Ijtimoiy hayotda faollik oliy ta`limning asosiy vazifasi bo'lishi kerak

130

Prezidentimizning 2018 yil 19-20 yanvar kunlari viloyatimizga tashrifidan so'ng Surxondaryoda bir emas, olti oliy o'quv yurtining paydo bo'lishi vohamiz ahli tomonidan hech kutilmagan yangilik, sovg'a sifatida qabul qilindi. Bugungi kunda viloyatda TerDU, TerDUning Denov filiali, Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali, Toshkent Tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiallari faoliyat ko'rsatmoqda. Bundan tashqari, sirtqi bo'limlarning tashkil etilishi, ayniqsa, oila qurgan yoshlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.

Prezidentimizning 2018 yil 5 iyundagi «Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini o'qib, biz pedagoglar quvonchiga yana quvonch qo'shildi.
Avvalo, qarorda oliy ta`lim muassasalaridagi ta`lim sifatini yaxshilash uchun ko'riladigan chora-tadbirlarni belgilashdan oldin, bu jarayonga to'siq bo'layotgan omillar birma-bir sanab o'tildi. Haqiqatdan ham, kasallikning sababini bilmasdan turib, uni davolash mumkin emas. Ana shu to'siqlardan biri oliy ta`lim dargohlariga kirish imtihon testlari abiturientlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganidir. Bu holat ko'pgina iqtidorli talabgorlarning noroziligiga sabab bo'lib kelayotgani hech kimga sir emas. Misol uchun aytadigan bo'lsak, filologiya, jurnalistika yo'nalishiga kirmoqchi bo'lgan abiturient yaxshi she`r, hikoya yoza oladi, husnixati, imlo savodi joyida, lekin test savollarida uchrab turadigan murakkabliklar, g'alizliklar tufayli past ball olib qolish ehtimoli yuqori. Bu holatda haqiqiy iste`dod egasi o'qishga kirolmaydi yoki nari borsa, shartnoma asosida qabul qilinishi mumkin. Davlatimiz rahbarining qarorida tegishli mutasaddi idoralarga oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg'or xorijiy tajriba asosida qayta ko'rib chiqish va ularni takomillashtirish vazifasi qo'yilgani bu borada adolatli tanlovga xizmat qiladi, deb o'ylayman.
Mazkur hujjatda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mazmun-mohiyatini OAV orqali xalqimizga tushuntirishda oliygohlarning faol ishtirok etmayotgani ko'rsatib o'tildi. Darhaqiqat, oliy ta`lim muassasalarida mehnat qilayotgan olimlar nega bugungi islohotlarni tahlil qilib, odamlarga tushuntirishga oshiqmaydi? Bu ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda faol emasligi, jarayondan uzilib qolgani, ta`bir joiz bo'lsa, ilm-fan va hayotning bir-biridan uzoqlashib ketganini anglatmaydimi? Mamlakat rivojini ta`minlashda barcha sohalarni qamrab olgan holda ilmiy tahlilga asoslangan xulosa va tavsiyalar berish olimlarning vazifasiga kirmaydimi?
Masalan, qishloq xo'jalik mahsulotlarini yetishtirishda har yili «sel keldi, qurg'oqchilik bo'ldi, kasallik tegdi», degan bir sabab topiladi. Nima uchun har qanday ob-havo sharoitida ham qishloq xo'jalik mahsulotlarini yetishtirishning o'ziga xos usullari yo'q? Iqlim qandayligidan qat`i nazar, kerak bo'lsa, ob-havo haqidagi o'zgarishlarni ham oldindan prognoz qilib, dehqonlarni ogohlantirish, oldindan shunga qarshi choralar ko'rishga o'rgatish kabi ishlar boshida ilm ahllari turishi kerak emasmi?! Mamlakat hayotini, odamlarning turmushini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ko'r-ko'rona maqtaydiganlar emas, uni asoslab, kelajagini ko'rsatib bera oladigan olimlar, institutlar kerak.
Nazarimda, Prezidentimizning ushbu qarorida belgilangan muhim vazifalar ana shu savollarga javob topishda muhim omil bo'ladi. Shuning­dek, qaror bilan oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari, suhbat asosida test sinovlarisiz o'qishga qabul qilishga ruxsat berilishi ham katta ahamiyatga ega. Muhimi, bunda chet mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari mustahkamlanadi, O'zbekiston oliy ta`lim muassasalarining nufuzi oshadi. Bu yerda O'zbekiston va xorijiy oliy ta`lim muassasalarining o'zaro kelishuvi va qo'shma ta`lim dasturlari asosida talabalarni o'qitish hamda ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyotining joriy etilishi ham nazarda tutilgani e`tiborga molik.
Ilg'or xorijiy tajribada abiturient bir fandan yuqori ball, ikkinchisidan past ball olib, birinchi yili o'qishga kira olmasa va agar u istasa, keyingi tanlovlarda yuqori ball olgan fandan imtihondan ozod etiladi hamda o'sha o'tgan safar olgan yuqori bali hisobga olinadi. Bu tajribadan mazkur qarorda ham ilg'or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subjest hokazo) sertifikatiga ega bo'lgan abiturientlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod etish tartibini joriy etish uslubidan foydalanish ko'zda tutilgan. Bu esa o'qishga iqtidorli bolalarni jalb etish imkoniyatini kuchaytiradi.
Bir so'z bilan aytganda, mazkur qaror oliy ta`lim tizimidagi ko'plab muammolarga yechim bo'lishi shubhasiz. Qolaversa, bu ertaga safimizga qo'shiladigan yosh kadrlarining har tomonlama jahon talablariga javob bera oladigan, bozor iqtisodiyotida mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam joy olishiga xizmat qiladigan fidoyi xodimlar bo'lib kamol topishini ta`minlaydi.

Shohida ORIPOVA,
senator

Boshqa xabarlar