zooparkka borish, mehmonga borish yoki akvarium uchun yangi baliq sotib olinishi kabi. Shuning­dek, kutilayotgan hodisalarni ham belgilash mumkin — basseyn, teatr yoki to'garakka borish. Bundan tashqari, oila a`zolaringizning rasmlarini yopishtirib, ularning tug'ilgan kunlarini belgilasa bo'ladi. Shunday darslar yordamida bola kutilayotgan hodisalarga hozirlik ko'rishni, vaqtni taqsimlash va uning qadriga yetishni o'rganadi.
Vaqtni fahmlash — ongning eng o'rganilmagan sirlaridan biri. Hozirgi kunda ilm-fan bu hodisani o'rganish taraddudida. Insoniyat yoshi ulg'aygan sari vaqt tez o'tishini allaqachon fahmlagan, lekin nega? Ilm-fan bu savolga quyidagicha javob beradi: bolaning ongi juda katta miqdordagi yangi ma`lumotlarni qabul qiladi. Lekin ulg'aygan sari oynai jahon, internet tarmoqlari, gazeta va jurnallardagi bitmas-tuganmas ma`lumotlar ko'p bo'lishiga qaramay, yangi, o'rganilmagan qirralar borgan sari kamayib boraveradi.

Yil fasllari

Ikki yashar bola yil fasllari nima ekanini to'liq tushuna oladi. Kuz, qish, bahor va yozda qanday o'zgarishlar bo'lishi, ob-havoning o'zgarishi, daraxtlarda qanday yangilik ro'y berishi, odamlar ob-havoga qarab har xil kiyinishlariga bolaning e`tiborini qarating. Hozirda qor qop­lagan ko'chalar yaqindagina qanday ekani, daraxt barglari qanday tusda bo'lgani, ariqdagi suv qanday bo'lganini birgalikda eslang. Ana shunday oddiygina suhbatlar fasllar tushunchasini shakllantiradi. Albatta, bola bir zumda oylar ketma-ketligini yod eta olmaydi. Ularni qayta-qayta tushuntiravering. Shuningdek, bolaga o'qib berayotgan ertaklaringiz ham vaqt tushunchasini hosil qilishga yordam beradi. Chunki deyarli barcha ertaklarda vaqt haqida aytilgan bo'ladi.

Soat

Bola hafta kunlari, oylar va fasllarni to'liq o'zlashtirgandan keyingina vaqt tushunchasining eng murakkab hisoblangan qismiga o'tish mumkin. Ya`ni soatga! Buning uchun u 1 dan 12 gacha bo'lgan sonlarni bilishi darkor. Buning uchun maxsus bolalar soatidan foydalanish osonroq. Chunki bunday soatlarning soat millari, raqamlari katta va aniq bo'ladi. Soat mili qanday harakatlanishini, so'ng esa daqiqa millarini tushuntiring. Soat raqamlari haqida ma`lumot bering. Avval 0 dan 12 gacha bo'lgan vaqt tushunchasini izohlang. Bolaga kechasi soat 3 va kunduzi soat 3 bo'lishini tanishtiring. 5-7 yoshlar oralig'idagi bolakay bu kabi ma`lumotlarni to'liq qabul qilishi va eslab qolishi tabiiy hol.
So'ngra esa har kuni vaqt mashg'ulotlarini olib boring. Masalan, ertalab bola uyg'ongan, tushlik qilayotgan yoki uxlashga taraddud ko'rayotganda soat millari qaerda bo'lish kerakligini o'rgatish mumkin. Odatda, agar kattalar o'ta ko'p savol beraverib oshirib yubormasa, bolalar bunday narsalarni tez va bajonidil o'rganadi.

Musharraf TO'RABOEVA,
Uychi tumanidagi 9-maktab o'qituvchisi

Boshqa xabarlar