Etti o'lchab tashlangan qadam

427

Yaqinda poytaxtimizda bo'lib o'tgan Oliy Majlisning Inson huquqlari ­bo'yicha vakili (Ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda «Milliy perventiv mexanizmni tashkiliy-huquqiy rivojlantirish: xalqaro hujjatlar, xorij amaliyoti va O'zbekiston tajribasining xususiyatlari» mavzusida o'tkazilgan xalqaro davra suhbatida ishtirok etdim.

Tadbirda BMTning Milliy perventiv mexanizmni rivojlantirishga oid xalqaro hujjatlarining xorijiy mamlakatlar amaliyotidagi ijrosining tashkiliy-huquqiy jihatlarini umumlashtirish va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) tomonidan qiynoqlarga solish hamda muomalada bo'lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlarining oldini olish bo'yicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi milliy perventiv mexanizm vazifasini amalga oshirish to'g'risidagi nizom keng muhokama etildi.
Unda BMT va xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan O'zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikasiya qilishdan avval milliy perventiv mexanizmni tatbiq etish bo'yi­­cha muloqotga kirishgani e`tirof etildi. 2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini riv­ojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yi­­cha Harakatlar strategiyasi inson huquqlari va erkinliklarini ta`minlash sohasidagi davlat siyosatini yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini bergani alohida ta`kidlandi.
Ekspertlar jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o'tayotgan, qamoqqa olingan, shuningdek, ma`muriy qamoq jazosini o'tayotgan shaxslar huquqlari hamda erkinliklarini tashkiliy-huquqiy ta`minlash bo'yicha kompleks normativ hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga zamin yaratgan «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti farmoni ahamiyatini alohida qayd etishdi.
Yaqin vaqt ichida qabul qilinishi mo'ljallangan milliy perventiv model asosiga, shuningdek, joriy yil 12 mayda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan hamda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini ta`minlash, ularning davlat himoyasi tizimini mustahkamlash uchun chuqur institusional ahamiyatga ega «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni hamda shu yil 14 mayda imzolangan «Jinoyat va jinoyat-prosessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori milliy qonunchilik va xalqaro normativ hujjatlar uyg'unlashuviga, yurtimizda inson huquq va erkinliklarini ishonchli muhofaza etishga xizmat qilishi shubhasiz. Milliy perventiv hujjatning ekspertlar e`tiborini tortgan jihati, unda xalqaro amaliyotning ko'plab qoidalari hisobga olingan. Shu bilan birga, ushbu huquqiy hujjat yurtimizda xalqaro huquq normalarining kuchli bilimdonlari borligidan dalolatdir.
Umuman olganda, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilish borasida muhim islohotlar amalga oshirildi, ayniqsa, bolalar mehnati va majburiy mehnatga, mahalliy ommaviy axborot vositalarida senzura taqiqlangani hamda xalq bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot yo'lga qo'yilganini demok­ratiyaning haqiqiy tantanasi deyish mumkin.
Milliy perventiv mexanizmning qabul qilinishi yurtimizda huquqiy demokratik jihatdan yana bir pog'ona yuqorilashinini ta`minlaydi. Mazkur hujjat joylarda fuqarolarimizning haq-huquqini himoya qilishda muhim omil bo'lishiga ishonaman.

Kamoliddin OQBO'TAEV,
Oliy Majlisning
Inson huquqlari bo'yicha vakili
(Ombudsman)ning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili

Boshqa xabarlar