Katta dunyoning kichik suvrati

124

Dam olish kuni bolalar bilan televizor «talashib» qoldik. Ular «Yoshlar»dagi hind seriali zo'r joyiga kelib qolganini aytishdi, men esa «Kinoteatr»dan berilayotgan «Gladiator»ni ko'rmasam bo'lmasligini bildirdim. Uyda televizor bitta, tomoshabin esa beshta. Xullas, o'sha kuni ozchilik ko'pchilikka yengildi, ya`ni «yosh tomoshabinlar» — bolalar ustun kelishdi. Men esa o'n martalab ko'rgan bo'lsam ham xayolan yana o'sha kinoga qayt­dim, uning naqadar mahorat bilan tasvirga olinganini o'ylab entikib qo'ydim.
Entikishimning boisi shuki, Gollivudning zo'r aktyorlari, «Oskar»dan baland turadigan kinolari bor. Gollivudni shu darajaga yetkazgan, uning nufuzini ta`minlaydigan noyob iqtidor egalaridan biri Rassel Krou­dir. «Gladiator»da bosh rolni ijro etgan bu aktyor filmdagi ijrosi orqali millionlab dillarni zabt etdi, kino san`atining betakror ta`sir kuchiga ega ekanini amalda yana bir karra isbotladi. Aktyorning mahorati bois, bu filmni butun dunyoda e`tirof etishadi. Holbuki, undagi voqealar to'qima, xolos. Savol tug'iladi: yo'q joydan shunday ajoyib kino olish mumkin ekan, nega bizda boy tariximiz, dunyoni titratgan ajdodlarimiz haqida pichoqqa ilinadigan filmlar yo'q?

Shunaqa: kino uchun millionlab mab­lag' sarflanadi, foyda esa o'n barobar kam. Moddiy zararni-ku qo'ya turing, ma`naviy zararchi? Gollivudda esa aksincha: masalan, bir kinoga o'n million AQSh dollari sarflansa, yuz barobardan ziyod foyda ko'riladi. «Ha, endi ularda mablag' muammo emas, aktyorlar ham katta gonorar oladi», ­deydiganlar topiladi. Gap mablag'dayam emas, ishga chin dildan, ixlos bilan yondashishda. Gruziya, Eron, ba`zan hind kinolarini ko'rganda hamma gap pulga borib taqalishiga oid mulohazalarga qo'shilish qiyin. 2017 yil 3 avgustda Prezidentimiz O'zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda «Bizning nafaqat tariximiz, balki bugungi va ertangi hayotimiz uchun g'oyat muhim ahamiyatga ega bo'lgan bu vazifani amalga oshirish uchun biz katta miqdordagi mablag'larni, kerak bo'lsa, erkin muomaladagi valyuta mablag'larini ham topib berishga, kinochilarimizni chet davlatlarga ijodiy safarlarga yuborishga ham tayyormiz. Xudoga shukur, bugungi iqtisodiy ahvolimiz bunga imkon beradi», deya ta`kidlagani yuksak e`tibordir.
O'zbekona andisha, istihola, odob-axloqning ildizi shu qadar ­mustahkamki, u asrlar davomida shakl­lanib, bugungi kungacha ham saqlanib kelmoqda. Shuning uchun bo'lsa kerak, xalqimizga xos xislatlar kino yoxud boshqa seriallarda aks etsa, bunday asar odamlar qalbidan chuqur joy oladi. Bunga misol qilib «Voiz», «Sog'inch sohili», «Erkak», «Novda», «Kichkina tabib», «Vatan», «Osmondagi bolalar», «Chavandoz» kabi ko'p­lab badiiy filmlarni keltirish mumkin. Ushbu kinolarda biz o'zligimizni ko'ramiz, yon-atrofimizdagi kishilarning fe`l-atvori yoxud aynan shunga o'xshash voqea­lar mahallamiz yoki qishlog'imizda ro'y berganini ta`kidlaymiz. Negaki, ularda hayot nafasi ufurib turadi, shu bois bunday asarlarni tomosha qilganda, albatta, ma`naviy zavq olamiz. Yurish-turishimiz, gap-so'zimizdagi ayrim noqisliklarni tuzatishga kirishamiz. Bir so'z bilan aytganda, ommaga havola etiladigan har qanday namoyishda ibrat mujassam ekan, u beiz ketmaydi.
Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoev bir yilda kino sohasi vakillari bilan uch marta uchrashdi. Jumladan, 2017 yil 29 dekabr kuni milliy kino san`ati va kinoindustriyani rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag'ishlangan yig'ilishda davlatimiz rahbari: «Ma`naviy yo'nalish­larimiz iqtisodiy yo'nalishlardan o'n qadam oldinda yurishi kerak. Ana shunda biz hozirda qilayotgan katta-katta rejalarimiz, dasturlarimiz amalga oshadi. Yoshlarimizni tarbiya qilish nuqtai nazaridan eng katta narsa — odamlarimiz bir paytlari «O'tgan kunlar» yordamida g'urur, iftixor, ma`naviy ozuqa olgan. Bugungi «O'tgan kunlar», bugungi qahramonlar qani, degan masala meni juda qiynaydi», degan edi.
Darhaqiqat, keyingi paytlarda g'oya nuqtai nazaridan dunyoqarashimizga zid, milliy qarashlarimizga ko'pam to'g'ri kelmaydigan kinolar paydo bo'ldi. Ularning aksariyati soxta, hayotdan uzoq, kishining g'ashiga tegadigan darajada bachkana.
Bir-bir yarim soatlik ba`zi kinolarni o'n daqiqa ko'rib bo'lmaydi, afsus. Masalan, «Farhod va Shirin» kinosini ko'rib, qanday xulosa chiqarish mumkin?
Bu kabi savollar nafaqat bizni, ko'plab mushtariylarimizni ham tashvishga solayapti. Mana, qo'limizda Surxondaryo viloyati, Uzun tumanilik Rasul Tilovovning xati. Unda ayni shu kino xususidagi mulohazalar bor.
«Bolaligimizda ota-onam biz, farzandlarni «Otalar so'zi — aqlning ko'zi» ko'rsatuvini qoldirmasdan ko'rishimizga alohida e`tibor qaratishardi, — deb yozadi muallif. — Endi o'zim ota bo'lib, oila boshlig'i sifatida anglayapmanki, ota-onamning bunday yo'l tutishlari o'ziga xos tarbiya usuli ekan. O'z oilasiga vafodor bo'lish, yaqinlarini qadrlash, mehr-oqibat, xayr-u saxovat kabi o'lmas ­qadriyatlarimizning o'ziga xos tarzda ekranda namoyish etilishidan ta`sirlanardik. Bugungi kunda ham ibratli kinolar suratga olinayapti. Ammo yaqinda «Farhod va Shirin» deb nomlangan kinoni berib qolishdi. Unda topish-tutishi yaxshi bo'lgan bir yigit guldek qizni tashlab bosh­­qa qizga ko'ngil beradi…
Uning holatini ko'rgan beshinchi sinfda o'qiydigan qizim «Dada, endi bu yigitning ikkita xotini bo'ladimi?», deb so'rab qoldi. Ochig'i, qizimning savoliga javob berolmadim. Aytmoqchimanki, aksariyat lavhalarning mavzusi bir xil. Ya`ni, qaynana-kelin, quda-anda mojarosi yoki oiladagi xiyonat «targ'ib» qilinadi. Axir, hayotda unday emas-ku! Biz tomonlarda bunday voqealar deyarli uchramaydi. Shuning uchun bu kabi lavhalarni tushunish qiyin. Axir, tomoshabinni jalb qilish umidida xorij seriallariga taqlidan, zo'rma-zo'raki ishlanayotgan ayrim kinolar farzand­larimiz tarbiyasiga salbiy ta`sir ko'rsatishi mumkinligini unutmaylik…»
Bu mulohazalarda jon bor. Hech e`tibor berganmisiz, xalqimizga xos xislatlar haqida gap ketganda, mehr, oqibat, saxovat, muruvvat, andisha, odob, axloq kabi fazilatlar, albatta, tilga olinadi. Bunday betakror, faqat millatimizga xos bo'lgan ma`naviyatimiz sarchashmalarini har qancha ko'z-ko'z etsak arziydi.
Davlatimiz rahbari tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan kinolarimiz, shoh asarlarimiz bor, xo'sh, o'shalarni ham bir paytlar bizga o'xshagan odamlar yaratgan-ku, deya ta`kidlagani bejiz emas. Binobarin, Shuhrat Abbosov, Latif Fayziev, Melis Abzalov, Sobir Nazarmuhammedov, Zulfiqor Musoqov, Ayub Shahobiddinov, Yolqin To'ychiev kabi rejissyorlarimizning ajoyib, faxrlansa arzigulik kinolari bor. Yoshlar orasida ham iste`dodli rejissyorlar yarq etib ko'zga tashlanmoqda. Ularni qo'llab-quvvatlash zarur deb o'ylaymiz.
— O'zbekistonlik ikki talaba — Botir Abdurahmonov hamda Abduazim Ilhomovning «Ona» deb nomlangan filmini bir yil oldin badiiy kengashda ilk bor tomosha qilgan edim, — deydi taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov. — O'sha davrda bu film «O'zbekkino» buyurtmasi bo'yi­­cha 9 may kuniga bag'ishlab suratga olingan edi. Yutuqlarini e`tirof etib, ba`zi e`tiroz­larimizni ayt­gan edik. Bunday haqqoniy, ko'zbo'yamachiliksiz yutuqlar har kuni ham sodir bo'lmaydi. Afsuski, bironta joyda bu voqea haqida o'qimadim. Holbuki, bu film Venesiyadagi «Ca’ Foscari Short Film Festival» kinofestivalida eng yaxshi deb topilibdi. Lekin ular festivalga borishga pul topolmadi. Hayronman, har kuni ommaviy axborot vositalari orqali yoshlarga yordam beramiz, deb gapirishadi. Yoki bu yordam faqat har kuni me`yorsiz piar qilinayotgan, aniq saralangan bitta-ikkita yoshlarga beriladimi?..

Milliy kinolarimizda oramizdagi odamlar, xususan, o'z ezguligi, xulqi, saxovati bilan namuna bo'layotgan, qish­log'idan bitta nojoiz gap chiqsa, halovatini yo'qotadigan, tun-u kun yoshlar tarbiyasi yo'lida jonbozlik ko'rsatayogan yurtdoshlarimiz, har bir gapi hikmatga teng kayvoni onaxonlarimiz-u nuroniy otaxonlarimiz hayoti ibrat qilib ko'rsatilsa, shu orqali tarbiya­mizga, ong-u shuurimizga yot jihatlarga o'rin bermaslik har birimizning har kunlik yumushlarimiz qatoridan joy egallasa, ayni muddao bo'lar edi. Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, agar biz ajdodlarimiz xotirasini ulug'lamoqchi, shu asosda o'zbek nomini, O'zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni, birinchi navbatda, kino san`ati orqali amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san`ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo'l bilan dunyo ahlining diqqat-e`tiborini qozonishimiz mumkin.

Maqsud JONIXONOV

Boshqa xabarlar